Hokimiyat va mulk almashinuvi: Qozog‘istondagi maxfiy savdolarning ortida kim turibdi?

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

So‘nggi olti oy ichida Qozog‘istonning eng yirik strategik tog‘-kon kompaniyalari qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi yoki ayni paytda ularning egalari o‘zgarayotgani haqida xabarlar berilmoqda.

Bu voqealar Prezident Qosim-Jomart Toqaev ma’muriyati tomonidan mart oyida yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi orqali amalga oshirilayotgan yirik siyosiy qayta qurishlar fonida yuz bermoqda. Mazkur konstitutsiyaviy o‘zgarishlar avgust oyining oxiriga belgilangan parlament saylovlariga turtki bo‘ldi.

Ushbu ikki jarayonni 2019 yilda lavozimidan ketgan, uzoq muddat davlatni boshqargan sobiq prezident Nursulton Nazarboev klanidan Toqaev davrida shakllangan yangi hokimiyat elitasiga o‘tish davrining yakunlanishi sifatida ko‘rish mumkin.

Ushbu tub siyosiy va iqtisodiy islohotlar, katta ehtimol bilan, 2029 yilda kutilayotgan navbatdagi hokimiyat almashinuviga yo‘l ochish uchun ham mo‘ljallangan.

Eski elita bilan "tinch chekinish" kelishuvi?

2025 yilning dekabr oyida mis qazib olish bo‘yicha gigant hisoblangan "Kazakhmys" kompaniyasi qurilish magnati Nurlan Artiqbaev tomonidan to‘liq sotib olingani e’lon qilindi.

Mamlakatdagi ikkinchi eng yirik xususiy kompaniya bo‘lmish "Kazakhmys" rasman Vladimir Kim va Eduard Ogayga tegishli edi, biroq u sobiq prezident Nazarboev bilan bog‘liqligi keng jamoatchilikka ma’lum edi.

Jamoat faoli Jarqin Kurentaev o‘shanda "Kazakhmys" kompaniyasining sotilishini izohlar ekan, Nazarboev va uning atrofidagilar o‘z mulklarini shunchaki sotmayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu Toqaev hukumati bilan tuzilgan maxfiy kelishuvning bir qismi bo‘lib, unga ko‘ra eski elita boyliklarini topshirib, evaziga siyosatdan tinchgina chekinishi kerak.

"Nazarboev, katta ehtimol bilan, bu kelishuvni qabul qilgan va o‘zining iqtisodiy ta’sirini qo‘ldan boy berishga rozi bo‘lmoqda", - dedi Kurentaev "Vremya Svobodы" YouTube kanaliga bergan intervyusida.

Tadbirkor va sobiq muxolifat faoli Bo‘lat Abilov Nazarboev va uning tomonidan "tayinlangan" oligarxlar tomonidan aktivlarning sotilishini "ixtiyoriy-majburiy jarayon" deb atadi.

"Yangi hukumatga o‘zining mutlaqo sodiq, "yaxshi" tadbirkorlari va oligarxlari kerak. Nazarboevga yaqin bo‘lgan oligarxlarning davri tugadi", - dedi Abilov 13 dekabr kuni "AIRAN Aqpan" YouTube kanaliga bergan intervyusida.

Taniqli bo‘lmagan tadbirkorning "katta xaridlari"

"Kazakhmys" sotilishi arafasidayoq, "Kazzinc" (oltin, kumush va rux ishlab chiqaruvchi yirik korxona) hamda "Eurasian Resources Group" - Afrika va Janubiy Amerikada ham faoliyat yurituvchi xrom, temir rudasi, alyuminiy qazib olish va energiya ishlab chiqarish majmuasi kompaniyalarining yirik aktsiyalari paketlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar ketayotgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar paydo bo‘lgan edi.

May oyining oxiriga kelib, "Integra Construction" kompaniyasi egasi, jamoatchilikka deyarli tanish bo‘lmagan tadbirkor Shahmurod Mutalip ERG aktsiyalarining 39,3 foizini kompaniyaning ikki asoschi oilasi - Shodievlar va Mashkevichlardan sotib olgani tasdiqlandi.

ERGning qolgan aktsiyalari "Samruk-Kazyna" milliy korporatsiyasiga (40%) hamda ERGning yana bir asoschisi Alijan Ibragimovning o‘g‘li Shuhrat Ibragimovga (20,7%) tegishli.

Xabarlarda aytilishicha, Mutalip, shuningdek, Shvetsariyaning "Glencore" kompaniyasidan "Kazzinc"ning 70 foizlik aktsiyasini sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlamoqda (qolgan 30 foizi davlatga tegishli).

Bundan oldinroq, mart oyida Mutalip mamlakatdagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan "Altynalmas" kompaniyasini to‘liq sotib olgani e’lon qilingan edi. Ushbu kompaniyaning 66 foizlik aktsiyaga ega asosiy aktsiyadori Niderlandiyaning "Gouden Reserves B.V." kompaniyasi edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Yangi davrning boshlanishi"

Mahalliy kuzatuvchilar ushbu xaridlar Nazarboev oligarxiyasini mamlakatning katta daromad keltiradigan tog‘-kon sektoridan siqib chiqarishga qaratilgani hamda bu holat mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy mavjud vaziyatni tubdan o‘zgartirishi borasida yakdil fikrdalar.

Xususiy Zhasalash.kz veb-sayti 29 maydagi maqolasida ERG kelishuvi mamlakatda "yirik kapital uchun yangi davrning boshlanishi" bo‘lganini ta’kidladi.

Biroq, kuzatuvchilar ushbu bitimlarning shaffof emasligiga ham e’tibor qaratishmoqda va ularning ortidagi haqiqiy foyda ko‘ruvchi egalari yashirilganligini aytishmoqda.

Taniqli siyosiy sharhlovchi Dosim Satpaev bu xaridlarni Toqaev hukumati o‘z siyosiy mavqeini mustahkamlab olganidan keyin boshlangan aktivlarni qayta taqsimlash jarayoni deb baholadi.

"Ular endi o‘zlarining iqtisodiy mavqelarini mustahkamlashga kirishmoqdalar, ayniqsa, an’anaviy ravishda Nazarboev oligarxlari bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarda", - dedi u 2025 yil dekabr oyida "AIRAN" YouTubekanaliga bergan intervyusida.

Taniqli iqtisodchi Rasul Rismambetov "Kazakhmys", "Kazzinc" va ERG egalarining o‘zgarishi hukumatning qarori bo‘lganini, Mutalipning "Integra Construction" kompaniyasi esa ushbu rejani amalga oshirish uchun tanlangan bir vosita ekanligini aytdi. "Ular buni "Integra" orqali amalga oshirishga qaror qilishdi", deb yozdi u 8 may kuni o‘zining "ArtFinanz" Telegram kanalida.

"Integra Construction" mamlakatdagi eng yirik temir yo‘l infratuzilmasi quruvchisi va "Qozog‘iston temir yo‘llari" milliy kompaniyasining asosiy pudratchisi hisoblanadi. Kompaniya mamlakatning tranzit salohiyatini, ayniqsa, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishga qaratilgan strategik muhim yangi temir yo‘l liniyalari va tarmoqlarini qurish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan.

2025 yilgi Forbes Qozog‘iston reytingida Mutalip "Altynalmas", "Kazzinc" va ERG aktsiyalarini sotib olishidan oldin 483 million dollar boyligi bilan mamlakatning 22-eng boy odami deb topilgan edi.

Taniqli surishtiruvchi biznes-jurnalist Ardak Bukeeva 22 aprel kuni "Azzatyq Asia" YouTube kanaliga bergan intervyusida "Mutalipning ortida kimdir borligi" "aniq" ekanini aytdi.

"Qanday qilib temir yo‘l qurilish kompaniyasi Qozog‘iston tog‘-kon sanoatining deyarli yarmini o‘z nazoratiga olishi mumkin?" - deya savol qo‘ydi u.

Bukeevaning ta’kidlashicha, Mutalipning o‘tmishini o‘rganish bo‘yicha olib borgan surishtiruvi hech qanday "biznes muvaffaqiyat tarixi"ni topa olmagan hamda uning boyligi manbalari va ERG hamda "Kazzinc" kabi qimmatbaho aktivlarni sotib olish imkoniyati atrofida "mutloq yopiqlik va shaffoflikning yo‘qligi" mavjud.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Mutalipning 2020 yilda "Integra Construction"ga ijrochi direktor bo‘lganidan to‘qqiz oy o‘tib, kompaniyani to‘liq qo‘lga kiritishi bilan bog‘liq jihatlar ham shubha uyg‘otadi, chunki shundan so‘ng kompaniya "shiddat bilan" o‘sa boshlagan va "uning davlat buyurtmalari ham aqlbovar qilmas darajada ko‘paygan".

"Shishkin Like" Telegram kanalining xabar berishicha, Mutalip 2025 yilda Prezident Toqaev bilan uch marta uchrashgan.

Shuningdek, "Nationalbusiness.kz" veb-saytining 26 maydagi hisobotida Mutalip o‘zining yangi aktivlaridan "kamida bittasini" "o‘zi uchun emas, balki yaqin kelajakda xitoylik investorga qayta sotish maqsadida" sotib olgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

"Mutalip yaxshi aloqalar o‘rnatgan Xitoy biznes tuzilmalari anchadan beri "Kazzinc"ga ko‘z tikib kelishayotgan edi", deyiladi xabarda.