Toshkentda gapirgan Eron rasmiysi "dushmanlar"ni qattiq ogohlantirdi, Mirziyoyev paradga bormoqda va Rossiya-Tojikiston kimga qarshi kurashmoqchi? – dayjest

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Kunning eng muhim va dolzarb xabarlarini dayjestimizda o‘qing.

Eron parlamenti spikerining birinchi o‘rinbosari Hamid Reza Hoji-Boboy 8 aprel kuni Toshkentda o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley sammitida chiqish qilgan.

Hoji-Boboy o‘z nutqidan Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralash, Eronning dushmanlari ogohlantirish yo‘lida foydalangan.

Eronlik mulozim Isroilni G‘azoda "aql bovar qilmas genotsid"ga qo‘l urishda ayblagan, Tel-Aviv harakatlarini "insoniyat tarixidagi eng yirik dog‘" deya atagan.

U, shuningdek, Isroil-Falastin mojarosini hal etish yo‘lida taklif etilgan ikki davlatchilik yechimini rad etgan.

Hoji-Boboy bunday yechim "terrorchi rejimni legitimlashtirish"ga teng ekanini da’vo qilib, buning o‘rniga poytaxti Quddus bo‘ladigan mustaqil davlat tashkil etish uchun "barcha falastinliklar uchun referendum" o‘tkazishni talab etgan.

Bundan tashqari Eron rasmiysi Donald Tramp 30 mart kuni Eronni bombardimon qilish bilan tahdid etganini esga olib, AQSh prezidentini xalqaro huquqni poymol etishda ayblagan va milliy parlamentlarni "sukunatni buzish"ga chaqirgan.

"Islomiy Respublika mintaqaviy tinchlikni ta’minlash ahdida qat’iy… ammo biz har qanday avantyurizm jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantiramiz", ta’kidlagan Hoji-Boboy.

Mart oyi oxirida prezident Tramp agar rasmiy Tehron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha murosa qilmasa, Eronni bombalash bilan tahdid etgandi.

Hoji-Boboy Toshkentda nafaqat Eron dushmanlarini ogohlantiruvchi nutq irod qilgan, balki AQSh bilan sovuq munosabatlardagi yana bir davlat – Venesuela Milliy Assambleyasi ikkinchi vitse-prezidenti bilan uchrashgan ham.

Eron matbuoti Toshkentda o‘tgan uchrashuvni batafsil yoritgan – undan Hoji-Boboy rasmiy Tehronni aksil-g‘arb harakatidagi muhim yetakchi o‘laroq tasvirlagani ko‘rinadi.

"Bizning umumiy sharafimiz Amerika tomonidan sanksiyaga uchramoqda", deya Hoji-Boboydan iqtibos keltirgan ISNA nashri.

Mirziyoyev paradga boradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Moskvada Ikki jahon urushidagi g‘alaba munosabati bilan o‘tkaziladigan paradda ishtirok etish uchun Rossiyaga boradi.

Nufuzli Gazeta.uz prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bu ma’lumotni nashrga tasdiqlagani haqida yozmoqda.

"Bu masala O‘zbekiston yetakchisining Rossiya Federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matvienko bilan uchrashuvida ko‘rib chiqilgan", deya Asadovdan iqtibos keltirgan Gazeta.uz.

Rossiya matbuoti Matvienkoning O‘zbekiston rahbarining paraddagi ishtirokiga oid video-javobini tarqatgan.

"Shavkat Miromonovichga Moskvadagi G‘alaba Paradida qatnashasizmi, deb savol berdim. U albatta, o‘sha kuni hamma bilan Moskvada bo‘laman, deb javob berdi", deydi rossiyalik mulozim ushbu videoda.

Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning yubiley sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Matvienko bilan 7 aprel kuni ko‘rishgan edi.

Prezident matbuot xizmati ushbu uchrashuvda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilganini ma’lum qilgan.

Joriy yilda Rossiya sovetlarning Natsist Germaniya ustidan qozongan g‘alabasining 80 yilligini nishonlamoqda.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqtga qadar, kamida, 12 nafar davlat rahbarining ishtiroki tasdiqlangan.

Ular orasida Xitoy rahbari Si Jingping, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi hamda Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari bor.

Aksil-terror o‘quv

Rossiya va Tojikiston Xatlon viloyatida qo‘shma aksil-terror o‘quv mashg‘ulotlari boshladi.

Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.

"Mashg‘ulotlar davomida ikki davlat harbiy kontingentlari terrorchi qurolli guruhlarni yakson qilish bo‘yicha Qurolli Kuchlarni qo‘llashni tashkil etish, shuningdek, tog‘li sharoitda topshiriqlarni bajarishga tayyorgarlik ko‘rishni mashq qilishadi. Mashg‘ulotning asosiy bosqichi noqonuniy qurolli tuzilmalarni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma amaliyotni olib borish va davlat chegarasini qo‘riqlash hamda chegarani buzib o‘tgan qurolli guruhlarni yo‘q qilish jarayonida bo‘linmalarni boshqarishdan iborat bo‘ladi", ma’lum qilgan Rossiya tomoni.

O‘quv mashg‘ulotlari 11 aprelga qadar davom etishi aytilmoqda.