O‘zbekiston: Gazga boy mamlakatda nega suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti?

Rasmda sisternalar temir yo‘lda ketayotgani va bir qizil rangli "Propan" degan yozuvi bor suyultirilgan gaz balloni o‘ngda turgani tasvirlangan.

Surat manbasi, Hududgazta’minot/gazeta.uz

Surat tagso‘zi, Gaz resurslari hisobidan energetik mustaqillikka erishganiga qaramay, O‘zbekistonning eskirayotgan infratuzilmasi o‘sib borayotgan ichki talabni qondirishda qiynalmoqda., deya yozadi IEA.
Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Gaz resurslari hisobidan energetik mustaqillikka erishganiga qaramay, O‘zbekistonning eskirayotgan infratuzilmasi o‘sib borayotgan ichki talabni qondirishda qiynalmoqda. Yo‘qotishlar, ortiqcha iste’mol va moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar hamon dolzarb qolayotir.

Energetika sohasini takomillashtirish va diversifikatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hukumat energiya samaradorligini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan kengroq foydalanishni nazarda tutuvchi 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini qabul qilgan. O‘zbekiston energetika sohasida dalillarga tayangan siyosat yuritishni qo‘llab-quvvatlovchi EU4Energy dasturida ishtirok etadi.

O‘zbekistonning energiya balansida tabiiy gaz ustunlik qiladi. 2023-yilda mamlakat umumiy energiya ta’minotining 79 foizi gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, neft va neft mahsulotlari ulushi 11,4 foiz, gidroenergetika ulushi esa atigi 1,2 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonning ishlab chiqarish soxasida tabiiy gaz hal qiluvchi o‘rin tutadi. 2023-yilda birlamchi energiya ishlab chiqarishning 85,7 foizi tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan, neft ulushi 8,7 foizni, gidroenergetika esa 1,3 foizni tashkil etgan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham O‘zbekiston asosan tabiiy gazga tayanadi. 2023-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb to‘rtdan uch qismi - 75,9 foizi tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan, ko‘mir ulushi 11,1 foiz, gidroenergetika 9,3 foiz va neft mahsulotlari 2,8 foizni tashkil etgan.

Tabiiy gaz nafaqat energiya ishlab chiqarishida, balki iste’molda ham asosiy o‘rinni egallaydi. 2023-yilda O‘zbekiston energiya iste’molining 62,5 foizi tabiiy gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan, neft mahsulotlari ulushi 14,6 foiz, elektr energiyasi 13,7 foiz va issiqlik energiya 7,2 foizni tashkil etgan.

Bu ma’lumotlar Xalqaro energetika agentligi (International Energy Agency, IEA)ning O‘zbekiston bo‘yicha 2023-yilgi hisobotidan olingan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Gazeta.uz nashrining yozishicha, «Uzbekneftegaz» kompaniyasi boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston gaz eksport qilayotganini aytib, ma’lumotlarni ochiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bir yilda 13 milliard kub metr gaz eksport qilgan bo‘lsa, 2019-yil uchun 15 milliard kub metrdan ortiq gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

Gaz eksporti tarkibida Xitoyga yetkazib berish hajmi 8 milliard kub metrni, Rossiyaga - 4,5 milliard kub metrni, Qozog‘istonning janubiy hududlariga - 2,5 milliard kub metrni, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga esa 500-550 million kub metrni tashkil etadi.

Gaz qaerda qazib olinadi?

Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan "Qandim gazni qayta ishlash majmuasi"ning umumiy ko‘rinishi 2018-yil 19-aprel, O‘zbekistonning Buxoro viloyati.

Surat manbasi, Uzbekistani Presidency/Handout/Anadolu Agency/Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan "Qandim gazni qayta ishlash majmuasi"ning umumiy ko‘rinishi 2018-yil 19-aprel, O‘zbekiston, Buxoro viloyati.

O‘zbekistonda gaz qazib olish tarixi 1953-yilda Qizilqum cho‘lidagi Setalantepa konidan ilk gaz olinishi bilan boshlangan. 1962 yilda yirik Gazli koni ishga tushirilgach, Buxoro–Ural va O‘rta Osiyo–Markaz magistral gaz quvurlari barpo etildi. 1990-yillarning boshlarida mamlakat neft-gaz sanoatini boshqarish tizimi qayta tashkil etildi. 1992-yilda Prezident farmonlari bilan "O‘zbekneftgaz" davlat kontserni avval Milliy korporatsiyaga, keyinchalik Milliy xolding kompaniyasiga aylantirildi.

Keyingi yillarda sohaga yirik investitsiyalar jalb qilindi. 1997-yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi, 1999-yilda esa Xo‘jaobod yer osti gaz saqlash ombori foydalanishga topshirildi. 2001 yilda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qurildi. 2002-yilda "Gazprom" va "O‘zbekneftgaz" o‘rtasida gaz sohasida strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi, bu esa Shaxpaxta konidagi qoldiq zaxiralarni o‘zlashtirish loyihalariga yo‘l ochdi. Keyinchalik, 2014-yilda Shaxpaxta konini ishlatish bo‘yicha "Uzbekneftegaz", "Zarubejneftegaz", "Gazprom" va Shveytsariyaning "Gas Project Development Central Asia AG" kompaniyalari ishtirokidagi mahsulotni taqsimlash kelishuvi imzolandi.

Shu bilan birga, gazni qayta ishlash va kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar ham amalga oshirildi. 2014-yilda Muborak gazni qayta ishlash zavodi bazasida qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan gaz-kimyo majmuasi qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kelishuv imzolandi. Neft-gaz sanoatidagi bu loyihalar O‘zbekistonning gaz qazib olish, saqlash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirishda muhim.

Rasmiy malumotlarga ko‘ra, 2011-yilda "Navoiy" erkin industrial-iqtisodiy zonasida O‘zbekiston–Koreya qo‘shma korxonasi "KO-UNG CYLINDER" MChJ tashkil etildi. Korxona yiliga maksimal quvvatda 120 mingtagacha gaz balloni ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Neft-gaz sohasidagi yirik investitsiya loyihalaridan biri 2004-yilda O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi va "Uzbekneftegaz" Milliy xolding kompaniyasidan iborat investorlar konsortsiumi o‘rtasida imzolangan mahsulotni taqsimlash kelishuvi bo‘ldi. Unga ko‘ra, Qandim konlari guruhi, Xauzak, Shodi va Qo‘ng‘irot uchastkalarini o‘zlashtirish bo‘yicha 35 yil muddatga mo‘ljallangan loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu ma’lumotlar «Uzbekneftegaz» rasmiy veb-saytidan olingan.

Nega gaz kamaymoqda, narxlar esa oshib bormoqda?

"Uzbekneftegaz"ga tegishli gaz tashuvchi avtotanker. 2005-yil, Toshkent viloyati tog‘li hududi.

Surat manbasi, DENIS SINYAKOV/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, "Uzbekneftegaz"ga tegishli gaz tashuvchi avtotanker. 2005-yil, Toshkent viloyati tog‘li hududi.

2024-yil mart oyida gazeta.uz aholining qariyb 47 foizi suyultirilgan gaz oladi deya xabar bergan edi. Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun xususiy sektorni jalb etish rejalashtirilayotgani, Prezident bu masalani o‘rganib, takliflar kiritishni topshirgani haqida yozgan.

Yaqinda ushbu nashriyot yana suyultirilgan gaz masalasiga e’tibor qaratdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida mamlakatda 15,8 milliard kub metr gaz qazib olingan, bu o‘z o‘rinda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 milliard kub metrga kam.

Gaz qazib olishdagi pasayish uzoq yillik tendentsiyaga aylanmoqda. Taqqoslash uchun, 2019-yilning dastlabki besh oyida 25,9 milliard kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu joriy yil ko‘rsatkichidan 10,1 milliard kub metrga yoki 64 foizga ko‘p.

Gaz bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlar ham pasaymoqda. Yanvar-may oylarida gaz kondensati qazib olish 18,8 foizga qisqarib, 391,7 ming tonnani tashkil etdi. May oyida esa qazib olish hajmi 72,4 ming tonna bo‘lib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 16,7 foiz kam bo‘lgan.

Bu haqda gazeta.uz nashriyoti yozdi.

Gaz ishlab chiqarish hajmlarining qisqarishi va ta’minotdagi muammolar manzarasida energiya resurslari narxlari ham o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining 2026-yil 5-iyul kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, iyun oyida narxlar o‘sishiga asosan uy-joy kommunal xizmatlari, elektr energiyasi, gaz, boshqa yoqilg‘i turlari va transport xarajatlarining qimmatlashi ta’sir qilgan. Bu yo‘nalishlar inflyatsiya o‘sishiga eng katta hissani qo‘shgan.

Suyultirilgan gazni kutib, tappi yoqayotgan qishloq

Rasmda Aziza Qadam, chapda, Nizomiddin Norqulov, o‘ngda, orqa fonda Gaz ballonlari tashiydigan yuk mashinasi, dalalarda sigirlar o‘tlab yurishibdi, va tappi yonayotgan o‘choq.
Surat tagso‘zi, "Doimiy ravishda suyultirilgan gaz kechikib keladi. Ba’zan ikki oydan oshib, 70-75 kungacha kechikib keladi", Nizomiddin Norqulov, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani "Nurli hayot" mahallasi yashovchisi.

Bu raqamlar amalda qanday ko‘rinishga ega? Suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammodan shikoyat qilib, Bi-bi-siga murojaat qilganlardan biri - Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani "Nurli hayot" mahallasi yashovchisi Nizomiddin Norqulov. Uning aytishicha, qishlog‘iga yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar sabab oilasi kundalik ehtiyojlarini muqobil yoqilg‘i turlari yordamida qondirishga majbur.

Nizomiddin Norqulov bilan Aziza Qadam suhbatlashdi.

Nizomiddin Norqulov: Oqma gaz bilan ta’minlanmaganmiz, shuning uchun suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanib kelmoqdamiz. Doimiy ravishda suyultirilgan gaz kechikib keladi. Ba’zan ikki oydan oshib, 70-75 kungacha kechikib keladi.

Aziza Qadam: Suyultirilgan gaz sizga qanday yetkazib beriladi?

Nizomiddin Norqulov: Gaz ballonlarda yetkazib beriladi. O‘zlari olib kelib uyma-uy tarqatib chiqadi. Lekin o‘shani vaqtida olib kelmaydi, kechiktirib olib keladi. Yaxshi to‘ldirmay olib keladi. Tez tugaydi. Bu ham yetmagandek, endi yaqinda bir qaror chiqibdi ki, endi har bir xonadonga gazni egasi selfi qilsa olarkan, bo‘lmasa olmas ekan.

Men rasmga tushmayman desam, unda gaz bermayman dedi. Qayerdan chiqdi bu qonun, bu qanaqa gap desam, "bizga shunday buyurilgan" deb gaz ballonimni tashlab ketishdi. Har safar gaz balon beradigan vaqtda, rasmga tushirib olib ketar ekan. Telefon qilib vazirlikka chiqdim, "Bizda haqiqatdan ham shunaqa qoida joriy qilindi, endi bundan buyog‘iga gaz ballon topshirib ketar vaqtida, har bir gaz ballon egasini rasmga tushirib keyin gaz ballonini beramiz" deb aytgan edi.

Bemor bo‘lib qolgan holatda, yoki o‘qishga ketgan vaqtda, poytaxtga, uzoq joyga ishga ketgan payti uni o‘rniga kim rasmga tushadi yoki gazsiz qoladimi deganimda, "Unaqa holatda biz bermaymiz" deb aytdi. O‘shanisi aholiga juda qattiq noqulaylik tug‘diradi deb o‘ylayman.

BBC
Doimiy ravishda suyultirilgan gaz kechikib keladi. Ba’zida ikki oydan oshib, 70-75 kungacha kechikib keladi.
Nizomiddin Norqulov
Surxondaryo viloyati (Batafsil BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Aziza Qadam: Demak mahalliy aholi selfiga tushib keyin gazga ega bo‘lmoqda, shundaymi?

Nizomiddin Norqulov: Albatta, gazsiz shundoq ham qiynalgandan keyin, u o‘zi xohlamasa ham shunday qilishga majbur bo‘lyapti.

Aziza Qadam: Suyuq gaz ta’minotida FACE ID tizimini qo‘llash balki noqonuniy ta’minotni oldini olish uchun, gazni olib qayta sotishning oldini olish uchun qo‘llanayotgandir?

Nizomiddin Norqulov: Noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun qilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin pasportda ham rasm bor. Biometrik pasportlar hozir chiqqan. ID kartalarda ham.

Aziza Qadam: Siz aytdingizki, siz yashaydigan qishloqda, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi qishloqda, quvurlardan tabiiy gaz kelmagan, shunday emasmi?

Nizomiddin Norqulov: Tabiiy gaz yo‘q, hamma ayollar, qizlar, bunday, sigirlarni tappisidan yasab olib, qishda... hozirgi kunda boshlagan, ancha yig‘ib qolgan, o‘sha tappi yasab sovuq kunlarning g‘amini ko‘rib boshlagan.

Qishloq ko‘chalarining birida qurigan va yangi tayyorlangan tappilar, yerga taxlangan holda yotibdi, quyosh charaqlagan kun.

Surat manbasi, Nizomiddin Norqulov

Surat tagso‘zi, "Tabiiy gaz yo‘q, hamma ayollar, qizlar tappi yasab sovuq kunlarning g‘amini ko‘rib boshlagan", Nizomiddin Norqulov.

Aziza Qadam: Butun bir qishloq aholisi qildimi buni, yoki ma’lum bir kam ta’minlangan oilalar?

Nizomiddin Norqulov: Butun bir qishloq shunday qiladi, chunki bugungi kunda ko‘mir olish muammo. O‘tin topish qiyin shu kunlarda. Shuning uchun eng hamyonbop bo‘lib tushadigani shu sigirning tappisi bo‘lib kelmoqda. Qish tugagan kunlardanoq ular g‘amini yeb, tappilarni yasab boshlaganlar.

Aziza Qadam: Kundalik hayotda, ovqat qilasiz, insonda boshqa ehtiyojlar bo‘ladi. Bunday holatlarda qishloq aholisi nimalardan foydalanishadi?

Nizomiddin Norqulov: Tumanimizda paxta yetishritish kamayib ketganligi sababli, nafaqat qishda pechkani isitishda, balki, o‘choqlarda ovqat qilishdan tortib, tandirga non yopishgacha sigirning tappisidan foydalanib keladiganlar talaygina.

Aziza Qadam: Gaz yetkazib berayotgan xodimga nima uchun gaz ta’minoti kechikdi deb aytganmisiz?

Nizomiddin Norqulov: Men aytganman, ko‘plab aytganman. Prezident portaliga murojaat qilganman. Ular ko‘plab bahonalarni topadi. Prezidentga murojaat qilganda ham hech qanday o‘rganmasdan, ko‘rmasdan, so‘ramasdan, bitta xat bilan, bizning ishtirokimizsiz ham yopib tashlaydi. Bir necha marta murojaat qilganman, prezident portaliga. Ba’zan telefon qilib, buni to‘g‘rilashini aytadi. Ba’zan telefon qilmasdan, pochta orqali bir maktub bilan hal bo‘ldi degan javob. O‘rganmasdan turib, o‘rganib chiqdik, gaplashdik aholi bilan suhbatlashdik degan javob xatlari keladi. Lekin aslida hech qanaqa biz bilan bog‘lanmasdan, yolg‘on-yashiq qilib javob yozadi.

Rasmda o‘choqning tagida tappi yonayotgani ko‘ridani

Surat manbasi, Nizomiddin Norqulov

Surat tagso‘zi, "Nafaqat qishda pechkani isitishda, balki, o‘choqlarda ovqat qilishdan tortib, tandirga non yopishgacha sigirning tappisidan foydalanib keladiganlar talaygina", Nizomiddin Norqulov.

Aziza Qadam: Qanday tushuntirish beradi sizga, nima sababdan kechikdik deydi?

Nizomiddin Norqulov: Gaz tashiydigan mashinalarda Qashqadaryo viloyatidan olib keladi. "Gaz berishmadi, ma’lum muddatga kechikdik", unaqa bunaqa deb, o‘z pulimizga sotib olayotgan gazimizni, O‘zbekistondan chiqayotgan gazni, bepul berayotgani yo‘q o‘zi... Vaqtida yetkazib berishini xohlaymiz. Qachongacha bu tappidan foydalanish davom etadi? Sigiri yo‘qlar qanday qiyinchilikda yashayapti. O‘shalarni ham inobatga olish kerak. O‘zimizning mustaqillik davrimizda, o‘zimizning xalqimiz, o‘zimizda chiqayotgan gazni, puliga bo‘lsa-da, ta’minlab berishini istagan bo‘ladim. Xalq ham o‘shani umidlar bilan kutmoqda. Har bir fuqaro, O‘zbekistonning tabiiy boyliklaridan belgilangan miqdorda bo‘lsa-da foydalanish huquqiga ega deb hisoblayman. Men mutasaddilardan, davlat tashkilotlardan bizga kamchilik bo‘lib qolayotgan, orzu bo‘lib qolayotgan desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi, gaz, svet, ichimlik suvi, o‘shalarni vaqtida uzluksiz yetkazib berishlarini, ta’minlashlarini ham, tegishli tashkilotlardan - bir so‘z bilan aytganda qonun ustuvorligini, O‘zbekistonda adolat bo‘lishini, Amir Temur bobomiz davridagidek adolat bo‘lishini xohlardim.

BBC News Uzbek mazkur masala yuzasidan "Hududgaz Surxondaryo gaz ta’minoti" filialiga so‘rov yubordi. Javob olingach, maqolaga qo‘shimcha kiritiladi.

Marg‘ilon shahridagi ko‘chalardan birida yer ustidan o‘tkazilgan gaz quvuri.

Surat manbasi, Andia/Universal Images Group via Getty Images

Surat tagso‘zi, Marg‘ilon shahridagi ko‘chalardan birida yer ustidan o‘tkazilgan gaz quvuri. O‘zbekistonda millionlab aholi xonadonlari tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotiga tayanadi.

Mutaxassislar qayd etganidek, muammo faqat gaz ishlab chiqarish hajmlari bilan cheklanmaydi. Resurslarning taqsimlanishi, infratuzilma imkoniyatlari va ichki bozorni ta’minlash mexanizmlari ham juda muhim. Shu bois suyultirilgan gaz tanqisligi nafaqat qishda, balki yilning boshqa mavsumlarida ham kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda aholi suyultirilgan gaz ta’minotini haftalab kutishga majbur bo‘layotgani bu muammo hanuz tizimli yechimini topmaganini ko‘rsatadi. Natijada, gazga boy mamlakatda aholini suyultirilgan gaz bilan o‘z vaqtida va barqaror ta’minlash masalasi hal qilinmaganligicha qolmoqda.