Ukraina: Rossiya bosqinidan so‘ng bedarak ketgan 60 mingdan ziyod odam qaerda?

- Author, Sara Reynsford
- Role, Sharqiy Yevropa bo‘yicha muxbir
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
Rossiyaliklar Tatyana va Oleg Plachkovlarning uyiga tunda bostirib kirib, ularni olib ketishdi.
Bu voqea 2023 yil 25 sentyabrda Ukrainaning janubi-sharqidagi Melitopol shahrida sodir bo‘ldi. Bu shaharda ular bir-birlarini sevib oila qurgan edilar. Ularning shahrini esa rus qo‘shinlari bosib olgan edi.
Erkaklar qurollangan va qora kiyimda edi. Ba’zilari uyni tintib, qurilmalar va hujjatlarni musodara qila boshlaganida, boshqalari Tatyana va Olegni qo‘llariga kishan solib olib ketgan.
Shundan so‘ng er-xotin izsiz yo‘qolgan.
Ukraina 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri 61 mingdan ortiq odamni, ham harbiylar, ham fuqarolarni, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritgan.
Jangda bedarak yo‘qolgan askarlar keyinchalik harbiy asirlar almashinuviga qo‘shilishi mumkin. Ammo fuqarolar juda kamdan-kam qaytariladi: ruslar odatda ularni ushlab turganini tan olishmaydi.

O‘g‘irlanganidan to‘rt oy o‘tgach, Tatyana hushsiz ahvolda Melitopoldagi shifoxonaga tashlab ketilgan. Uning na kiyimi, na tibbiy hujjatlari bor edi va uni olib kelgan askarlar hech qanday tushuntirish bermay ketib qolishgan. U hushiga kelmay vafot etgan.
Oleg esa hech qachon topilmagan.
"Unga nima qilishgani va nima uchun shunday qilishgani haqida o‘ylash men uchun juda og‘ir. Onam 51 yoshda edi. U hayotni sevar edi. U juda nurli inson edi, keyin hammasi barbod bo‘ldi," deydi juftlikning yagona qizi Lyudmila unsiz yig‘lab.
"Agar, xudo ko‘rsatmasin, otamga biror kor-hol bo‘lsa, bu meni o‘ldiradi."
Jazo, qo‘rquv va patrul askarlari
Lyudmilaning telefoni ota-onasi haqidagi quvonchli xotiralarga to‘la. U yaqinda Ukrainaga kelganida menga ularni ko‘rsatdi. U Ukrainaga oilaviy restoran biznesini tugatish va agar jasad topilsa, otasini aniqlashi mumkin bo‘lgan DNK namunasini berish uchun kelgan edi.
Lyudmila bu haqda o‘ylashni istamaydi.
Oila nihoyatda inoq edi. Har kuni Rossiya okkupatsiyasi sharoitida uning ota-onasi taskin beruvchi videolar yuborishardi.
"Salom, qizim! Shunchaki xabar beryapman," deya gapiradi Tatyana bir videoda, so‘ng kamerani xalatda qo‘l silkitib, jilmayib turgan eriga qaratadi.
Urushdan oldingi hayotdan olingan suratlar ham bor: plyajda kulishayotgan, diskotekada raqsga tushayotgan. Er-xotin energiya va hayotga to‘la.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Onam 51 yoshda edi. U hayotni sevar edi. Undan baxt taralib turardi, keyin hammasi shunchaki yoʻq boʻldi.
2022 yil boshida Rossiya tanklari ularning shahriga kirib kelganida, Plachkovlar qolishga qaror qilishgan. Butun mamlakat Vladimir Putin tahdid qilgan bosqinga duchor bo‘ldi, ammo ko‘pchilik birinchi portlashlargacha buni tasavvur qila olmagan.
Dastlabki haftalarda Lyudmila Ukrainaning ko‘k va sariq bayroqlarini hilpiratib, askarlarga "ketinglar" deb baqirayotgan olomonga qo‘shilgan. Keyin qamashlar boshlangan.
Putin Rossiyasida qo‘rqitish – boshqaruv usuli: norozilik sindiriladi, tanqidchilar qamoqqa olinadi. Maqsad ozchilikni jazolash va qolganlarni itoatkorlikka majburlashdir.
Hozir xuddi shu narsa Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda egallangan Ukraina janubi va sharqidagi hududlarga ham kiritilgan, askarlar ko‘chalarda patrullik qila boshlagan.
U yerda Kievga sodiq deb hisoblanganlar sotqinlar sifatida ko‘rilgan.
Tatyana va Ukraina kelishini "kutayotganlar"
O‘sha sharoitda bir necha oy o‘tgach, Lyudmila qochqin sifatida chet elga ketgan. Ammo onasi o‘z shahrini, ota-onasini yoki Oleg bilan birga qurgan biznesini tashlab ketishni xohlamagan. U Ukraina harbiylariga ham ishonardi.
2023 yil oxirida barcha gap-so‘zlar Rossiyadan hududni qaytarib olish uchun janubi-sharqdagi qarshi hujum haqida edi va Tatyana Melitopol ozod etilishiga ishonardi.
"U kuchli optimist edi, – jilmayadi Lyudmila. – Men "Oyi, balki ketarsiz», derdim. U esa: "Yana ozgina vaqt. Bizning yigitlarimiz ko‘proq harakat qilishadi», derdi."
O‘sha yil boshida Tatyananing nomi internetda rossiyaparast forumda paydo bo‘lgan edi. Uni "kutayotgan"lardan deb ko‘rsatishdi. Melitopol ayg‘oqchilarga to‘la edi.
"U, albatta, pul xayriya qildi va [Ukrainaga] qo‘lidan kelgancha yordam berdi," deydi menga qizi. "Ba’zi odamlar jang maydonida, boshqalari esa Ukrainaga boshqa yo‘llar bilan yordam berayotib, okkupatsiyada halok bo‘lmoqda. Men uchun u jangchi. U xavf-xatarlarni bilardi. Lekin u yordam berishi kerak edi."
Bu vaqtga kelib, bosib olingan hududlardagi ukrainaliklar Rossiya pasportini olishga majbur bo‘layotgan edi. Maktablarga, shuningdek, politsiya va prokuraturaga Rossiya fuqarolari jalb qilindi.
Oxir-oqibat, Tatyana va Oleg, agar Ukraina armiyasi noyabrgacha kelmasa, Melitopolni tark etishga rozi bo‘lishdi. Ammo sentyabrь oyida ular hibsga olindi.
G‘oyib bo‘lganlar taqdiri nima bo‘ldi?
Lyudmila tashvishga tushdi. Bosib olingan shaharga qaytib kelolmagach, u javob talab qilib, rasmiy idoralarga xat yoza boshladi. Shu paytda buvisi mahalliy politsiya bo‘limlari va qamoqxonalarni qidirishni boshladi.
Keyin, 2024 yil fevral oyida qo‘ng‘iroq keldi: Tatyana og‘ir ahvolda ekan va Lyudmilaning buvisi uni kasalxonada ko‘rishi mumkin ekan – lekin avval FSB tomonidan so‘roq qilinishi kerak ekan. Shunday qilib, oila Tatyana josuslikda gumon qilinayotganini bilib oldi.
Biroq bu paytga kelib u hushsiz edi. Keyinchalik hamshira Lyudmilaga onasi og‘ir yotoq yaralari bilan kasalxonaga keltirilganini aytdi. Bu uning ancha vaqt harakatsiz bo‘lganini ko‘rsatardi. Xo‘sh, u qaerda bo‘lgan va unga nima bo‘lgan?
O‘zining tirishqoqligi bilan Lyudmila ota-onasining yo‘qolishi bo‘yicha hujjatlar to‘pladi, lekin u hujjatlardagi so‘zlarning hech biri mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini aytadi. Hujjatlarda Tatyana Rossiya harbiylari haqidagi ma’lumotlarni Ukraina razvedkasiga berib kelgani aytilgan, biroq jinoyat ishi u kasalxonaga keltirilganidan keyingina ochilgan.
Bungacha hujjatlarda "harbiy kiyimdagi noma’lum shaxslar" uni va Olegni 2023 yil sentyabrida "noma’lum tomon"ga olib ketgani qayd etilgan.

O‘shandan beri ularning qaerdaligi rasman sir. Ammo Rossiyada josuslik ishlari, jumladan, hibsga olish va so‘roq qilish bilan aynan FSB shug‘ullanadi va aynan Rossiya FSB xodimlari Tatyana va Olegning uyida tintuv o‘tkazgan.
"Yomon sharoitlar va to‘g‘ri parvarish yo‘qligi tufayli uning sog‘lig‘i yomonlashganiga ishonishni xohlardim, lekin ich-ichimdan uni qiynoqqa solishganini tushunyapman," deb o‘ylaydi Lyudmila.
Uning fikri bosib olingan hududdagi shafqatsizlik haqidagi bevosita guvohlar hikoyalariga, shu jumladan, Tatyana bilan bir xil josuslik ishi bo‘yicha ayblangan restoran qo‘shiqchisining so‘zlariga asoslangan.
"Ehtimol, ular ma’lumot olishga urinishgan, – deydi Lyudmila. – Bilaman, ular elektr toki bilan qiynoqqa solishni yaxshi ko‘rishadi."
U olgan autoptsiya va kasalxona hisoboti shuni ko‘rsatadiki, Tatyana uzoq vaqt sun’iy nafas olish apparatida bo‘lganidan keyin zotiljamdan vafot etgan. Lekin nima uchun dastlab intubatsiya qilingani qayd etilmagan. Lyudmilaning otasi Olegga nima bo‘lgani ham noma’lum.
"U hibsga olinganlar ro‘yxatida yo‘q, unga nisbatan jinoyat ishi mavjud emas," deyiladi Rossiya Ichki ishlar vazirligi maktubida. Politsiya o‘g‘irlash bo‘yicha jinoyat ishi ochgan, ammo gumonlanuvchilar va izlar yo‘q.
Boshqa minglab daraksiz ketganlar
Lyudmilaning azob-uqubatlari minglab ukrainalik oilalar boshiga ham tushmoqda. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) Kievdagi ishonch telefoniga qilinayotgan qo‘ng‘iroqlarning aksariyati yo‘qolgan qarindoshlarini qidirayotgan odamlardan.
Telefon operatorlari batafsil ma’lumotlarni to‘playdi, ko‘pincha uzoq va hissiy suhbatlar orqali, so‘ng ularni Jenevadagi kuzatuv ma’lumotlar bazasiga yuboradi.
Lyudmila o‘z ma’lumotlarini bu yerda ham, boshqa joylarda ham qayd etgan, lekin hozircha javob yo‘q.
"Biz qila oladigan ishlarning ham chegarasi bor va biz oilalar bilan juda ochiq bo‘lishimiz kerak. Ko‘p azob va umidsizlik bor," -eydi XQXQ so‘zchisi Patrik Griffits.
Shuningdek, u Ukrainada XQXQ Rossiyaga yetarlicha bosim o‘tkazmayotgani haqidagi tanqidlarga qarshi chiqmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining (XQXQ) Kiyevdagi ishonch telefoniga qilinayotgan qoʻngʻiroqlarning aksariyati Lyudmila kabi yoʻqolgan qarindoshlarini qidirayotgan odamlardan.
JarayonTelefon operatorlari batafsil maʼlumotlarni toʻplaydi, soʻng ularni Jenevadagi kuzatuv maʼlumotlar bazasiga yuboradi.
Xalqaro gumanitar huquq barcha davlatlarga qurolli to‘qnashuv paytida har bir hibsga olingan shaxs haqida xabar berish va ular bilan uchrashish imkoniyatini ta’minlash majburiyatini yuklaydi, ammo Rossiya buni shunchaki e’tiborsiz qoldiradi. Bu qisman bosib olingan hududlardagi barcha fuqarolarni rus deb hisoblashi bilan bog‘liq. Bu, shuningdek, dunyoning qolgan qismidagi qoidalarga nisbatan nafratning namoyon bo‘lishidir.
XQXQ xodimlari Moskvada va Ukrainaning bosib olingan ba’zi qismlarida bor, ammo yordam tarqatishga ba’zan ruxsat berilsada, Melitopolda maxfiy qamoqxonalarni qidirish uchun aylanib yurish mumkin emas.
"Ko‘plab oilalar borki, ular... o‘zlari izlayotgan javobni hech qachon ololmasliklari mumkin," — deya ogohlantiradi janob Griffits va XQXQ hech qayerga "zo‘rlik bilan kira olmasligini" qo‘shimcha qiladi. "Ammo hokimiyat bilan muloqot jarayoni, kirish imkoniyatini yaxshilashga urinish hech qachon to‘xtamaydi."
Ukrainaning o‘z milliy qidiruv guruhi undan ham kamroq imkoniyatga ega. Maxsus holatlarda bedarak yo‘qolganlar bilan ishlash bo‘limi Kievdagi Ichki ishlar vazirligi koridori oxirida joylashgan atigi uch nafar politsiyachidan iborat. Biroq, ularning kuchli yuzni tanish dasturiy ta’minoti veb-saytlar va ommaviy axborot vositalarini skanerlab, yo‘qolganlarning tobora ko‘payib borayotgan ro‘yxatini qidira oladi.
Rossiyalik blogerlar ba’zan hibsga olinganlar yoki halok bo‘lganlarning videolarini joylashtiradi. Lekin Lyudmilaning otasini qidirish natija bermadi.
"Yoki u garovga olingan va qarindoshlari bilan bog‘lana olmayapti," deydi komissar Artur Dobroserdov boshqa ehtimolni aytishdan oldin. "Ba’zida halok bo‘lgan askarlarimiz bilan birga tinch aholining jasadlari ham bizga qaytariladi. Ular asosan juda yomon ahvolda bo‘lgani uchun ko‘rib tanib olish iloji yo‘q."
Shuning uchun Lyudmila DNK namunasini berdi.
Ruhiyat va tizimli ta’sir
Bosib olingan hududlarda o‘g‘irlashlar kamaydi, chunki keng ko‘lamli urush to‘rtinchi yiliga qadam qo‘ymoqda, ammo ular to‘xtamadi.
Ichki ishlar vazirligi o‘tgan oyda 1000 dan ortiq yangi bedarak yo‘qolganlarni qayd etgan bo‘lsada, bugungi kunda ularning aksariyati askarlardir.
Umuman olganda, Rossiyaning usullari shafqatsizlarcha samarali: Kievning eng ashaddiy tarafdorlari yo bosib olingan yerlarni tark etishgan, yoki boshlarini egib, jim yurishibdi. Ba’zi hollarda, bir vaqtlar bunday shaharlardan qochgan ukrainaliklar endi Rossiya hukmronligi ostida yashash uchun qaytmoqda. Ba’zilar uchun bu qochoq bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroq.
Ehtimol, shuning uchun so‘nggi paytlarda ba’zi ukrainaliklar bunday yerlar hali ham kurashishga arziydimi, deb ovoz chiqarib so‘rayotganini eshitdim.
Front chizig‘i Kiev foydasiga emas, arang o‘zgarayotgan va har kuni askarlar halok bo‘layotgan bir paytda, mamlakat juda qiyin savollarni bera boshladi: bu urush, uning yakuni va ulkan xarajatlar haqida.
Bedarak yo‘qolgan qaytdi: "Jahannamda edim"
Lyudmila hali ham umid qilish uchun qandaydir sabab topadi. Chunki ba’zan yo‘qolganlar qayta paydo bo‘ladi.
2023 yilda Leonid Popov xuddi Lyudmilaning ota-onasi kabi Melitopolda hibsga olingan.
U Rossiya harbiy texnikasini suratga olgan, askarlar uni ko‘chada quvlab ketishgan, so‘ng u g‘oyib bo‘lgan.
Uch oydan keyin otasiga qo‘ng‘iroq qilishdi: Leonid shahar kasalxonasida qoldirilgan, holdan toygan va juda suvsizlangan edi.
Onasi Anna o‘sha kungi e’lon qilgan fotosuratlar dahshatli: yigitning qovurg‘alari terisi ostidan aniq ko‘rinib turibdi.
"U menga juda yomon sharoitda bo‘lganini aytdi," deb eslaydi Anna o‘sha kuni Leonid bilan suhbatlashgani haqida.
U "oyi, qisqasi, men jahannamda edim," dedi.

Oylar davomida Leonid bir necha joyda so‘roq qilingan. "20 ga yaqin odamga plastik likopchalarda grechka va bir stakan suv berilardi. Och qoldik, deyishganda, jim bo‘l, bo‘lmasa otib tashlaymiz, deyishardi."
Ota-onasi uni Melitopoldan xavfsiz joyga olib chiqish rejasini tuza boshlashdi. Lekin u kasalxonadan chiqishi bilanoq darhol qo‘lga olindi va yana g‘oyib bo‘ldi.
Leonid ham Lyudmilaning otasi singari, garchi askarlar tomonidan olib ketilgan bo‘lsada, rasman bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Yana bir yil o‘tgach, ota-onasiga uning yana bir bosib olingan shahar – Doneskda tergov izolyatorida ekanligi va josuslikda ayblanayotgani aytildi. Dastlab uni topganidan juda xursand bo‘lishdi, endi esa uning sog‘lig‘i haqida xavotirda: Leonid paranoid shizofreniya bilan og‘riydi, dori bilan davolanadi.
"Ular bunday tashxis qo‘yilgan odam uchun dorisiz qamoqda o‘tirishning o‘zi o‘limga teng ekanligini tushunishmayapti," deb tashvishlanadi Anna. U insonparvarlik nuqtai nazaridan Leonidni asirlar almashinuvi ro‘yxatiga kiritishni so‘rab, Rossiya amaldorlariga xat yozishni boshladi.
Tramp ta’siri
"Hech kim bu dahshatni oldindan ko‘ra olmagan edi, – deydi Lyudmila. – Hozir ham bu haqda gapirayotganimda, uning haqiqat ekaniga ishongim kelmayapti."
U onasining qabri uchun surat tanlamagan, go‘yo otasini topguncha azasini kechiktirayotgandek. Lekin uning murojaat qiladigan joyi qolmadi.
Endi Donald Tramp yana Oq uyda, urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirilmoqda. Bu tez yoki oson bo‘lmaydi, u Ukrainani Melitopol kabi bosib olingan hududlarni Rossiyaga topshirishga majbur qilishi mumkin.
"Balki tinch aholini qo‘yib yuborishar, agar ular g‘alaba qozondik deb o‘ylashsa? – Lyudmila nekbin bo‘lishga harakat qiladi. – Yoki balki vaziyat yomonlashar: boshi berk ko‘chaga kirib qolarmiz."
"Nima bo‘lganda ham, bu yer endi Ukraina emasligini tan olish juda qiyin bo‘ladi."
Bu uning ota-onasi himoya qilgan va ular baxtli bo‘lgan yer va hozir ham Lyudmila Olegni sovuq yerto‘lada yoki qamoqxona kamerasida saqlanayotgan bo‘lishi mumkin deb ishonadi, hali ham topilishini kutib.
"Har qancha harakat qilmay, onamni qutqara olmadim, – deydi u. – Endi dadamni qutqarishim kerak."
































