O‘zbekiston va Tojikiston endi ittifoqchi, xalqaro tashkilotlar prezidentni haqoratlashda ayblangan "psixushka"dagi blogerni ozod etishga chaqirdi va o‘zbekistonliklar "baxtli millatlar" qatoridan o‘rin oldi – dayjest
Kunning eng dolzarb xabarlari bilan dayjestimizda tanishing.

Surat manbasi, President's press service
31 mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston rasman ittifoqchi davlatlarga aylangan.
Shu kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzolagan va ratifikatsiya yorliqlarini almashgan.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ushbu shartnomani o‘tgan yili 18 aprel kuni Dushanbeda o‘tgan ikki tomonlama sammitda imzolangan edi.
31 mart kuni Mirziyoyev O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etish uchun Xo‘jandga borgan.
Aeroportda uni shaxsan Rahmonning o‘zi kutib olgan.
Qo‘shnilar munosabatini yangi bosqichga olib chiqqan oliy darajadagi uchrashuvda uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma ham imzolangan.
Shuningdek, davlat rahbarlari uch mamlakat chegaralari tutashgan yerda Do‘stlik stellasini tantanali ravishda ochib bergan.
"Ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yangi ramzi bo‘ladi", ma’lum qilgan O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
"Blogerni ozod qiling"

Surat manbasi, Facebook/Valijon Kalonov
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi va Human Rights Watch tashkilotlari 2021 yildan beri psixiatriya shifoxonasida saqlab kelinayotgan bloger Valijon Kalonovni zudlikda ozod etishga chaqirgan.
Tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekiston hukumati blogerga tovon to‘lashi ham kerakligini ta’kidlagan.
28 fevral kuni BMT ekspertlari rasmiy Toshkentga nisbatan o‘xshash chaqiriq bilan chiqqan edi.
"Valijon Kalonovning psixiatriya shifoxonasida majburan ushlab turilishi uning hukumat siyosatini tanqid qilgani uchun o‘ch olinishdan boshqa narsa emas. Kalonov zo‘ravonlikka chaqirmagan, zo‘ravonlik bilan tahdid qilmagan yoki kimgadir xavf solmagan", degan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi direktori Umida Niyozova e’lon qilgan qo‘shma bayonotda.
1969 yilda dunyoga kelgan jizzaxlik bloger ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston hukumatiga nisbatan tanqidiy chiqishlari, shuningdek, Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan siyosatiga qarshi postlari bilan tanilgan edi.
Shunday chiqishlari ortidan 2021 yil aprel oyida Kalonovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘shanda, Jizzax viloyati prokuraturasi bloger "O‘zbekiston prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, davlat rahbarining obro‘siga putur yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatib kelgani"ni bildirgandi.
Keyinroq – 2022 yil fevralida inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov jizzaxlik bloger Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangani hamda sud tibbiyot ekspertizasi tomonidan aqliy nosog‘lom deb topilib, Samarqand shahridagi 1-sonli psixatriya shifoxonasiga majburiy davolash uchun yuborilganini xabar qilgan.
JKning 158-moddasi 3-qismida "O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish" haqida so‘z boradi.
31 mart kuni qo‘shma bayonot e’lon qilgan xalqaro tashkilotlarining ta’kidlashicha, bu O‘zbekiston hukumatining tanqidchi faollarga nisbatan majburiy ruhiy davolanish jazosini ilk bor qo‘llashi emas.
"O‘zbekiston hukumati tanqidchilarning og‘zini yopish va obro‘sizlantirish maqsadida asossiz ruhiy ekspertizalar hamda majburiy psixiatriya muolajalarini qo‘llashi ilk bor kuzatilmayapti. Kalonovning hibsga olinishi ham shu kabi holatlar izchil takrorlanayotganidan dalolat bo‘lib, avvalgi vaziyatlarda ham faollar davlat buyurtmasi bilan o‘tkazilgan sud-psixiatriya ekspertizasi asosida noto‘g‘ri ravishda ruhiy kasallik tashxisi bilan siquvga olingan", deyiladi bayonotda.
"Markaziy Osiyoda sil ko‘rsatkichi ortmoqda"

Surat manbasi, U.S. Embassy in Uzbekistan
Markaziy Osiyo va Kavkaz sil kasalligidan eng ko‘p aziyat chekayotgan hududlar sifatida e’lon qilindi – u yerda silga chalinish ko‘rsatkichlari tobora oshib bormoqda, deya xabar beradi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST).
JSST 24 mart kuni e’lon qilgan Yevropa va Markaziy Osiyoda sil kasalligi bilan bog‘liq holatga oid hisobotda sobiq Sovet davlatlaridan Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston va Qozog‘iston tekshiruvda ishtirok etgan barcha davlatlar orasida "sil kasalligi" eng ko‘p qayd etilgan o‘lkalar sifatida ko‘rsatilgan.
Hisobotda silning tarqalganlik darajasi (yoki umumiy aholi soniga nisbatan hisoblanganda sil kasalligi ko‘rsatkichi) eng yuqori bo‘lgan davlat Qirg‘iziston ekani aytiladi: bu yerda har 100 ming aholiga 112 ta kasallik holati to‘g‘ri keladi.
Ozarbayjon, Tojikiston va Qozog‘istonda ham nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar aniqlangan.
Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar hisobotda – sil kasalligi tarqalishi darajasini hisobga olganda – "ustuvor ahamiyatga ega davlatlar" deya qayd etilgan bo‘lib, mintaqada sil kasalligi ko‘rsatkichi har 100 ming aholiga 46 yoki undan yuqoriroqni tashkil etgani aytilmoqda.
JSST mazkur hisobotni tuzishda 2023 yilgi ma’lumotlarga asoslangan.
Kavkazdagi uch davlat – Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya ham JSST hisobotida "ustuvor davlatlar" ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq Armanistonda sil kasalligi darajasi (har 100 ming aholiga 25 ta holat) belgilangan mezondan pastroq ekani qayd etilgan.
"O‘zbekistonliklar – baxtli millat"

Surat manbasi, BBC Uzbek
Avtoritar siyosiy tuzumga ega bo‘lishiga qaramay, Qozog‘iston va O‘zbekiston Yevroosiyodagi eng baxtli aholi soniga ega davlatlar deb topildi.
Bu haqda "Dunyo baxt hisoboti 2025" (World Happiness Report 2025)da so‘z boradi.
Hisobotda global miqyosda 147 davlat fuqarolarining kayfiyati "g‘amxo‘rlik va e’tibor" mezonlari nuqtai nazaridan baholangan.
Tadqiqot doirasida "g‘amxo‘rlik" (birovga yaxshilik, xayriya qilish kabi ko‘rsatkichlar), oila munosabatlari, ijtimoiy hamjihatlik hamda sub’ektiv farovonlik kabi omillarni o‘rganish asosida baxtli millatlar reytingi tuzilgan.
Qozog‘iston va O‘zbekiston ushbu so‘rovga kiritilgan Yevroosiyo davlatlari orasida eng yuqori natijalarga erishib, 147 davlat orasida mos ravishda 43 va 53-o‘rinlarni band etgan.
Garchi ko‘ngilli faoliyat (volontyorlik) bo‘yicha reytingda ancha past o‘rinlarni egallagan bo‘lsada, har ikki mamlakat ham xayr-ehson va odamgarchilik bobida nisbatan yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan.
Finlyandiya, Daniya va Islandiya hisobotda dunyoning eng baxtli millatlari sifatida o‘rin olgan.





























