Qur’onni yoqqan erkak 'Shvetsiyada otib o‘ldirildi'

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

38 yoshli Salvan Momikaning Qur’onni yoqqanlik bilan aloqadorlikda bugun, payshanba kuni hukm qilinishi kutilayotgandi.

Uning kim tomonidan otib o‘ldirilgani va nega ekani sababi hozircha ma’lum emas.

Aloqador mavzular:

Tafsilotlar

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, hodisa Stokgolmda yuz bergan.

Salvan Momika Syoderteledagi xonadonida kecha, chorshanba kuni kechqurun otib o‘ldirilgan.

U 2023 yilda Shvetsiya poytaxtidagi Jome’ masjidi qarshisida Islom dinining muqaddas kitobiga o‘t qo‘ygan.

Salvanning bu ishi musulmon olamida g‘azabnok namoyishlarga ham sabab bo‘lgan.

Salvan va uning yo‘ldoshiga Qur’onni yoqqanlik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ikkovlonning bugun, payshanba kuni hukm qilinishlari kutilgan.

"Ayblanuvchilardan birining o‘lganiga oid xabar tasdiqlanganidan so‘ng bu jarayon qoldirildi", - deya ma’lum qilgan Stokgolm okrug sudi.

Stokgolm politsiyasi SVT News davlat televizion kanaliga 40 yoshlardagi erkak xonadonlardan birida otilgan holda topilgani va keyinchalik uning hayotdan ko‘z yumganligini ma’lum qilgan.

Tarixcha o‘rnida

Stokgolmda Qur’oni Karim tahqirlanishidan kun o‘tib, Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga o‘nlab odam bostirib kirgan.

Asli iroqlik Salvan Momika Shvetsiya poytaxtidagi Jome’ masjidi tashqarisida Qur’on nusxasiga o‘t qo‘ygan.

Shved politsiyasining roziligi bilan amalga oshirilgan navbatdagi aktsiya ko‘plab musulmon davlatlarining keskin tanqidlariga sabab bo‘lgan.

Ukraina urushi fonida NATOga kirish qarorida bo‘lgan yana bir Yevropa davlatidagi bu ish Rossiya prezidentining ham e’tiboridan chetda qolmagan.

Olomon qudratli ulamoning da’vati bilan Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi tashqarisida to‘plangan.

Ulamo iroqliklarni "g‘azab"larini namoyish etishga chaqirgan.

O‘nlab odam elchixona hovlisiga bostirib kirishgan, u yerda 15 daqiqacha bo‘lishgan.

Sathga mahalliy xavfsizlik kuchlari safarbar etilgach, ular elchixona hududini tark etishgandi.

Qur’oni Karim

Qur’oni Karim Islom dinining muqaddas kitobi sanaladi va uning biror bir shaklda qasddan tahqirlanishiga toqat qilinmaydi.

Musulmonlar bu ishni o‘zlari uchun o‘ta haqorat sifatida qabul qilishadi.

Qur’oni Karimni tahqirlashni o‘z ichiga olgan Shvetsiya poytaxtidagi mazkur norozilik aktsiyasi o‘shanda Qurbon Hayitining ilk kuniga to‘g‘ri kelgan.

Qurbon Hayiti Islomda ikkita eng muqaddas marosim va bayramdan biri sifatida e’tirof etiladi.

Shvetsiya politsiyasi esa, so‘z erkinligi to‘g‘risidagi qonun doirasida o‘z norozilik aktsiyasini o‘tkazishi uchun Salvan Momikaga ruxsat bergan.

Ammo keyin politsiya voqea nafrat qo‘zg‘ash asosida tekshirilayotganini ham ma’lum qilgan.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an "alal-oqibat takabbur g‘arbliklarga musulmonlarni haqorat qilish fikr erkinligi emasligini o‘rgatib qo‘yishlari"ni aytgan.

Qator Yaqin Sharq davlatlari, jumladan, Iroq, Eron, Saudiya Arabistoni va Misr ham keskin tanqidlar bilan chiqishgan.

Iordaniya va Marokash esa, noroziliklarining rasmiy ifodasi sifatida Shvetsiyadagi elchilarini chaqirib olishgan.

Marokash hukumati esa, bunga qo‘shimcha, Shvetsiyaning Rabotdagi muvaqqat diplomatik vakilini ham o‘z huzurlariga chorlagan.

Qurbon Hayiti va Stokgolmda Qur’oni Karim yoqilgan kuni Rossiya prezidenti Derbentdagi qadimiy Juma masjidiga ham tashrif buyurgan.

Putin xuddi shu yerda o‘ziga hadya qilingan Qur’oni Karim nusxasini ko‘ksiga bosgancha, bu muqaddas kitobga ko‘rsatilgan hurmatsizlik o‘z mamlakatida qonunan jinoyat sanalashini ta’kidlagan.

"Bu musulmonlar uchun muqaddas va boshqalar uchun ham xuddi shunday. Ammo boshqa davlatlarda o‘zgacha ish tutilishi - odamlarning diniy his-tuyg‘ulari hurmat qilinmasligi bizga ma’lum. Ular yana buning jinoyat emasligini aytishadi", - deya bayon qilgan Rossiya prezidenti.

Shunday derkan, Putin yana o‘zlarining har doim ushbu qonunchilik tartib-qoidalariga rioya etajaklariga ham ishontirgan.

Qur’oni Karimning oshkora tahqirlanishi bilan bog‘liq Stokgolmdagi so‘nggi voqe’lik O‘zbekiston nashrlarida ham keng yoritilgan.

Aksariyat aholisi musulmon mintaqa davlatlari diniy idoralarining bu xususda biror bir bayonot bilan chiqishgani o‘shanda ko‘zga tashlanmagandi.

Shvetsiya Bosh vaziri o‘shanda Qur’onning yoqilishi "qonuniy, ammo maqbul ish emas"ligini aytgan.

So‘nggi yillarda Qur’on nusxasiga o‘t qo‘yish rejalari Shvetsiyada tartibsizlarga ham sabab bo‘lgan.

Politsiya orada xuddi shunday norozilik aktsiyalarini o‘tkazish uchun berilgan qator arizalarni qaytargan.

Ammo sudlar so‘z erkinligi zaminida ularga ruxsat berilishi lozim, degan to‘xtamga kelgan.