Markaziy Osiyo va siyosat: Kelajagi buyuk davlat yoki radikal islohotlarsiz davlat baribir o‘zgarmaydimi – prezident nima dediyu odamlar-chi?

Qirg‘iziston qilmoqchi bo‘layotgan yangi o‘zgarish O‘zbekistonda ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarda sarlavhalarga chiqdi. Qirg‘izistonning o‘zida esa, bir xilda qarshi olinmadi. Keskin bahs-munozaralarga zamin yaratdi. Nima bo‘ldi?
- Qirg‘iziston mintaqada hech kim qilmagan ishni qildi, O‘zbekiston-chi?
- Qirg‘iziston O‘zbekiston hukumatiga yon bosdimi – vaziyatga prezidentning o‘zi oydinlik kiritdi
- Rossiya va Qozog‘iston tarix deb, endi urishmaydimi
- Putin baribir SSSRni qayta tiklaydimi – bunga O‘zbeklar nima deydi yoki O‘zbekiston, Markaziy Osiyoga nima bo‘ladi?
Qirg‘iziston madhiyasi ham o‘zgaradi
Shohruh Soipov
Mustaqil jurnalist

Surat manbasi, president.kg
Qirg‘iziston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida mustaqilikka erishganidan beri madhiyasini ikkinchi marta almashtirayotgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda. Qariyb bir yil avval davlat bayrog‘i ham almashgan edi.
O‘z vaqtida mintaqadagi "Demokratiya orolchasi", deya ta’riflangan bu davlatda so‘nggi 20 yilda uch marta xalq inqilobi yuz bergan. Hozirda mamlakatni oltinchi prezident boshqarmoqda.
Davlat madhiyasini o‘zgartirish taklifini prezident Sadir Japarov ham qo‘llab-quvvatlagan.
“Madhiyani o‘zgartirsak yaxshi bo‘lardi. Uni yangilashning nimasi yomon? Hozirgi madhiyamiz bundan 33 yil avval ozodlik va mustaqillik davrida yozilgan. Endi biz ozod bo‘ldik, mustaqil davlatmiz, qirg‘iz xalqi taqdirini o‘z qo‘liga olgan, olg‘a intil, deya madhiya mualliflari quvonch va hayajon bilan chorlaydi. O‘shandan beri 33 yil o‘tdi. Biz davlat sifatida to‘liq shakllandik va butun dunyoda tan olindik. Yana yuz yil o‘tsa ham biz ozod bo‘ldik, suveren davlat bo‘ldik, deb kuylayveramizmi?”, deya savol beradi Japarov “Kabar” nashriga bergan intervyusida.
U Qirg‘iziston mustaqilligi va uning besh ming yillik tarixini nishonlaydigan, yoshlar va kelajak avlodlarni ruhlantiradigan madhiya yozishni taklif qiladi.
Prezidentga ko‘ra, amaldagi madhiya ham yoddan chiqarilmaydi va u tarixning bir qismi o‘laroq saqlab qo‘yiladi.
Shuningdek, Japarov madhiyani o‘zgartirishga qarshilar haqida gapirarkan, Qirg‘iziston davlat bayrog‘ini o‘zgartirish bilan bog‘liq vaziyatni misol tariqasida keltirdi.
“Ba’zi demagog va populistlar bayroqni yangilash g‘oyasiga qarshi chiqishdi. Bugungi bayrog‘imiz yomonmi? Bu avvalgisidan bir pog‘ona baland bo‘lib, eskisida quyosh tasviri yo kungaboqar yo arra tishlariga o‘xshardi. Endi bular quyosh nurlari ekani darhol ko‘zga tashlanadi”, degan prezident Sadir Japarov.
Qirg‘iziston davlat bayrog‘ining yangi tahriri 2023 yil dekabr oyida tasdiqlangan. Uni o‘zgartirish tashabbuskori Sadir Japarovning o‘zi bo‘lgan va u bayroqda tasvirlangan quyosh nurlarini to‘g‘rilashni taklif qilgan.
Prezidentning taklifi jamiyatda turli aks-sadolarga sabab bo‘lgan, hatto bayroqni himoya qilgan faol Aftandil Jorobekov hibsga olinib, tergov izolyatoriga tashlangan. Keyinchalik u uy qamog‘iga chiqarilgan.
Joriy yilning 1 noyabr kuni Bishkekning Lenin tuman sudi faol Aftandil Jorobekovni 70 ming qirg‘iz so‘m jarima to‘lashga hukm qilgan. Sud uni ommaviy axborot vositalari yoki axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali ochiqcha hokimiyatni zo‘ravonlik bilan bosib olishga chaqirganlikda aybdor, deb topgan.
Qirg‘iziston madhiyasini o‘zgartirish taklifi 25 oktyabr kuni parlament (Jogorku Kenesh) spikeri Nurlanbek Shakiev tomonidan bildirilgan.
“Biz allaqachon ozodlikni qo‘lga kiritdik va yo‘lni bosib o‘tdik. Hozir Qirg‘iziston rivojlanayotgan, kelajagi buyuk davlat. Endi mamlakat oyoqqa turib, taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Shuning uchun biz matnni o‘zgartirishimiz kerak. Bir paytlar sobiq prezidentlardan biri xorijga borganida va u yerda madhiyamiz yangraganida daraxtlarda o‘tirgan qushlar uchib ketganini eshitgandim. Madhiyani 5 yoshdan 95 yoshgacha odamlar bemalol kuylashi uchun qayta yozamiz,” degan Shakiev.
Ma’lumot o‘rnida: Qirg‘iziston madhiyasi bastakorlar Nosir Davlesov va Kaliy Moldobasanov tomonidan shoirlar Jalil Sodiqov va Shabdanbek Kuluev so‘zlari asosida yaratilgan. Madhiya 1992 yil 18 dekabrda tasdiqlangan. U dastlab uch kuplet va naqoratdan iborat bo‘lgan. 2012 yil dekabrь oyida undan ikkinchi kuplet olib tashlangan: unda “beykuttuk” (tinchlik, osoyishtalik) so‘zi mavjud bo‘lib, unda madhiyani o‘zgartirish tarafdorlari “bey” inkor prefiksi “kut” (baxt, omad) so‘ziga nisbatan qarama-qarshi ma’no berishini ta’kidlashgan.
Parlament spikeri Nurlanbek Shakievning davlat madhiyasini o‘zgartirish tashabbusi va uni prezident tarafidan dastaklanishi qirg‘iz jamiyati orasida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Aks-sadolar

Surat manbasi, Getty Images
Sadir Japarov hokimiyati davlat madhiyasini nima sababdan o‘zgartirmoqchi va undan ko‘zlangan maqsad? Bu savollar bilan tahlilchi va oddiy odamlarga murojaat qildik:
Bayroq, gimn, yangi bino va yo‘llar bu davlatni rivojlantirmaydi. Faqat radiakal islohotlar orqali o‘zgarishlarga erishish mumkin. Shunda davlat boy bo‘lib, xalq yaxshi yashaydi...
Mavlyan Askarbekov, siyosiy tahlilchi
Bungacha bayroq o‘zgardi, keyin yangi Oq uy binosi qurildi. Endi esa madhiyani yangilashmoqchi.... Sobiq prezidentlar Qurmonbek Bakiev, Almazbek Atambaev va Sooronbay Jeenbekovlar davlat ramzlarini o‘zgartirish bo‘yicha o‘ylanishmagan. Davlat ramzlari birovga yoqadimi yoki yo‘q, bu tarixiy, daxlsiz mamlakatning yadro tizimi bo‘lishi kerak, ya’ni ular xalq energiyasini birlashtiradi. Ularni hadeb almashtirish noto‘g‘ri. Sababi, bayroq oz bo‘lsa-da tarixiy o‘ringa ega, eski Oq uy yoki gimn bo‘ladimi, qisqa tarix ichida qirg‘izistonliklarning energiyasini birlashtirgan, yodlab, kuylagan, faxrlangan davlat ramzlarimiz hisoblanadi. Ularni kimgadir yoqmay qolsa yoki bir motivatsiya bilan o‘zgartirish noto‘g‘ri. Siyosiy motiv bo‘lishi mumkin. Ulardan biri Turkiya davlatiga asos solgan, Usmonli imperiyasini respublikaga o‘zgartirgan, yangi davlat qomusi va ramzlarini qabul qilib, zamonaviy mamlakatga aylantirgan Mustafo Kamol Ota Turk yo‘lini davom ettiramiz degan maqsad bo‘lishi mumkin. Biroq davlat ramzlarini o‘zgartirish, yangi Oq uyni solish, bayroqni 100 metrga yuqori ko‘tarib qo‘yish bilan davlatda haqiqiy o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Faqat keng fikrlovchi, zamonaviy va professional mutaxasislar jamoasi islohotlarni amalga oshiradi. Men har doim u islohotlarni amalga oshirish taklifini aytaman. Bu juda muhim. Biroq, menimcha, prezident atrofidagilari ba’zilarining salbiy ta’siri va maslahati sabab davlat rahbarining vaqti, fikri va energiyasi ham boshqa tarafga sarflanayotganday. Sababi, bugun davlatda zudlik bilan isloh qilinishi kerak bo‘lgan sog‘liqni saqlash, ta’lim va sud tizimlari mavjud. Shuningdek, huquq tartibot idoralarini isloh qilish talab qilinadi. Prezident zudlik bilan zamonaviy yondoshuvchi jamoani to‘plab, islohotlarni amalga oshirishi kerak. Bayroq, gimn, yangi bino va yo‘llar bu davlatni rivojlantirmaydi. Faqat radiakal islohotlar orqali o‘zgarishlarga erishish mumkin. Shunda davlat boy bo‘lib, xalq yaxshi yashaydi va hokimiyatga ishonch kuchayadi.
Abdumo‘min Mamaraimov, jurnalist - tahlilchi
Qirg‘iziston davlat madhiyasini o‘zgartirishga zaruriyat, ehtiyoj bor edi deb o‘ylayman. Sababi, davlat madhiyasini o‘zgacha bir janr deb hisoblayman, shunday tushuniladi. Unda davlatni, vatanni madh etish, ko‘p millatli vatanda, ayniqsa, halqning birligini, yaxshi, yorqin kelajak qurish uchun birgalikda intilish kerak ekanligini, do‘stlik, birodarlik muhimligini, keyin davlat o‘z tarixiga, o‘rniga ega bo‘lgan, ana shu o‘rnini yanada mustahkamlash kerak deganga o‘xshash g‘oyalar bo‘lishi kerak. Madhiya masalasida avval ham ko‘p munozara bo‘lgan. Shoir Tumo‘nbay Bayzaqov qalamiga mansub “Qirg‘iz yeri” she’ri qo‘shiq qilib aytilgan, o‘shani gimn qilsak bo‘lmaydimi degan taklif aytilgan. Menimcha, juda zo‘r qo‘shiq, gimn desa bo‘ladigan, biroq unda ayrim men aytgan holatlar yo‘q bo‘lib qolgan. Mening tasavvurimda, madhiya marsh ko‘rinishida bo‘lishi kerak. Davlat rahbari va boshqa rasmiylar nima sababdan madhiyani o‘zgartirishga majbur bo‘layotganliklarini aytishdi. Mavjud, shuncha yildan beri qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib kuylagan madhiya haqida yomon gap aytgim kelmaydi. Qalbimizga singib qolgan narsa. Ba’zida o‘zim ham uni xirgoyi qilib turaman. U shunchalik qalbimizga o‘rnashgan.
Gimn matni o‘zgartirilsa ham, lekin musiqasi o‘z holicha qolishi kerak. U yaxshi yozilgan. So‘zlarini o‘zgartirishga ehtiyoj bor. Matnda yuqorida aytilgan g‘oyalar bo‘lishi kerak.
Davlat ramzlarini o‘zgartirish bilan prezident Sadir Japarov hokimiyati qandaydir bir siyosiy narsaga intilyapti deb o‘ylamayman. Asli jamiyat o‘zi umuman yangilanishga muhtoj bo‘lgandik, jumladan davlat ramzlarini yangilashga ehtiyoj bor edi. Bayroqni o‘zgartirayotganda bu g‘oya menga ham yoqmagandi, lekin hozirgi yangi bayroq chiroyliroq ko‘rinadi. Odamlarda konservatizm degan narsa bor. Eski narsaga ko‘nikib qolamiz, yangi narsani qabul qilolmaymiz. Gimn masalasida ham shunaqa, uni o‘zgartirishga ehtiyoj bor. Faqat bir narsa, men xohlagan narsa, tilak shuki, ochiq, katta tanlov e’lon qilinsa, unda istagan odam ishtirok etsa. Albatta, bastakorlar ittifoqi a’zosi bo‘lishi shart emas, bastakor degan nomi bo‘lishi yoki shoir bo‘lishi shart emas. Oddiy bir talantli odam ham yaxshi madhiya yozishi mumkin. Odamlar tanlovda o‘zlarini sinab ko‘rishsin. Jamoatchilik fikrini hisobga olish bilan, eng muhimi, Qirg‘izistonda yashayotgan barcha millatlar birligini, rang- barangligini tarannum qiladigan bir madhiya bo‘lsa degan tilagim bor.
Sadir Japarov hokimiyati barcha sohalarda islohotlarni teng amalga oshirishga kirishdi. Men avval bir sohani bitirib, keyin boshqasiga kirishsa bo‘lmasmikin, hammasiga birdaniga kirishsa, keyin qiyin bo‘ladi, deb o‘ylardim. Ayniqsa, ma’muriy birliklar islohoti boshlandi, shaharlarni kattalashtirish. Shu narsalarni to‘xtatib tursa bo‘lmaydimi, hozir shartmidi deb o‘ylayman. Lekin odam o‘zgaraman desa, butunlay o‘zgarish kerak, fikrini, ongini, so‘zini, yurish- turishini, sog‘ligini, hammasini, kompleks qaraganda, menimcha, natija yaxshi bo‘lsa kerak. Hozir qilinayotgan tashabbuslar o‘rinli deb o‘ylayman. Faqat shu ochiq tanlov asosida o‘tkazilsa, bu narsa juda ham yaxshi bo‘ladi. Rossiyaga qaramlik degandan men yiroqman. Ayrimlar shunday fikr aytyapti. Siyosiy ochko to‘plamoqchi yoki xalqaro miqyosda yana bir o‘ringa ega bo‘lmoqchi, o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘ymoqchi, degan har xil gaplar bo‘lyapti. Lekin, menimcha, oddiy sababi shu. Madhiya chiroyli, yaxshi, hozirgi kunga javob beradigan va asrlar davomida kuylanadigan bo‘lishi kerak.
Odiljon Dadajonov, qalamkash
Qirg‘iziston gimnini o‘zgartirish kerakmi yoki yo‘q, bu savol ko‘p jihatdan bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar gimnning mazmuni va musiqasida o‘zgartirishlar kerak deb hisoblashadi, boshqalar esa uning tarixi va an’anaviyligini saqlab qolishni istashadi. Men ham o‘zgartirish kerak degan fikrdaman. Nega? Sababi, Qirg‘iziston mustaqil bo‘lganiga 33 yil bo‘ldi. Hozir Qirg‘iziston rivojlanayotgan, kelajagi buyuk davlat. Musiqa va matndagi ba’zi kamchiliklarni to‘ldirish zamon talabi. Mening fikrim, gimn boshlanishi juda qo‘pol va shovqinli. Ko‘proq musiqasiga e’tibor berdim, Sovet davridan qolgan an’ana bor, ya’ni orkestr bilan aytish. Uni boshqacharoq qilsa bo‘ladi. Masalan, qirg‘iz milliy musiqasi bilan boshlanadigan qilib.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat madhiyasining ikkinchi variantini eshitdim. O‘sha yerda boshqacharoq, ya’ni birinchi doira va karnay surnay bilan boshlangan ekan. Qirg‘iziston gimni ham Sovet an’anasidan voz kechgan holda, musiqasi milliy ohang bilan boshlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Sohibjon Mamirov, bank xodimi
Qirg‘iziston gimnini o‘zgartirish zaririyati yo‘q deb o‘ylayman. Nima sababdan, qanday maqsadda qilinayotganini bilmayman. Balki yaxshi niyatda qilinayotgandir. Tarixda qolish uchun qilinayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin parlament spikeri, gimn boshlanganda qushlar uchib ketdi, deganiga kulishdan boshqa iloj yo‘q. Bu gimn 33 yildan beri aytilib kelinyapti. Hozir muhokama qilinayotgan “Beykuttuktu beret kыrgыz jerine” degani, bir necha yil avval gimndan olingan. Hozir u kuplet yo‘q. Gimn matni, musiqasi ham xalqqa yod. Uni yodlashga qiyin bo‘lyapti, yodlashga osonroq, musiqasi yoqimliroq bo‘lishi kerak degani, u shunchaki bir bahona. Aslida davlat madhiyasini parlament deputatlarining ayrimlari ham bilmaydi. Ularga jurnalistlar mikrofon tutganida gimnni aytib berolmagan. Lekin oddiy odamlar, xalq gimnni yoddan biladi. Gimnni o‘zgartirishga sarflanadigan mablag‘ni davlatni rivojlantirish uchun turli sohalarga sarflasa yaxshi bo‘ladi. Yangi gimnni xalqqa yetkazish, uni hozirgi gimn darajasiga olib chiqish uchun ko‘p mehnat talab qilinadi. Davlat madhiyasi har bir o‘quv kitoblarida yozilgan. Davlat muassasalarida bor. Ularning har birini o‘zgartirishga ko‘p xarajat qilinadi.
Feruza Shamshieva, menejer
Gimn o‘zgaradi, deyilganida avvaliga men ham qarshi bo‘ldim. Chunki gimnda chiroyli jumlalar bor. Masalan:
Ak mөңgүlүү aska zoolor, talaalar,
Elibizdin janы menen barabar,
Sansыz kыlыm Ala-Toosun mekendep,
Saktap keldi bizdin ata-babalar.
Qirg‘iziston haqiqatan ham shunaqa relefda joylashgan. Bu tabiat xalq ruhiyati bilan saqlanadi. U jonimiz bilan barobar, yaxshi ko‘ramiz. Necha asrlardan beri saqlab kelinyapti. Vatansiz qolgan nechta millatlar bor. Masalan, uyg‘urlar, ularning o‘z makoni yo‘q.... Bunaqa nechta avtonomiyalar bor. Lekin biz kichik xalq bo‘lsak ham, Qirg‘iziston davlati bor. Gimndagi bu gaplar chuqur ma’noga ega deb o‘ylardim. Shuning uchun ham men avvaliga gimn o‘zgartirilishini istamadim. Yaqinda Ibragim Junusovning “Ota yurt” (Ata jurt) qo‘shig‘ini eshitdim. Unda ham birdamlikka chaqirgan yaxshi so‘zlar bor ekan. Shu qo‘shiqni gimn qilsa ham bo‘larkan, deb o‘yladim. Undan ham yanada chuqurroq ma’noga ega gaplarni yozib, gimn qilib chiqarsa bo‘larkan, ya’ni gimn o‘zgarsa hech narsa bo‘lmaydi. Qaytanga, xalqni hamjihatlikka chaqiryapti. Shundan keyin gimnning o‘zgarishini qo‘llab quvvatladim. Fikrim o‘zgargandan keyin prezident ham bu tashabbusni qo‘llashini eshitdim. Nimadir o‘zgarsa, o‘sha insonning fikri, dunyo qarashi o‘zgarishi kerak, so‘zi o‘zgarishi kerak, deyiladi. Qirg‘iziston yanada rivojlanishi uchun balki shu gimn so‘zlari ham ta’sir qilar, rostdan ham. Gimn o‘zgargani bilan Qirg‘iziston yomon bo‘lib qolmaydi, faqat yaxshi bo‘ladi. Xalqning qoliplanib qolgan ongi rivojlanib, fikr va dunyoqarashlari o‘zgaradi. Bu yerda yomon maqsad yo‘q deb o‘ylayman. Qirg‘izistonni ijobiy taraflama rivojlanishi uchun berilayotgan taklif, deb hisoblayman.
Mintaqada nimalar o‘zgarmoqda?

Surat manbasi, Reuters
Qolgan mintaqa davlatlari, ya’ni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turmaniston bugungi kungacha davlat ramzlaridan birontasini o‘zgartirgani yo‘q.
Faqat shu yil boshida Qozog‘iston prezidenti davlat gerbi va bayrog‘ini o‘zgartirishni taklif qilgani, bu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lganiga oid xabarlar olingan.
Biroq ularda ayrim poytaxt va shahar nomlari o‘zgartirilganini kuzatish mumkin.
1997 yili Qozog‘iston poytaxti Olma-otadan Ostonaga ko‘chirilgan.
Qozog‘istonni 28 yil boshqargan Nursulton Nazarboev 2019 yilning martida prezidentlikdan iste’foga chiqib, hokimiyatni Qasim Jomart Toqaevga berishi ortidan, poytaxt Ostona uning sharafiga, ya’ni Nur-Sultonga o‘zgartirilgan.
Biroq 2022 yilning yanvarida Qozog‘iston janubida yuz bergan tartibsizliklardan so‘ng, sobiq prezident o‘z pozitsiyalarini boy bergan va poytaxt Nur-Sulton qayta Ostona, deya nomlangan.
Ostona esa, bungacha Ishim, Akmolinsk, Tselinograd va Akmola deb atalgan, ta’bir joiz, dunyoda nomi eng ko‘p o‘zgartirilgan poytaxt shaharlardan biri.
2016 yilning sentyabrida vafot etgan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning ismi ham Toshkent xalqaro aeroportiga berilgan.
Shuningdek, bir nechta ko‘chalar ham marhum prezident ism-sharifi bilan nomlanadi.
O‘zbekiston so‘nggi yillari qadimiy To‘ytepa shahrini Nurafshonga, Bo‘z tumanini esa Bo‘stonga aylantirdi.
Tojikistonda qator o‘zbekcha turkiy nomlar o‘zgartirilgan.
Deylik, O‘ratepa yo Qo‘rg‘ontepa kabi shaharlar nomlari almashtirildi va endilikda Istarafshan va Boxtar, deb ataladi.
Tojikistondagi bu o‘zgartirishlar mintaqada ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, nega ekani mazmunida matbuotda chiqishlarga ham turtki berdi.
2021 yili Tolibon Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgach, davlat ramzlarini, jumladan bayroqni ham o‘zgartirdi.
Ammo xalqaro hamjamiyat oradan uch yil o‘tib ham, na Tolibon harakati asos solgan hukumat va na uning bayrog‘ini tan olgan.
Qirg‘iziston va Tojikiston Markaziy Osiyoning nisbatan qashshoq ikki mamlakati sanalishadi.
Aholisi 7 milliondan sal oshadi, ammo ulardan yuz minglabi, yillarki, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band.
Mamlakatda qolgan aksariyat mintaqa davlatlari kabi ishsizlik hanuz dolzarbligicha qolayotgan muammolardan biri.
Diniy radikalizm, diniy ekstremizmning "kuchayib borayotgani" yaqin-yaqingacha mas’ullar tomonidan xavotirga molik masala o‘laroq ko‘rilgan.
End of Telegram kanalimiz:































