Qozog‘istonda Rossiya arog‘i qadri baland, BAAda o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklar holi nima bo‘ladi? O‘zbekiston tashqi qarzi misli ko‘rilmagan tarzda oshdi

Astana

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiya arog‘ini eng ko‘p Qozog‘iston sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston TIV BAAda o‘limga hukm qilingan O‘zbekiston fuqarolari borasida munosabat bildirdi. O‘zbekistonning tashqi qarzi misli ko‘rilmagan ravishda oshdi.

Qozog‘iston hali ham Rossiya arog‘iga ishtiyoqmand

Rossiya arog‘i eksport jihatidan tanazzulga yuz tutgan bo‘lsa-da, rossiyaliklar hozir har qachongidan ham ko‘proq aroq ichmoqdalar. Eurasianet.org nashrining yozishicha, Qozog‘iston Rossiyada ishlab chiqarilgan aroqning yagona yirik bozori bo‘lib qolmoqda.

Bunday holatga iqtisodiy sanksiyalar katta ta’sir ko‘rsatgan. RIA Novosti agentligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya arog‘i eksportidan tushgan daromad 34,6 million dollarni tashkil etgan. Bu raqam 2021 yildagi 168,3 million dollarlik daromadga nisbatan keskin oz. Bu kamayishning asosiy sababi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan keng qamrovli savdo cheklovlaridir.

2024 yilda Rossiya arog‘i eksportining 92 foizidan ortig‘i Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgan – bu 32 million dollarga teng. Ikkinchi o‘rinda Xitoy 1,5 million dollarlik import bilan joy olgan. Turkiya, Janubiy Koreya va Latviya esa beshtalikni to‘ldirmoqda.

2023 yilda Interfax agentligi Rossiyalik ichimlik sanoati rahbarlaridan iqtibos keltirgan edi. Rasmiylar Rossiya AQSh va Yevropadagi bozorlar yo‘qotilishi oqibatini "do‘stona mamlakatlar" – Xitoy, Turkiya, Hindiston va Vьetnamga eksportni oshirish orqali qoplab, yiliga 180 million dollar yoki undan ham ko‘proq eksportga erishish mumkinligi aytgandi.

Rossiyada aroqqa talab katta

Eksport kamayganiga qaramay, Rossiyalik spirtli ichimlik ishlab chiqaruvchilari ko‘p qayg‘urmayaptilar. Chunki mamlakat ichida aroqga bo‘lgan talab keskin oshib ketgan. The Moscow Times ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi 10 oyida rossiyaliklar rekord miqdorda vodka iste’mol qilganlar – 625 million litr. Bu har bir erkak, ayol va bola uchun o‘rtacha to‘rt litrdan ziyod deganidir.

BAAda o‘limga hukm qilingan o‘zbekistonliklar borasida TIV nima demoqda?

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi BAAda 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘lim jazosiga hukm qilingani borasidagi yangilikni Kun.uz'ga tasdiqlagan. Vazirlik bu hali yakuniy qaror emasligini aytish bilan cheklangan.

"Bu hali yakuniy hukm emas. BAAda o‘lim jazosi hukmi ustidan avtomatik ravishda apellyatsiya qilinadi va Federal Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha kollegiyasiga yuboriladi", degan TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov.

Kun.uz ning ta’kidlashicha, TIV rasmiysi fuqarolariga o‘lim hukmi chiqarilgani yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasini ochiqlamagan.

Abu-Dabi Federal apellyatsiya sudi Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Svi Koganni "terrorchilik niyatida qasddan o‘ldirishda aybdor", deb topilgan O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi o‘lim jazosiga hukm qilgani xabar qilingandi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Hukm 30 mart kuni Abu-Dabi Federal apellyatsiya sudi Davlat xavfsizlik palatasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan.

O‘zbekiston hukumati respublikaning xalqaro majburiyatlari, milliy qonunchiligi va konsullik vakolatlariga asoslanib, chet elda sud qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolariga bir qator amaliy yordam ko‘rsatishi mumkin.

Agar O‘zbekiston fuqarosining huquqlari buzilgan bo‘lsa, hukumat xalqaro tashkilotlar yoki ikki tomonlama kelishuvlar asosida uni himoya qilish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Agar sud jarayonida adolatsizlik kuzatilsa, diplomatik arboblar orqali chet el hukumati bilan muzokaralar o‘tkazilishi mumkin.

Uch fuqaroning o‘lim hukmiga sabab bo‘lgan sud jarayonini O‘zbekistonning BAAdagi elchixona yoki konsullik xodimlari qanchalik yaqindan kuzatgani noma’lum.

O‘zbekistonning tashqi qarzi 2024 yilda rekord darajada oshdi

dollar

Surat manbasi, gazeta.uz

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2024 yil yakuniga ko‘ra 64,1 milliard dollarni yoki YaIMning 55,7 foizini tashkil qildi. Yil davomida qarz 10,8 mlrd dollarga oshdi, bu esa tarixdagi eng katta o‘sishdir, deb yozmoqda gazeta.uz.

Yil davomida umumiy tashqi qarz 10,8 mlrd dollarga oshgan. Bu statistika yuritila boshlangan 2013 yildan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi. So‘nggi marta mamlakatning tashqi qarzi yuqori sur’atlarda pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar) va 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) oshgandi.

2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga qarz mablag‘larini yetkazib beradigan xalqaro tashkilotlar orasida $5 milliard AQSh dollari bilan Osiyo taraqqiyot banki yetakchilik qilgan.

Yuqori uchlikka yana Jahon banki ($3,7 milliard dollari) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ($2 milliard AQSh dollari) kirgan.

Xitoyning Eksimbanki ($2 milliard AQSh dollari), Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqalar (($2 milliard AQSh dollari) bu uchovlondan keyingi o‘rinlarni egallashgan.

Islom taraqqiyot bankiniki esa, $1 milliard AQSh dollariga yetib-etmagan.