Biz vatan xoini emasmiz, shunchaki yovuzlikka qarshimiz

Sergey i Tatьyana
Surat tagso‘zi, Sergey va Tatyana Voronkova, 2025 yil apreli, Vilnyus
    • Author, Ilya Barabanov*, Anastasiya Lotareva*
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 16 daq

Shu yil yanvar oyi oxirida 55 yoshli geodezist Sergey Voronkov 52 yoshli xotini Tatyana bilan Litva chegarasini noqonuniy kesib o‘tishdi va siyosiy boshpana so‘rashdi.

Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan bir necha yil oldin er-xotin Moskvadan Ukrainaning Zaporoje viloyatiga ko‘chib o‘tishgan, Tokmak tumanidagi qishloqlarning birida imorat solgan edilar. 2022 yil fevralida esa rossiyalik Voronkovlar kutilmaganda Rossiya istilosi ostida qolgach, "Ukrainaga yordam berishga qaror qilishgan". Ular Ukraina maxsus xizmatlariga Rossiya harbiylarining joylashuvi va texnikasi haqidagi ma’lumotlarni yetkazishgan.

O‘g‘irlangan, yerto‘lada qamab qo‘yilgan va bir necha marta so‘roq qilingan er-xotin avval bosib olingan hududdan, keyin esa Rossiyadan chiqib ketishga erishdilar. Sergey va Tatyana o‘z hikoyalarini Bi-bi-si Rus xizmatiga so‘zlab berdilar.

2024 yil may oyida Sergey Voronkov Rossiya armiyasi bosib olgan Ukrainaning Tokmak shahrida yerto‘lada o‘tirib, hayot bilan vidolashayotgan edi. Nazarlarida, bu yerto‘ladan chiqish imkoni yo‘qday edi. Bosib olingan hududda Ukraina maxsus xizmatlariga yordam bergan va buni tan olgan Rossiya fuqarosining omon qolish ehtimoli juda kam edi.

U devorga familiyasini yozib, yoniga yerto‘lada o‘tkazgan kunlarini sanab chiziqchalar qo‘ygan. Tan olgandan so‘ng Sergeyni so‘roqqa olib chiqmay qo‘yishgan, kun va tunning almashganini u faqat barmoqlarini yuziga yaqinlashtirib ko‘rgandagina bilardi.

Kechasi hech narsa ko‘rinmasdi.

Moskvaliklar Novolyubimovka qishlog‘iga yo‘l olishdi

2025 yil aprel oyida Vilnyus shahri chekkasida Sergey Voronkov va uning xotini Tatьyana bilan suhbatlashdik. Ularning yoshi pensiyaga yaqinlashsa-da, tetik ko‘rinishardi, ammo Sergey jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish unga qiyinlashganini aytadi. U Yevropada geodezist hujjatlarini tasdiqlatib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashni davom ettirishga umid qilmoqda. Bir marta u hayotini keskin o‘zgartirgan edi: Moskvadan Ukrainaga, atigi uch yuz kishi yashaydigan qishloqqa ko‘chib o‘tganida.

Sergey va Tatьyana Voronkovlar Rossiyadan Ukrainaga ko‘chishga 2014 yilda Qrim anneksiya qilingani va Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlanganidan ko‘p o‘tmay qaror qilishgan. Tatьyana o‘shanda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk Xalq Respublikasi nazoratidagi Donetsk viloyatining Torez shahridan edi. Murmanskda tug‘ilgan, sovet davrida Kiev viloyatida harbiy xizmatni o‘tagan Sergey ham Kremlning Ukrainaga nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatlamagan.

Svetы na meste gibeli Borisa Nemtsova v Moskve

Surat manbasi, VYACHESLAV PROKOFYEV/TASS

Surat tagso‘zi, 2015 yil Moskvadagi Boris Nemtsov xotirasiga bag‘ishlangan namoyish. O‘shandan keyin Sergey va Tatyana muxolifat tadbirlarida qatnashmay qo‘ydilar, endi buyog‘i "befoyda" degan qarorga keldilar

"Biz 2014 yilda [Boris] Nemtsov hayotlik paytida mitinglarga chiqardik, – deydi Sergey. – Moskvada yashab yurgan paytimda odamlar bilan muloqot qilib, Qrimni tortib olishgani, Donbassga bostirib kirishganini aytardim. Odamlarda borgan sari ko‘proq salbiy munosabat paydo bo‘la boshladi, agar senga [Rossiya] yoqmasa – ket, deyishardi. Men hech narsa o‘zgarmasligini, davlat targ‘iboti tobora ko‘proq odamlarni zaharlayotganini tushundim. Shuning uchun ketishga qaror qildik. Gaplashadigan odam bo‘lmasa, u yerda nima qilamiz?" Sergeyning aytishicha, Voronkovlarning yaqin doirasida faqat bitta odam ularning qarashlarini qo‘llab-quvvatlagan, "Feysbukdagi do‘stlar" e’tiqodiga ko‘ra yaqinroq edi, ammo er-xotin baribir bu dengizdan tomchi, degan xulosaga kelishgan.

mujchina i jenщina v Moskve

Surat manbasi, FAMILY ARCHIVE

Surat tagso‘zi, Sergey va Tatyana Moskvada, Ukrainaga ko‘chib o‘tishdan oldin

Tatьyananing ta’kidlashicha, 2014 yilda u o‘z qarashlari tufayli ishini butunlay yo‘qotgan: "Maishiy kimyo bilan shug‘ullanadigan kompaniyada rivojlanish bo‘yicha direktor bo‘lib ishlardim. Biror narsa aytish u yoqda tursin, boshidanoq qat’iy pozitsiyada edim. Bir necha marta [menga] bu munosabatni o‘zgartirish kerakligini aytishdi. Men hamkasblarimga tushuntirish mumkin deb o‘ylagandim, lekin ma’lum bo‘lishicha, 90 foizi qarshi tomonda ekan."

Sergey Voronkov armiyada geodezist bo‘lib ishlay boshlagan, keyinchalik kasb o‘zgartirmoqchi bo‘lgan, ammo 90-yillarda hatto Moskvada ham hayot "och edi, geodezist sifatida esa pul topish mumkin edi." Ko‘chib kelganidan bir necha yil o‘tgach, u Ukrainada ham geodezist sifatida ish topdi.

2016 yildan boshlab er-xotin har olti oyda bir marta u yerga borib, kelgusidagi yashash joylarini ko‘rib kelishgan. "Qishloqqa ko‘chib o‘tish osonroq, u yerda o‘z ovqating bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida biz mutlaqo tajribasiz emasdik," deydi Sergey, nima uchun oxir-oqibat Zaporojьe viloyatining Tokmak tumanidagi kichik Novolyubimovka qishlog‘ini tanlaganlarini tushuntirib.

U o‘shanda Ukraina armiyasi 2022 yil kuzida Xerson bilan birga ozod qilgan Dneprning o‘ng qirg‘og‘idan joy tanlamaganidan biroz afsuslandi. Tatьyana o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR hududida yashovchi qarindoshlariga yaqinroq bo‘lishni xohlagandi.

Mujchina gulyaet s sobakami

Surat manbasi, FAMILY ARCHIVE

Surat tagso‘zi, Sergey va Tatyana Ukrainada, Rossiya bosqinidan oldin. Hozirga kelib ularning urushdan oldingi foto suratlari qolmagan — ular telefonlari xotiralarini, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldilar

Dastlab er-xotin o‘zlari uchun Novolyubimovkadan uy sotib olishdi. Keyin Tatьyananing otasi uchun Tokmakdagi kvartirani. 2022 yil boshiga kelib, Voronkovlar qo‘shnilaridan "tilxat asosida," rasmiy oldi-sotdi shartnomasisiz yana ikkita yer uchastkasini sotib olishdi. "Qishloqda 100 ta uy bor, urushdan oldin ularning 30 foizi noturar joy edi. Ukraina fuqarosi bo‘lmaganimiz sababli yer sotib ololmasdik. U yerda hammaning ulushi 15 gektardan bo‘lib, biz faqat uy atrofidagi yerdan foydalana olardik. Shunday qilib, keyinchalik uchastka bilan ikkinchi uyni, so‘ngra uchinchisini sotib oldik. Qo‘shni kampir vafot etdi, uy uzoq vaqt bo‘sh turdi va biz oxir-oqibat undan foydalanishga kelishib oldik, – deb batafsil va mamnuniyat bilan eslaydi Sergey. – Natijada, xo‘jaligimiz uchun bir gektar yerimiz bor edi, shuning uchun chorva mollarini boqqanimizdan so‘ng, ozuqa bazasini yetishtira boshladik. Bizda cho‘chqalar ham, echkilar ham bor edi – sut o‘zimizdan chiqardi. Tovuqlar, o‘rdaklar ham. Sigir boqmadik, chunki bu juda mashaqqatli edi."

2022 yil 19 fevralda Tatьyananing otasi vafot etdi. Dafn marosimi 21-sanada bo‘ldi. "Men Donbassdagi akamga otamni qanday dafn qilganimiz haqida xabar berish uchun qo‘ng‘iroq qildim, akamning xotini esa uni harbiy mashg‘ulotlarga olib ketishganini aytdi, – deb eslaydi u. – Shunda urush bo‘lishini tushundim, lekin uch kundan keyin boshlanadi deb o‘ylamagandim."

"Biz xabar bergan birinchi kolonna"

Sergey Voronkov nafaqat qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan: Rossiya bosqinidan bir necha oy oldin u Zaporojьeda o‘zining asosiy mutaxassisligi – geodezistlik bo‘yicha ish topgan. "Men ishga kirganimda, bizda uchta geodezist bor edi. Ikki Ukraina fuqarosi va men qizil pasportim bilan. Shunday qilib, oramizda mening maoshim eng yuqori edi!" – deydi u.

Sergeyning aytishicha, til bilan ham muammo bo‘lmagan: "Bizda va qishloqda barcha qo‘shnilar rus tilida gaplashardi. Hamkasblarim ular bilan gaplashganda, bemalol rus tiliga o‘tishardi. Aytishlaricha, hozir [rus tilida] gapirmaslikka harakat qilishyapti."

Sergey Ukrainada urush bo‘lishi haqida ortiqcha gapirmaslikka harakat qilishganini eslaydi, biroq u rasmiylar yaqinlashib kelayotgan bosqin haqida va hatto aniq sanani – 24 fevralni ham bilishgan deb taxmin qiladi: "Chunki men ob’ektda ishlagandim, u yerda energetika podstantsiyasi bor, idoramiz ularni rekonstruktsiya qilish bilan shug‘ullangan. Bizga 24 fevral kuni hech kim ishda bo‘lmasligi, go‘yoki Ukraina energetika tizimini Yevropa Ittifoqiga qayta ulash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishini aytishdi. 24-dan 27-fevgargacha shunday mashg‘ulotlar bo‘lishini aytishdi. Oxir-oqibat bu ob’ekt bombalandi" (aslida aynan shu kuni Ukraina Yevropa tizimiga o‘tgan edi – Bi-bi-si).

posledstviya bombejki

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Urush boshlangan kun - 2022 yil 24 fevralida Chuguev shahriga zarbalar oqibatlaridan biri

"24-kuni ertalabdan allaqanday hushtak va uchayotgan narsalarning ovozini eshitdim, ko‘chaga chiqdim – raketa to‘g‘ridan-to‘g‘ri uy ustidan uchib o‘tdi. Ular yo uchishdan to‘xtayotgan, yo nuqsonli edi. Nima bo‘lganini bilish uchun internetga yugurdim, u yerda esa Kiev allaqachon bombalangani haqida yozishmoqda edi," deya eslaydi Tatьyana keng ko‘lamli bosqin boshlangan kunni.

26 fevral kuni Voronkovlar yashagan Novolyubimovka, Ukrainaning Zaporojьe viloyatining deyarli butun janubi kabi, ishg‘ol ostida qoldi. "Ammo shunday bo‘ldiki, biz ancha vaqt "kulrang zona"da yashadik. Tokmakka qo‘shin kirdi-yu, biznikiga kirmadi. 26-kuni biz xabar bergan birinchi kolonna yonimizdan o‘tdi," deydi Tatьyana.

Xabar beruvchi bo‘lishga qanday qaror qilganliklari haqidagi savolga er-xotin bir ovozdan ikkilanmaganliklarini va alohida muhokamalar ham bo‘lmaganini aytishadi.

"Biz doim yakdilmiz, – deydi Sergey. – Bizga bir marta ketinglar, deyishdi, ketdik. Ikkinchi marta kelishdi – yana ketamizmi?"

Rossiya kolonnasini ko‘rgan Tatьyana xonaga yugurib kirdi, telefonini oldi va Kievdagi tanishiga yozdi, uning fikricha, bu tanishining Ukraina Xavfsizlik xizmatida aloqalari bor edi. Tanishi unga Telegram'da maxsus chat-botga havola yuborgan va o‘sha yerga murojaat qilishni tavsiya qilgan. Bot er-xotinga ma’lum bir taxallusi bor odam ular bilan bog‘lanishini aytdi.

Birinchi marta Tatьyana u bilan muloqot qilishdan biroz cho‘chidi: "Men unga ishonishdan ozgina qo‘rqdim, lekin hammasi joyida ekan. U bizga REB, yirik texnika joylashuvini, ularning harakatlanishini, to‘planish joylarini, ayniqsa, raketa tizimlari, tanklar, o‘ziyurar qurilmalar haqidagi ma’lumotlarni yetkazish kerakligini aytdi."

dva tanka

Surat manbasi, TAISIYA VORONTSOVA/TASS

Surat tagso‘zi, 2022 yil fevralida Ukraina hududiga kirgan Rossiya harbiy texnikasi

Rossiya kolonnasi Novolyubimovka yonidan uzoq vaqt davomida o‘tdi, deb eslaydi Sergey. Ikki yuzga yaqin jangovar texnika shimolga, Peremojniy tomonga cho‘zilgan edi. Uning aytishicha, koordinatalar Kievga uzatilgandan so‘ng, kolonna bir necha bor Ukraina artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgan. Buni hozir tekshirib ko‘rish qiyin: urush boshida u yerlarda jangovar harakatlar shu qadar tig‘iz borar, o‘qqa tutishlar shu qadar tez-tez bo‘lardiki, buning oqibati nima bo‘lganini aniq aytish iloji yo‘q.

«Shubha qilmadingizmi? Siz Rossiya fuqarolarisiz, Rossiya harbiylarining koordinatalarini uzatdingiz, bu aslida davlatga xiyonat-ku.»

«Yo‘q, biz buni davlatga xiyonat deb hisoblamadik. Davlatga xiyonat – bu agar Rossiyaga hujum qilinsa va biz dushman uchun ishlasak bo‘lardi. Rossiyaga hech kim hujum qilmadi. Qanaqa davlatga xiyonat? Bu yovuzlikka qarshi kurashdir. Yovuzlikka qarshi kurash!» deb qizishib javob beradi Tatьyana, uning yonida o‘tirgan Sergey esa bosh irg‘ab qo‘yadi.

«Agar siz bergan koordinatalarga zarba berilib, u yerda turar-joy binosi bo‘lsa-chi?»

«Ularni [Ukraina harbiylari] urmagandi. Hatto shunday holat ham bo‘lganki, Peremogniyda yaxshigina, katta nishon bor edi, yonida esa turar-joy binolari. Ular: U yerga zarba berolmaymiz, turar-joy binolariga zarar yetadi, deyishdi», ta’kidlaydi Sergey.

Bi-bi-si muxbirlari nishonga olishlar tinch aholi o‘limiga olib kelgan holatlarga misollar keltirganda, Voronkovlar o‘z harakatlari "tinch aholi"ga zarar yetkazmaganiga qat’iy ishonishlarini aytishdi.

Er-xotin Kievdagi kuratori bilan 2022 yil aprel oyi oxirigacha, Novolyubimovkada mobil aloqa butunlay yo‘qolguncha aloqada bo‘lishgan. Bu vaqt davomida Sergey koordinatalarni to‘plar, Tatьyana esa ularni o‘z telefonidan uzatar va tekshirishlaridan qo‘rqib, uni yaxshilab tozaladi.

posledstviya obstrelov v odnom iz ukrainskix gorodov

Surat manbasi, IVAN SKIRTACH/TASS

Surat tagso‘zi, Rossiya bosib olgan Tokmakka qilingan hujum oqibati, 2023 yil

Tekshiruv o‘zini kuttirib qo‘ymadi. "Ular [formasiz qurollangan odamlar] ba’zan tekshirish uchun kelishardi. Barcha hovlilarimizni tekshirib, qurol-yarog‘ qidirardilar. Bizni kimdir sotdi, shuning uchun 18 aprelda uyni o‘rab olishdi, bir necha kishi avtomatlar bilan kirib, bizni olib ketishdi, – deya eslaydi Tatьyana Rossiya xavfsizlik kuchlari bilan birinchi to‘qnashuvni. – Seregani so‘roq qilishdi, menga esa ruhiy bosim o‘tkazishdi." Ular so‘roqdan qo‘yib yuborilgach, er-xotin Tokmakdan Novolyubimovkagacha 20 kilometr masofani Tatьyananing aytishicha, "adrenalin ta’sirida" piyoda bosib o‘tishgan.

Aprel oyi oxiridan 2022 yil noyabrigacha Novolyubimovkada hech qanday aloqa bo‘lmagan. Shu sababli, bu vaqtda er-xotin na o‘zlarining kuratori bilan, na Rossiyada yashayotgan voyaga yetgan o‘g‘li bilan gaplasholgan.

Biroq 2022 yil avgust oyida qishloqda yangi Rossiya hukumati paydo bo‘ldi. Bungacha ishg‘olchi ma’muriyat faqat Tokmakda edi, atrofdagi qishloqlarda esa odamlar o‘z holicha yashar, faqat ba’zida tintuv va hujjat tekshiruvlari bo‘lardi.

Qishloqning yangi rahbarini Sergey "gyaulyaytersha" deb ataydi. Oilaning u bilan munosabatlari darhol murakkablashgan: "U bosqindan bir yil oldin paydo bo‘lgandi. Go‘yoki Zaporojьe viloyatida tug‘ilib, mahalliy tibbiyot institutini bitirgan ekan. Biz uni [UXXdagi] aloqamiz orqali tekshirganimizda, bunday odam yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Grafskaya Irina Vasilevna. Kelib, uy sotib oldi, tinchgina yashadi, ko‘zga tashlanmadi, bosqin sodir bo‘lgach esa darrov faollashib qoldi."

jenщina v magazine

Surat manbasi, t.me/tokmakznaet

Surat tagso‘zi, Mahalliy Telegram kanalda Tokmak rasmiysi Irina Grafova qishloq do‘konlaridagi narx-navoni o‘rganayotgani haqida xabar chiqqan. 2024 yil noyabri

Sergeyning ta’kidlashicha, ma’muriyatning yangi rahbari mahalliy aholini Rossiya ularning barcha uylarini tortib olib, keyin ularni qaytarish yoki qaytarmaslikni hal qilishi haqidagi hikoyalar bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lgan. Sergey unga Rossiya Federatsiyasi fuqarosi ekanligini, shuning uchun Rossiya qonunlarini ham bilishini aytgan.

Sergey va Tatьyananing aytishicha, Grafskaya ular Ukraina rasmiylari bilan hamkorlik qilayotgani haqida gapirgan – chunki Voronkovlar bankomatdan pul yechayotganini ko‘rgan. Er-xotinning ta’kidlashicha, bu o‘g‘lining puli bo‘lgan va ular UXX bilan faqat beg‘araz hamkorlik qilishgan.

Nega bosib olingan hududdan shunchaki keta qolmadinglar, degan savolga er-xotin bir ovozdan: "Qayoqqa?" deb savol bilan javob qaytarishadi.

mujchina s kotom i s sobakoy

Surat manbasi, FAMILY ARCHIVE

Surat tagso‘zi, Sergey o‘zining Novolyubimovkadagi uyida

"Yarim yil o‘tgach, Ukraina butun dunyo bilan birgalikda bularning barchasini yo‘q qiladi, degan umidda edik, – deydi Sergey Novolyubimovkada qolish sababini tushuntirib. – To‘rtta itimiz bor edi. Mashinamiz ishlamasdi. Mariupolliklar bilan Zaporojьega Rossiya pasportlari bilan bora olmasdik – filtratsiyadan o‘tolmasdik. Rossiyaga borishni esa istamadik."

"Mana, biz Ukraina tez orada qaytishini kutdik. Axir qarshi hujum bo‘lishini aytishgan edi-ku, – davom etadi uning rafiqasi. – Doim Ukraina yangiliklarini eshitib o‘tirardik. Keyin ko‘nikib qoldik, xo‘jalikni yo‘lga qo‘ydik, qo‘limizdan kelgancha Ukrainaga yordam berdik va u yerda o‘zimizni biroz xotirjam his qila boshladik."

Bu holat Sergeyning qamoqqa olinishi bilan tugadi.

O‘ra

Iqtibos

Surat manbasi, .

Voronkovlar Rossiya fuqarolari sifatida ishg‘olning boshidanoq Rossiya xavfsizlik kuchlari e’tiborini tortgan. "Biz darhol shubha ostida qoldik, – deb tushuntiradi Sergey, – chunki ularda doimo savol tug‘ilardi: siz, ruslar, Ukrainada nima qilyapsizlar?"

2024 yil 20 aprelda Voronkov ekish uchun urug‘lik sotib olgani tuman markaziga bordi: "Tokmakdagi ko‘chadan olib ketishdi. Kutayotganlari ko‘rinib turardi. Chiqib qarasam, u turibdi, to‘g‘ri mening oldimga keldi..."

Sotrudnik Sledstvennogo komiteta Rossii v voennoy forme u avtomobilya

Surat manbasi, ALEKSANDR POLEGENKO/TASS

Surat tagso‘zi, Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimi Tokmakda, 2023 yil

"U" Sergeyning so‘zlariga ko‘ra, "fuqarocha" kiyingan va uning ortidan ta’qib qilib yurgan odam. Voronkovni qurollangan odamlar ushlab, qandaydir uyga olib borishdi va uning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, "maydoni bir metrga ikki va chuqurligi uch metr" bo‘lgan o‘raga tushirishdi. Sergey u yerda dastlab cho‘qqayib uxlaganini eslaydi – chuqur juda sovuq edi: "Bu xususiy joy-ku. Egasi ketgan, ular [Rossiya harbiylari] hozir bizning uyimizni egallab olgandek, uni ham egallab olishgan. Sabzavot saqlanadigan o‘raga meni tushirishdi."

Ertalab Voronkovni boshiga qop kiydirib so‘roqqa olib ketishdi. Xavfsizlik kuchlari undan ukrainaliklarga Rossiya pozitsiyalarini berganmi yoki yo‘q, so‘roq qilishdi.

Qamoqqa olingan birinchi kuni Voronkov o‘z aybini tan olmadi. Ikkinchi kuni uni yana boshida qop bilan poligrafga so‘roqqa olib borishdi. Uchinchisida yana so‘roq. "Iqror bo‘l. Biz sen bilan yaxshilikcha [gaplashyapmiz], yomonlikcha ham bo‘lishi mumkin," deydi u xavfsizlik kuchlari bilan muloqotini tasvirlab.

Sergeyning aytishicha, uni kaltaklashmagan, lekin doimiy ravishda tahdid qilishgan. Boshida qop bilan atrofida nima bo‘layotganini tushunmas, faqat zarbalarni kutardi.

To‘rtinchi kuni Voronkov nihoyat aybini tan oldi. U kaltaklanishdan va buning oqibatida qo‘shnilariga tuhmat qilishdan qo‘rqqanini aytdi. Bu paytga kelib Germaniyaga ko‘chib ketgan kievlik tanishi va Ukraina xavfsizlik xizmati bilan bog‘lagan chat-bot haqida so‘zlab bergan. Aslida xizmat bilan Tatьyana aloqada bo‘lgan, lekin Sergey xotinining bu ishga aralashganini yashirmoqchi edi.

Shundan so‘ng qog‘ozlarga imzo chekishi uchun uning boshidan qopni olishdi. Blankalar Rossiya ramzlari tushirilgan rasmiy hujjatlar edi, ammo Voronkov qaysi idora uni so‘roq qilganini eslay olmadi – juda holdan toygan edi. (Bi-bi-si Sergey Voronkovning hibsga olinishi bo‘yicha Rossiya FSBsiga so‘rov yuborgan va javob kutmoqda).

"Tergovchi Ryabuxaga protokolni imzoladim," deya eslaydi Sergey.

So‘roqdan keyin uni yana chuqurga tashlashdi.

avtomobil s nadpisyu FSB na bortu

Surat manbasi, FEDERAL SECURITY SERVICE OF RUSSIA/TASS

Sergey hibsga olinganining o‘ninchi kuni xavfsizlik xizmati xodimlari Tatьyananing Novolyubimovkadagi uyida tintuv o‘tkazishdi. Shu kunlar mobaynida u erini izlagan: Tokmak, qo‘shni Berdyansk va Vasilevkaga borgan, morglarga va kasalxonalarga kirgan, politsiyaga erining yo‘qolgani haqida ariza yozgan edi. Sergey g‘oyib bo‘lishi bilanoq, u Moskva viloyatida yashovchi o‘g‘liga otasining yo‘qolgani haqida xabar bergan. So‘ng o‘g‘li Rossiyaning turli idoralariga – Tergov qo‘mitasidan tortib prezidentgacha murojaat qila boshlagan (murojaatlar Bi-bi-si ixtiyorida mavjud).

Faqat 7 mayda vaziyat biroz oydinlashdi. "Menga Tokmakdagi mentlar aytishdi: uning qaerdaligini tushunmayapsizmi? U yerto‘lada o‘tiribdi. Uni FSB, kontrrazvedka olib ketgan," deydi Tatьyana.

Voronkovlarning aytishicha, huquq-tartibot xodimlarini ular qachonlardir tomorqada yashirgan 4400 dollar qiziqtirgan.

"Men pullarni yashirayotganimda, ehtiyot chorasi sifatida joyni suratga olib, o‘g‘limga yubordim. Agar uyimiz bombalansa yoki bizga biror kor-hol bo‘lsa, pullar shu yerga ko‘milgan, deb. Rasm tasodifan telefon xotirasida qolib ketgan ekan, ular esa uni topib olishgan," deb eslaydi Sergey.

Tintuv paytida xavfsizlik kuchlari pullarni qazib olishdi. "O‘tirib, kupyuralarni yozib chiqishdi, – deb kuladi Tatьyana. – Shartmasdi, o‘g‘irlashgan-ku, baribir ularni qaytarish hech kimning xayoliga kelmaydi."

Sergeyni hamon yerto‘lada ushlab turishari, faqat bir marta yangi biror narsa eslamadingmi deb so‘rashdi. Yuvinishga qo‘yishmadi, ovqatni kam berishdi, savollarga javob qaytarishmadi. U 26 mayda o‘zlarini FSB xodimi deb tanishtirgan odamlar kelib, uning ko‘rsatmalarini videoga olishganini eslaydi.

Biroq shu iqrorlardan tashqari, huquq-tartibot idoralari uning aybdorligiga boshqa dalil topolmagan ko‘rinadi, chunki tez orada Sergeyni qo‘yib yuborishdi.

zaderjanie

Surat manbasi, FEDERAL SECURITY SERVICE OF RUSSIA/TASS

Surat tagso‘zi, Kuchishlatar tizimi xodimlarining qo‘lga olishi

Ikki kundan so‘ng Voronkovga yuvinishga ruxsat berishdi, qovurilgan tuxum bilan ovqatlantirishdi ("Otuvga jo‘natishmoqchi, deb o‘yladim," deb hazillashadi u), mashinada uyigacha olib borib qo‘yishdi va hatto hamyonini qaytarib berishdi. Unda 15 ming rubl va 100 dollar – xuddi qo‘lga olingan paytdagi miqdorda pul bor edi.

Shu bilan birga, qurollangan odamlar Voronkovning deyarli barcha hujjatlarini olib qolishdi: xorijga chiqish pasporti, ichki pasport, Ukrainada doimiy yashash uchun ruxsatnoma, faqat haydovchilik guvohnomasini qaytarib berishdi. "Qanday yuray, deb so‘radim, – deb eslaydi Voronkov. – Ular esa yo‘qotib qo‘ydim, deysan, deyishdi."

Tatьyana va Sergey uning iqror bo‘lganidan so‘ng nega qo‘yib yuborilganini bilishmaydi. "Balki ularga dalil kerak bo‘lgandir. Ularning qo‘lida esa o‘zini o‘zi ayblaganidan boshqa hech narsa yo‘q edi, – deb taxmin qiladi Tatьyana. – Telefonimga virus o‘rnatishgan va barcha yozishmalarimni ko‘rishgan, buni menga keyinroq usta aytdi. Menimcha, ular meni muhim bir narsani uzatayotganimda qo‘lga tushirmoqchi bo‘lishgan. Ular «hechqisi yo‘q, uzatishda qo‘lga tushadi!» deb o‘ylashgan. Men rostdan ham qo‘lga tushdim!"

Bosib olingan hududdan suzib chiqib ketish

Tatьyananing aytishicha, uni "qo‘lga tushirgan" xabar kuratoriga yuborgan bitta jumladan iborat edi: "Menga boshqa yozmang." Lekin boshqa hech kim hech kimga xat ham yozmadi, ma’lumot ham bermadi – Tatьyana bilan Sergey dastlab Novolyubimovkada ilgarigidek yashash mumkin, deb o‘ylashdi.

Sergey Tokmakdagi pasport bo‘limiga borib, "yo‘qolgan pasport o‘rniga" yangi fuqarolik pasporti berilishini so‘rab ariza berdi. Ammo hokimiyat vakillari Voronkovga yangi hujjat berishni cho‘zishdi. Keyin Tatьyana bilan Sergey o‘zlarini kuzatishayotganini sezib qolishdi: ularning uyiga tekshirish uchun turli mashinalar kelib turar, odamlar Voronkovlar biror narsa sotishyaptimi-yo‘qmi, deb so‘rab-surishtirib yurishardi.

Oxir-oqibat Rossiya xavfsizlik kuchlari yana Novolyubimovkaga kelishdi. Ular Sergeyga ukrainlarga bergan koordinatalaringni bizga ko‘rsat deyishdi. Voronkov esa iqror bo‘lib ko‘rsatma berar ekan, ayyorlik qilib, qishloqda umuman mobil aloqa uzilib qolgan kunlarda kurator bilan bog‘langanini aytdi.

U bu hiyla agar ish sudgacha borib yetsa, unga yordam berishi mumkinligini taxmin qilgan edi. Hozir u o‘z taktikasini g‘ayrat bilan hikoya qilmoqda: "Mana, qarang: ular hujjatlarni tayyorlashgan, unda yozilgan: 4 mayda shunday koordinatalarni uzatgan. Men so‘radim: "Buni qayerdan bilasiz?" Ular esa: "Sening telefoningdan!" deb javob berishdi. Biz kula boshladik, chunki hech qachon ma’lumot uzatish uchun mening telefonimdan foydalanmagandik. Hamma narsani Tatьyana jo‘natardi. U so‘radi: "Imkoniyatimizga shubha qilyapsizmi?" Biz esa kulib: "Endi aniq shubhalanayapmiz!" dedik. Bilaman, telefonimda bunday narsa yo‘q edi. Ular darrov dovdirab qolishdi. Men esa ilgari bergan barcha ko‘rsatmalarimdan voz kechishimni yozdim."

foto doma

Surat manbasi, FAMILY ARCHIVE

Surat tagso‘zi, Voronkovlarning Tokmakdagi uyi

Darvoqe, er-xotin ular tinch qo‘ymasliklarini va oxir-oqibat Sergeyga qarshi ish ochilishini tushunishardi. Yevropada yashovchi huquq himoyachilari bilan maslahatlashib, Voronkovlar avval Rossiyaga, keyin esa u yerdan chiqib ketishga qaror qilishdi. "Aslida, hammaga bizning orqamizdan kuzatishayotgani ma’lum edi. Shuning uchun ketishimiz kerakligini aytganimizda, qo‘shnilar yordam berishdi, barcha mollarni sotib olishdi. Muzlatgichlar va boshqa narsalarni ham arzimagan narxga bo‘lsa-da, deyarli hammasini sotdik," deydi Tatьyana. Eng muhimi, deydi Sergey, itlarni joylashtirish imkoniyati tug‘ildi.

Hozir uylaringiz nima ahvolda, degan savolga Sergey shunday javob beradi: "U yerda fashistlar yashayapti! Ikki haftadan so‘ng harbiylar kirib kelishdi. Bizning uyimiz suv bilan ta’minlangan, hatto qishloqda suv o‘chirilganda ham [unda suv bor], shuning uchun u yerga biror muhim odam joylashgan bo‘lsa kerak."

Berdyansk

Surat manbasi, ALEKSANDR POLEGENKO/TASS

Surat tagso‘zi, Berdyansk shahri sohili. Shaharni Rossiya qo‘shinlari 2022 yil 28 fevralida bosib olganlar

Sergey to‘satdan ozod qilinganidan keyin bir yarim oy mobaynida kuch ishlatar organlar olib qo‘ygan pasporti nusxasi va yangi pasport kutayotgani haqidagi ma’lumotnoma bilan yurdi.

Ammo er-xotin Novolyubimovkadan chiqib ketish uchun bahona o‘ylab topishdi. Voronkovlar keng soyabonli poxol shlyapa kiyib, pufak qayiqni qo‘shnilaridan sotib olingan mashina orqa oynasi tagiga qo‘yishdi va go‘yo Sergey astma kasali bor xotinini dengizda dam olgani olib ketayotgandek, Berdyansk tomon yo‘l olishdi.

Ular aytishlaricha, bu yo‘lning oson qismi edi: yozda bosib olingan hududlar aholisining ko‘pchiligi qirg‘oqqa dam olgani borardi. Berdyanskka eson-omon yetib kelib, u yerda tunab qolishgach, ular Tatьyananing ukasi qabrini ziyorat qilish bahonasi bilan Luganskka yo‘l olishdi. Urush boshida safarbar etilgan uka Novobaxmutovka uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan edi.

KPP na avtomobilnoy doroge

Surat manbasi, DMITRY YAGODKIN/TASS

Surat tagso‘zi, Rossiya va o‘zini Donetsk Xalq respublikasi deb e’lon qilgan hududdagi chegara tekshirish nuqtasi

Voronkovlar Luganskda yana bir kecha qolishlari kerak edi. Ular birinchi urinishda davlat chegarasidan o‘ta olishmadi. Rossiya Ukrainaning bosib olingan to‘rt viloyati Rossiyaga tegishli ekanini da’vo qilsa-da, chegara eskicha ishlashda davom etardi, yo‘qolgan pasport nusxasi o‘tish uchun yetarli bo‘lmadi.

Ular pasport bo‘limidan Voronkov yangi hujjat so‘rab ariza bergani to‘g‘risida ma’lumotnoma olish va u yerda yana bir kecha tunash uchun Krasnodonga qaytishga majbur bo‘lishdi. Shu hujjat bilan ular chegaradan o‘tib, Moskva viloyatiga yo‘l olishdi.

"Omadimiz keldi. Shunchaki butun yo‘l davomida omadimiz yurishdi, menimcha," deya sayohatning bu qismini yakunlaydi Tatьyana.

Soxta pasportli odam

Moskva yaqinidagi Podolskda Sergey pasportni tiklashda muammolarga duch keldi: uni Tokmakdan yuborishni istashmadi. 2024 yil sentyabrь oyida er-xotin Belarus orqali Rossiyani tark etishga muvaffaqiyatsiz urinib, hech qanday hujjatlarsiz Smolenskka yo‘l olishdi.

"Ushlab, qaytarib yuborishdi. Militsiya qo‘lga oldi! – deb eslaydi Tatьyana. – Biz ularga turli bahonalar ko‘rsatardik, masalan, ziyoratchilarmiz, turli cherkovlarga ziyoratga ketyapmiz, mana endi Belarusga ketyapmiz deb."

Voronkovlarning hujjatlarini tekshirgan politsiyachilar Sergey allaqachon Zaporojьe viloyatida hibsga olinganini bilib qolishdi va uni olib ketish uchun FSB kelishini aytishdi.

"Militsiya xodimlari Sergey qamoqda o‘tirib chiqqanini bilib qolishdi. Biroq, mahalliy UFSB Sergey bilan Zaporojьeda nima sodir bo‘lganini aniqlashga qiziqmadi, shuning uchun er-xotinni kutilmaganda qo‘yib yuborishdi va Moskvaga yangi pasport olish uchun ariza topshirishga yuborishdi, "xodimlar ularni yana so‘roq qilishadi" deb aytishdi.

Shu suhbat davomida Tatьyana ular Zaporojьe viloyatida bo‘lganlarida uning telefonini maxsus xizmatlar o‘qiganini tushundi. FSB xodimlaridan biri unga "yaxshilab o‘ylab ko‘rishni" taklif qildi, u Sergey hibsga olinganda boshqa bog‘lanmaslikni so‘rab kimga xabar yuborganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘sha xabar matnini FSB xodimi unga deyarli so‘zma-so‘z o‘qib bergan.

Pogranichnыy stolb na granitse Rossii i Belarusi

Surat manbasi, soyuz.by

Surat tagso‘zi, Ilgari Rossiya bilan Belarus chegarasini biror-bir tekshiruvsiz kesib o‘tish mumkin edi. Pandemiya payti chegara nazorati o‘rnatildi, hozir Rossiyadan Belarusga o‘tayotganlarni tekshirishadi

Voronkovlar Moskvada FSB xodimlari bilan uchrashuvni kutib o‘tirmaslikka qaror qilishdi. Moskva viloyatiga qaytgach, Sergey Telegram'da eski fuqarolik pasporti nusxasini buyurtma qildi, uni hibsga olish chog‘ida tortib olishgandi. Ushbu qalbaki hujjat bilan er-xotin Belarusga eson-omon yetib olishdi va undan Litva bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tishdi.

Soxta pasport tufayli Voronkovlar yangi muammoga duch kelishdi: endi Litva xavfsizlik kuchlari Sergeyni nafaqat chegarani noqonuniy kesib o‘tishda, balki soxta hujjatdan foydalanganlikda ham aybladi – Litvada bu jinoiy ish hisoblanadi. Voronkov yangi hayotining birinchi oyini Kaunas qamoqxonasida o‘tkazdi, ammo bu qamoqxona unga Zaporojьe zindonidan ko‘ra ancha yoqdi.

"Bo‘lib o‘tgan hamma narsadan keyin, u yer yopiq turdagi sanatoriy edi, – deb kuladi u. – Haftada ikki marta dush, hammom. Ko‘rpa-to‘shaklar muntazam almashtiriladi. Nonushta keltirilganda uyg‘otishadi. Qarta o‘ynadik, qo‘ng‘iroq qilish uchun kartochkalar berishardi – xohlasang har kuni 20 daqiqa gaplashishing mumkin. Tennis o‘ynash, muzlatgich, mikroto‘lqinli pechdan foydalanish imkoni bor. Sport zali, har kuni sayr. Hatto kompyuter ham bor, lekin undan faqat hukumatning www.gov.lt saytiga kirish mumkin."

granitsa

Surat manbasi, MINDAUGAS KULBIS/AP/TASS

Surat tagso‘zi, 2022 yili Litva Belarus bilan chegarasida devor o‘rnatdi

Litva sudi Voronkovni qalbaki pasportdan foydalanganlikda aybdor deb topdi va uni 26 kunlik qamoq jazosiga hukm qildi. Ammo hozirda Prenay shahar sudida yangi sud jarayoni ketmoqda, agar u muvaffaqiyatli yakunlansa, Sergeyga qamoqda o‘tirgan vaqti uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Sergey va Tatьyana tez orada Litvadan boshpana olishga umid qilmoqda. Rossiyada qolgan o‘g‘illari ota-onasining boshidan o‘tganlarini bilgach, ular bilan aloqani uzdi.

Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq kuratori Novolyubimovkadagi yordamchilarini unutmagan edi. Litva rasmiylarini Rossiyadan qochganlarning hikoyasiga ishontirish uchun Ukraina Milliy gvardiyasining 28-polki Voronkovlarga shaxsiy minnatdorlik xatini yubordi.

"Harbiy qismni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganingiz va ko‘rsatgan yordamingiz uchun. Sizning fidoyiligingiz, mehribonligingiz va eng qiyin damlarda yordamga tayyorligingiz juda muhim. Sizning yordamingiz tufayli biz o‘z vazifalarimizni muvaffaqiyatli bajarishimiz va davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashimiz mumkin," deyiladi podpolkovnik Yevgen Jar tomonidan imzolangan hujjatlarda (ikkala minnatdorchilik xati ham Bi-bi-si Rus xizmatida bor).

Ukrainaning Litvadagi elchixonasi ham Voronkovlar oilasi "Ukrainada vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi asosida yashaganini" tasdiqladi.

zamok

Surat manbasi, FAMILY ARCHIVE

Surat tagso‘zi, Sergey va Tatyana Ukrainaning Kamenets-Podolskida, 2019 yil

Kelajakda Ukrainaga qaytishni istaysizmi, degan savolga Sergey shunday javob beradi: "Bilasizmi, agar imkoniyatim bo‘lganida, ertagayoq ketgan bo‘lardim." Uning xotini esa pragmatikroq: "Mol-mulk bor joyga borishning ma’nosi bor. Agar shunchaki Ukrainaga boradigan bo‘lsak – u yerda ham, bu yerda ham hamma narsani noldan boshlashga to‘g‘ri keladi."

Bi-bi-si muxbirlari Rossiyaga qaytishga rozi bo‘larmidingiz, deb so‘raganlarida, Voronkovlar bir xil javob berishadi – yo‘q, hech qachon. Sergey qo‘shimcha qiladi: "Agar insoniy qiyofasi namoyon bo‘lsa, balki. Hozir u yerda insoniylikdan asar ham yo‘q."

Uning 87 yoshli onasi Rossiyada yashaydi va shu vaqt ichida o‘g‘liga nima bo‘lganini uncha tushunmaydi. U butunlay boshqa fikrda. Voronkovning aytishicha, bosqin boshlanganidan keyin u onasi bilan gaplashganda juda g‘azablangan, hatto bir muddat unga qo‘ng‘iroq qilmay qo‘ygan. Tatьyana erining qo‘lidan ushlab, muloyimlik bilan deydi: "Yo‘q, men bunga qarshi edim, baribir ona-ku, munosabatlarni saqlab qolishga harakat qilish kerak."

«Onangizni sog‘indingizmi? Uni boshqa ko‘rmasligingiz mumkin».

Sergey Voronkov hech ikkilanmay:

«Yo‘q, sog‘inganim yo‘q! Sog‘inmayman».

*Rossiya hukumati Anastasiya Lotareva va Ilya Barabanovni "xorijiy agent" reestriga kiritgan. Bi-bi-si ushbu qarorga keskin qarshi va qaror ustidan sudga murojaat qilgan.