"Tarbiyaviy tadbir": Chechenistonda pichoq bilan politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblangan o‘smirning jasadi shahar maydonida namoyish etildi

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Guvohlar o‘smirning jasadini ko‘rish uchun byudjet tashkilotlari xodimlari maydonga majburan haydab kelinganini aytmoqda. Ekspertlar esa bu eskicha odatlarga qattiq amal qilinadigan Chechenistondagi ilk o‘xshash holat ekani haqida gapiradi.

2025 yil 7 aprel kuni kechga tomon noma’lum shaxs Chechenistonning Achxoy-Martan tumanidagi patrul-post xizmati xodimlariga pichoq bilan hujum qilgan.

Bir nafar politsiyachi kasalxonada vafot etgan.

Ertasiga hujumda gumon qilingan o‘smirning jasadi shaharning markaziy maydoniga namoyish etilgan, byudjet tashkilotlari xodimlarini esa bu manzarani ko‘rishga majburlashgan.

Ramzan Qodirov o‘smirning qarindoshlarini Chechenistondan haydab chiqarishni talab qilib chiqqan.

Hujum

7 aprel kuni kech soat 9 lar atrofida Achxoy-Martan shahri yashovchisi YPX (Yo‘l-patrul xizmati) postida navbatchilik qilayotgan politsiyachilarga pichoq bilan hujum qilgan.

Hujum kuzatuv kamerasiga tushib qolgan. Tasvirlarda bir shaxs do‘kondan chiqib, yo‘lning o‘rtasida turgan politsiya mashinasi tomon yugurgani va mashina yaqinidagi uch politsiyachidan biriga tashlangani ko‘rinadi. U politsiyachini yerga qulatgan paytda o‘q uzilgan.

Achxoy-Martan Grozniydan 50 kmcha naridagi, tog‘ etaklariga yaqin joyda joylashgan shahar tipidagi aholi maskani. Aholisi taxminan 30 mingdan biroz ko‘proq.

Ikki urushni boshdan kechirgan Chechenistonda bunday voqealar kutilmagan holat emas.

Respublika hududida "terrorchilikka qarshi kurash" rejimi o‘n yilga yaqin amal qilgan va 2009 yilda bekor qilingan bo‘lsada, kuchishlatar tizim xodimlariga hujumlar kuzatilib turiladi.

Ramzan Qodirov avtoritar usulda boshqarib kelayotgan Chechenistonda norozilik kayfiyati vaqti-vaqti bilan ana shunday alohida zo‘ravonlik harakatlari shaklida namoyon bo‘ladi.

Norozi chechenistonliklar uchun YPX postlari nisbatan oson nishon, politsiyachilar esa hokimiyat "vakili" sifatida eng aniq ko‘zga tashlanadigan shaxslardir.

7 aprel kungi hujumda bir politsiyachi og‘ir yarador bo‘lib, kasalxonada vafot etdi. Yana ikki nafari jarohat oldi. Tergov qo‘mitasi "huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hayotiga suiqasd qilish" moddasi bo‘yicha ish ochdi.

O‘rta asrlarga xos odat

9 aprel kuni Achxoy-Martandagi byudjet tashkilotlari xodimlari shahar markaziga majburiy ravishda olib kelingan.

Rus mahalliy matbuoti bilan gaplashganlarning so‘zlariga ko‘ra, tadbir tafsilotlarini hech kim avvaldan bilmagan.

"… hech kim, hatto, eng dahshatli tushida ham u yerda nima ko‘rishini o‘ylamagan edi. Tadbirga maktab o‘quvchilarini ham jalb qilishganiniku, aytmasa ham bo‘ladi", deya mahalliy maktab direktoridan iqtibos keltirgan Kavkazskiy uzel nashri.

Tadbirga majburan keltirilganlardan birining nashrga aytishicha, to‘planganlar qarshisida avval shahar ma’muriyati rahbari Xoza Bursagov va tumanning qozisi (shariat bo‘yicha qaror chiqaruvchi islomiy sudьya) Abdurashid Daduev paydo bo‘lgan.

O‘sha payt maydonga kelib to‘xtagan mashinadan qon oqib turgan polietilen paketga o‘ralgan jismni yerga tushirishgan.

Bu mahalliy hokimiyat politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblagan o‘sha o‘smirning jasadi bo‘lgan.

Yig‘ilganlarga "tarbiyaviy ahamiyatga ega" deya tushuntirilgan tadbirda olingan videoyozuvlarni Checheniston muxolifati Telegramdagi kanallarda e’lon qilgan.

Birinchi videoda, Achxoy-Martan ma’muriyat binosi oldida, yosh yigitning jasadi atrofida bir guruh odamlar to‘plangani ko‘rinadi, ayollarning yig‘layotgan tovushlari eshitiladi.

Guvohlarning xabar qilishicha, hatto bir necha ayol hushidan ketgan bo‘lsa ham, mitingdan ketishga hech kimga ruxsat berilmagan.

Telegram'dagi muxolif kayfiyatdagi NIYSO kanali ushbu videoni e’lon qilarkan, miting tugaganidan keyin ham jasadni shu yerda qoldirishganini yozgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ikkinchi videoda esa o‘smirning jasadi boshqa joyda yotgani, atrofda mashinalar harakatlanayotgani ko‘rinadi.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi Yeva Merkacheva Achxoy-Martandagi voqeani "vahshiylik" va "o‘rta asrlarga xos amal" deya atagan.

"Bu hech qanday huquq normalariga to‘g‘ri kelmaydi va kelolmaydi ham. Insoniyat qonli qasos, o‘lim jazolari va shafqatsizlikni namoyish etishdan voz kechish uchun rivojlandi. Mening nazarimda, bu hodisa madaniy va tamaddun jihatdan orqaga qadam", deydi u Gazeta.ru nashriga bergan intervyusida.

Mas’uliyat

Achxoy-Martandagi hujumdan so‘ng Ramzan Qodirov kuchishlatar tizim xodimlari bilan majlis o‘tkazgan.

U o‘smirning qarindoshlarini respublikadan haydab chiqarish tashabbusini o‘rtaga tashlagan.

"Bu valadi zino masalasida gapirsam: ota-onasini, agar aka-ukasi bo‘lsa – hammasini respublikadan chiqarish kerak. Ularning mulkini, agar bo‘lsa, Chechenistonda ham, Moskvada ham, tortib olish lozim", ta’kidlagan Qodirov chechen tilida.

U kuchishlatarlarga nisbatan bunday hujumlar uyushtirganlar yuz tutajak oqibatlarni tilga olgan.

"Birinchidan, mulki musodara qilinadi, sotiladi va tushgan pullar muhtojlarga yordam sifatida tarqatiladi. Agar qarindoshlari hujumchilarni to‘xtata olmasa, bir oydan keyin ikkinchi bosqich amalga oshiriladi: amakivachchalari Mulki ham tortib olinib, ular ham respublikadan chiqarib yuboriladi".

Qodirov bunday hujumlarning oldini mas’uliyati qarindoshlar gardaniga yuklanishini ta’kidlagan.

"… terrorchilarning ota-onalari va eng yaqin qarindoshlariga alohida mas’uliyat yuklanadi. Ularning har biri bilishi kerak: agar yaqinlarning jinoyatdan xabari bo‘la turib chora ko‘rmasa, ko‘maklashsa yoki, bundan ham battari, zo‘ravonlikni rag‘batlantirsa, bu ishlar uchun javob beradi," deyiladi Qodirovning Telegramdagi kanalida chop etilgan xabarda.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlikda ayblangan o‘smir Ramazon Hayiti munosabati bilan Moskvadan respublikaga kelgan.

Rasmiy ma’lumotlarda yigitning ismi aytilmagan, ammo Chechenistonning "Grozniy" telekanali o‘smirning suratini e’lon qilgan.

"Chechenistonda jamoaviy javobgarlik amaliyoti – bu yangilik emas, u anchadan beri mavjud", deydi Kavkaz.Realii jurnalisti Zakir Magomedov.

"Chechenistonda kuchishlatar idoralarga hujumlar sodir bo‘lgandan so‘ng, Ramzan Qodirov deyarli har safar gumon qilinganlarning qarindoshlariga nisbatan repressiya boshlashni buyuradi. Ammo o‘ldirilgan odamning jasadini shahar maydoniga olib chiqib ko‘rsatish – bu endi yangilik. Bunday holat na islomda, na chechen odatlarida mavjud emas. O‘ylashimcha, bu Qodirov rejimining yangi "an’anasiga" aylanadi. Bu, shubhasiz, qo‘rqitish harakati, boshqalarga "shu ko‘yga tushasiz, oilalaringiz, qarindoshlaringiz ham azob chekadi" degan ogohlantirish".

Yana Ukraina aybdor

Ramzan Qodirov politsiyachilarga pichoq bilan qilingan hujum ortida Ukraina turganini iddao qilgan.

"Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya FSB bilan hamkorlikda bu ish ortida turganlarning otalarini, birodarlarini respublikadan chiqarib yuborishi kerak. Ularning butun mol-mulkini musodara qilish lozim… Agar shundan keyin ham ularni moliyalab kelayotgan Ukraina bu yo‘lidan to‘xtamasa, boshqa qarindoshlarini ham [respublikadan] chiqarib yuborish kerak", tahdid qilgan Checheniston rahbari.

Ukraina tomoni Qodirovning bu da’vosiga munosabat bildirmagan.

Odatda qarindoshlarni respublikadan haydash (ular asosan Rossiyaning boshqa hududlariga ko‘chib ketishadi) Chechenistonda kuchishlatar tizimlar xodimlariga qarshi hujumlar oldini olishga yordam bermaydi, deydi jurnalist Zakir Magomedov.

"Pichoq bilan hujum qilgan o‘smirning qarindoshlari hanuzgacha politsiya bo‘limida saqlanmoqda, u yerda ular bilan nima sodir bo‘layotgani noma’lum. Grozniydagi manbalarning xabar qilishicha, qarindoshlarga mas’uliyatni urushga borish orqali qisman yengillashtirishni taklif qilishyapti. Ya’ni bir nechta erkak qarindoshlar Ukrainaga qarshi urushga haydalmoqda", deydi Magomedov.

Vaziyatga munosabat bildirishi so‘ralgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov "muxolifat kanallari tarqatgan ma’lumotlar ishonchli emas"ligi sababli bu masalada izoh berishdan bosh tortgan.