Rossiya bosh vaziri Qirg‘izistondagi "halol" rus kompaniyalariga "yuqori doiralardan" bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qildi. Qirg‘iz tomoni holatga "siyosiy bo‘yoq" berilganini aytmoqda

vazir

Surat manbasi, Government.ru

Surat tagso‘zi, Ikki hukumat raisining muloqoti 31 yanvarь kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Qirg‘iziston hukumatini mamlakatda faoliyat yuritayotgan rus kompaniyalarga nisbatan ma’muriy bosim va "asossiz da’volar"ni to‘xtatishga chaqirgan. Qirg‘iz tomoni "xo‘jalik masalalariga siyosiy bo‘yoq berib yuborilgani"ni bildirgan.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Adilbek Qosimaliev bilan uchrashuv chog‘ida so‘z olgan Mishustin mamlakatning yuqori martabali mansabdorlari Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan rossiyalik bizneslar, investorlarga nisbatan bosim qilayotgani hamda bu holat Rossiya tomonini "tashvishga solayotgani"ni tilga olgan.

31 yanvarь kuni Qozog‘istonda o‘tgan Yevroosiya iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashi yig‘ini chog‘ida uchrashgan ikki Bosh vazir muloqoti videosini Rossiya hukumati o‘zining Telegramdagi kanalida e’lon qilgan.

"Bizni jiddiy xavotirga solayotgan bir qator masalalar mavjud. Bular – Qirg‘iziston davlat organlarining yuqori lavozimli vakillari tomonidan Qirg‘iziston iqtisodiyotini rivojlantirayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan va eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradigan halol, ishonchli rossiyalik kompaniyalarga nisbatan ilgari surilayotgan asossiz da’volar hamda huquqqa zid bayonotlardir", degan Mishustin.

U video davomida "noqonuniy, ba’zan hatto tovlamachilikka teng harakatlar aniq dalillari bilan" Rossiya Tashqi ishlar vazirligining diplomatik notasi orqali qirg‘iz tomoniga yetkazilganini bildirgan.

Rossiya Bosh vaziri Qirg‘iziston rahbariyatini ma’muriy bosimni to‘xtatishga va rossiyalik investorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga chaqirgan.

U shuningdek, bu kabi bosimning davom etishi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini eslatib o‘tgan.

vazir

Surat manbasi, Government.ru

Surat tagso‘zi, Qosimaliev Mishustinga masala yechimi bo‘yicha shaxsan ma’lumot berishga va’da qilgan.

Na Mishustinning bu so‘zlari, na Adilbek Qosimalievning uning undoviga nisbatan munosabati Qirg‘iziston hukumatining uchrashuv borasidagi rasmiy xabarida tilga olinmagan.

Ammo Rossiya hukumatining Telegramdagi rasmiy kanalida tarqatilgan videoda Qosimaliev Mishustinga masala yechimi bo‘yicha shaxsan ma’lumot berishga va’da qilayotgani eshitiladi.

"Biz Rossiya kompaniyalari huquqlarini himoya qilish masalasini allaqachon muhokama qildik, va kelishuvimizga ko‘ra, men Bishkekka qaytgach, bu masalani batafsil ko‘rib chiqib, sizga ma’lumot beraman", degan Qirg‘iziston Bosh vaziri rossiyalik hamkasbiga.

Hozircha, ikki hukumat rahbari o‘rtasida bo‘lgan bu muloqotda rossiyalik aynan qaysi kompaniyalar yoki investorlar tilga olingani ma’lum emas.

Eslatma o‘rnida, o‘tgan yil noyabrida Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Yandeks.Taksi ofisida tintuv o‘tkazgan va bu harakat o‘ta yirik miqdordagi soliqlar to‘lashdan bosh tovlashga oid ish doirasida bo‘lgani ma’lum qilingandi.

O‘z navbatida, Yandeks.Taksi soliqdan bosh tovlash ayblovlarini rad etgan va Qirg‘iziston qonunchiligiga to‘liq amal qilgan holda faoliyat yuritayotganini ta’kidlagan.

"Xo‘jalik masalasi"

Qirg‘iz tomonidan vaziyatga munosabat bildirgan Davlat soliq xizmati rahbari Almambet Shikmamatov Rossiya hukumati raisi asossiz da’volar ilgari surayotganini tilga olgan.

"Davlat rahbariyati haqida so‘z yuritar ekan, janob Mishustin aniq bo‘lmagan ifoda ishlatdi, 'tovlamachilikʼ so‘zi esa juda bo‘rttirilgan. Aytish mumkinki, xo‘jalik masalalariga siyosiy tus berildi. Bo‘lishi mumkin, bu Mixail Mishustinning ob’ektiv ma’lumotga ega emasligi bilan bog‘liqdir. Mamlakat rahbariyati aksincha, keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazib, barcha sohalarda korruptsion sxemalarni tugatish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha jiddiy chora-tadbirlar ko‘rmoqda", degan qirg‘izistonlik mulozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda soliq siyosati takomillashtirilmoqda va jarayonda hammaga teng talablar qo‘yiladi.

"Fiskal siyosatni takomillashtirish hisobiga soliq yig‘imlari yildan yilga oshib bormoqda. 2020 yilda 62 milliard 958 million som undirgan bo‘lsak, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 296 milliard, 2024 yilda esa 342 milliard somga yetdi. Bizda ’bu kompaniya falonchining kompaniyasiʼ, 'bu kimningdir tanishiʼ degan tushuncha yo‘q. Soliq to‘lovchilarni o‘zimiznikiga yoki yirik davlatdan yoki kichik davlatdan kelganiga qarab ajratmaymiz. Barcha uchun qonunda belgilangan soliq me’yorlari teng amal qiladi va hamma ularga rioya qiladi. Qonun hammaga barobar, soliq to‘lash — muqaddas burch. Kim ataylab soliqdan bo‘yin tovlashga harakat qilsa, tegishli organlar milliy qonunchilik doirasida chora ko‘radi. Rossiyada ham bu tamoyillar buzilmasligicha qolgan. Rossiyadagi eng muvaffaqiyatli soliq islohotlaridan birining "otasi" sifatida tanilgan Mixail Vladimirovich ham buni juda yaxshi tushunishiga aminman", deya qo‘shimcha qilgan Shikmamatov.