Shavkat Mirziyoyev va’dasi, O‘zbekistonning kuchi va O‘zbek xalqi boshqachami? Video

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Milliy terma jamoaga shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi ham ishqibozlik qildi.
Published
O'qilish vaqti: 10 daq

O‘zbekiston tarixida bunaqasi bo‘lmagan...

Diqqat futbolda

O‘zbekiston jahon chempionatidagi ilk va tarixiy ishtirokiga yakun yasadi.

Milliy terma jamoa guruh bosqichidan ortga qaytdi.

Ammo murosasiz o‘yin ko‘rsatish, tarixiy gollarini kiritish, qo‘shaloq rekordlarni yangilashga ham muvaffaq bo‘ldi.

Jamoa sardorining to‘pi guruh bosqich saralash bellashuvlaridagi eng zo‘ri, deb topildi.

Messiniki bo‘ladimi yoki Mbappeniki, Eldor Shomurodov Kongo darvaozasiga kiritgan to‘p manaman, degan futbol yulduzlarinikini ortda qoldirdi.

Bu O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining jahon chempionatidagi ilk ishtirokidayoq kirita olgan ikkita to‘pdan bittasi bo‘lgan, jamoaning dastlabki goliga esa Abbosbek Fayzullaev mualliflik qilib, tarixga kirgandi.

Milliy terma jamoaga shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi ham ishqibozlik qildi.

Shavkat Mirziyoyev kattayu kichik minbarlardan ularga ketma-ket omad tiladi.

Hatto poytaxt Toshkent mezbonlik qilgan Xalqaro Investitsiya Forumida ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk va tarixiy ishtirokiga alohida to‘xtaldi.

Ayni o‘rinda prezident Mirziyoyevning Namangan viloyatiga ishchi safari ham bundan xoli kechmadi.

O‘zbekiston prezidenti Namanganda ekan, Portugaliyaga qarshisi misolida milliy terma jamoaning o‘yinini o‘ylab, nima bo‘larkin, deya, hattoki, ko‘ziga uyqu kelmayotganigacha oshkora e’tirof etdi.

Butun mintaqaning qo‘llovi esa misli ko‘rilmagan voqe’likka aylandi.

Bu kabi qo‘llov butun dunyoga yoyildi. Birinchilik bahona O‘zbekistonga qiziqish ham ortdi.

Ammo jamoaning birinchilikdagi ishtiroki futbol ahli orasida qarama-qarshi munosabatlarga sabab bo‘ldi va bo‘lmoqda.

Mavzu tahlili "Diqqat, BBC" dasturimizning bu galgi maxsus sonida.

Videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Tarixiy ishtirok

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kongoga qarshi o‘yini.

Surat manbasi, Lars Baron/Getty Images

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev: "Albatta, sportda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Bu – tabiiy. Bunga biz tayyor bo‘lishimiz kerak".

O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk va tarixiy ishtirokiga guruh bosqichida yakun yasadi.

Jamoaning jahon chempionatidagi ilk ishtiroki ekaniga qaramay, bu ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p e’tibor qaratilgan, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan va qarama-qarshi munosabatlarga turtki bo‘lgan mavzulardan biriga aylandi.

Bahsu munozaralar hatto butun post-Sovet makonini ham chetlab o‘tmadi.

Asosiy tanqid tig‘i esa jamoaning chet ellik Bosh murabbiysi Fabio Kannavaroga qaratildi.

Mavzuga O‘zbekiston prezidentining shaxsan o‘zi ham e’tibor qaratdi, 30 iyun kuni Yoshlar kunida chiqish qilayotganiga qaramay, Shavkat Mirziyoyev "bugun futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim"ligini ta’kidladi.

"Hammamizni hayajonga solgan mana shu bir oylik natija nuqtai nazaridan o‘zimning fikrlarimni aytmoqchiman, nega desangiz, buni aytmasam, ko‘plar noto‘g‘ri tushunayapti, lekin butun xalqimizga ham buning ildizlarigacha tushuntirib bermoqchiman", - derkan, prezident Mirziyoyev, "O‘zbekiston milliy terma jamoasi mamlakat Mustaqilligining 35 yilligida ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etdi. Buning o‘zi tarix", - deb aytdi.

"Albatta, sportda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Bu – tabiiy. Bunga biz tayyor bo‘lishimiz kerak", - dedi.

"Bir narsani bilinglar, Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos emas, desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi", derkan, Shavkat Mirziyoyev, "aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim", ekanini ta’kidladi.

Milliy terma jamoa shu kunlarda poytaxt Toshkentga qaytdi. Tantanali qarshi olindi. Ularni kutib olishga shaxsan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘zi chiqdi.

Abdulla Aripov ham Toshkent xalqaro aeroportida qilgan chiqishida futbolchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildi, ularni negativlarga ortiqcha e’tibor qilmaslikka chorladi.

"Hurmatli futbolchilar, sizlarning mashhurligingiz orqali salbiy fikrlar bildirib, o‘ziga soxta obro‘ va layk olmoqchi bo‘lgan har xil omadsiz sportchilar, mutaxassis va divan ekspertlari ko‘p bo‘ladi. Ularni ham kechirib yuboringlar", - dedi.

O‘zbekiston Bosh vaziri, o‘z o‘rnida, milliy terma jamoa tarixiy yutug‘ining sababini shaxsan mamlakat prezidentining sa’y-harakatlari natijasida "futbolda korruptsiyadan butkul xalos bo‘linganligi" bilan izohladi.

Abdulla Aripov, "bugungi avlodning jasorati kelgusi avlodlar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Yangi g‘alabalar, yanada yuksak marralar sari olg‘a!", - dedi.

Ammo O‘zbekiston Bosh vazirining bu chiqishi ham ijtimoiy tarmoqlarda turlicha munosabatlarga sabab bo‘lmay qolmagani ko‘rildi.

Jamoaning o‘yinlariga O‘zbekistondagi kattayu kichik birdek ishqibozlik qildi.

Butun mamlakat bo‘ylab rasmiy fan-zonalargacha tashkil qilindi, katta ekranlar o‘rnatildi.

Ayrim o‘yinlarning noqulay vaqtga to‘g‘ri kelgani va hatto kutilmaganda yog‘ib bergan yomg‘irlar ham katta sondagi o‘zbekistonliklarning jamoaga katta ekranlar qarshisida muxlislik qilishlariga to‘sqinlik qila olmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z yosh to‘kayotgan bolakaylar, to‘ydan turib duo qilayotgan onaxonlar videolari tarqaldi.

Xuddi shu manzarada hatto Bosh murabbiyga tavsiya berayotganlarining ham borliklari ko‘rildi.

Jamoaga qanday muxlislik qilayotganini O‘zbekiston prezidentining o‘zi ham yashirmadi, his-tuyg‘ulari bilan ochiqcha o‘rtoqlashdi.

"Nafaqat 10 ming kishilik "Bunyodkor" stadionida, balki Respbulikaning turli hududlaridagi istirohat bog‘larida, maktablar, universitetlarda milliy terma jamoaning o‘yinlari intiqlik bilan kutildi, bayramona qarshi olindi, birgalikda tomosha qilindi", - deydi Toshkentdagi muxbirimiz Alibek Beyjanov.

Muxbirimizga ko‘ra, o‘zi bilan gaplashgan ko‘plab o‘zbekistonliklar "o‘yinlarni bunaqangi katta ekranlarda, ko‘pchilik bilan birgalikda tomosha qilish o‘zgacha hayajonli" ekanini aytgan, ammo terma jamoaning natijalari "ko‘pchilikni qoniqtirmagan".

"Mag‘lubiyat alamiga chiday olmay, televizorini sindirganlar haqida ham eshitdik".

"Shunga qaramasdan, o‘zbekistonliklarning bir qismi bu milliy terma jamoa uchun birinchi tajriba ekanini va kelgusi mundiallarda omad kulib boqishi mumkinligini ham aytmoqda", - deydi u.

Muxbirimiz Alibek Beyjanov xuddi shu asnoda o‘zbekistonliklarga mikrofon tutib, ularning O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki haqidagi fikrlari bilan ham qiziqqan.

"Birinchi urinishga yaxshi, endi. Birinchi urinishga bo‘ladi. Omadimiz kelmadi yoki tajribamiz yetmadi", - deydi ulardan biri muxbirimiz bilan suhbatida.

"Bolalarning o‘yinidan ko‘nglimiz to‘ldi. Hamma "negativ" bildirayapti, "yomon o‘ynashdi", "morojenoe yeb kelishsa bo‘lardi", deb. Yo‘q, bizlar chiqolmagan paytimizda "xotya bi chiqsa", degan umidimiz bo‘lardi-da. Hozir chiqishdi, umidimizni oqlashdi, deb o‘ylayman", - deya o‘z shaxsiy fikrlari bilan o‘rtqolashdi boshqasi.

"Ular biz uchun chempion har doim...".

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining katta maydonlarda ko‘rsatayotgan o‘yini va qayd etayotgan natijalari ko‘pchilik o‘zbekistonliklarning diqqat-e’tiboridagi, ular o‘z taajjub va e’tirozlarini oshkora namoyon etib keluvchi mavzulardan biri bo‘ladi.

Futbolsevarlik bobida esa O‘zbekiston hatto Markaziy Osiyoning "Braziliya"siga qiyos berilgan holatlar ham oz emas.

Ўзбекистон президенти.
rasmiy
Albatta, sportda g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Bu – tabiiy. Bunga biz tayyor bo‘lishimiz kerak.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Eng og‘ir guruh

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari.

Surat manbasi, Getty Images

O‘zbekiston eng og‘ir guruhlardan biriga tushgan.

"K" guruhi aksariyat futbol ekspertlari tomonidan bu yilgi jahon chempionatining "O‘lim" guruhiga ham qiyos berilgan.

O‘zbekiston guruh bosqich bellashuvlarida Kolumbiya, Portugaliya va Kongoga qarshi to‘p surgan.

Ularning barchasidan mag‘lubiyatga uchragan. Ammo murosasiz o‘yin ko‘rsatishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Bu uchrashuvlardan ayrimlarini o‘zining foydasiga hal qilish, jahon chempionatining sensatsiyasiga aylanib, keyingi bosqichga chiqishning yaqqol imkoniyatiga ham ega bo‘lgan.

Terma jamoa Bosh murabbiysi ham jahon chempionatidagi ishtiroklari yakuni ortidan poytaxt Toshkentga qaytmagan, ta’tilini o‘tkazish uchun Italiyaga yo‘l olgan. Bu ham ko‘plab o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining e’tiboridan chetda qolmagan, nega, degan savollariga sabab xabarlardan biriga aylangan.

Ammo u orada matbuot anjumani bergan.

Fabio Kannavaro futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasligi, ular qo‘llaridan kelgan hammasini qilgani va o‘zi ulardan faxrlanishini aytgan.

Ammo xatolar qilganliklarini ham tan olgan.

Shunday ekan, jahon chempionatidagi ilk va tarixiy ishtirokida milliy terma jamoaga nima pand bergan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistondan taniqli sport sharhlovchisi Abror Imomxo‘jaev BBC bilan suhbatida buning sababini bir qancha omillarga bog‘ladi.

"Birinchi navbatda bizga tajriba yetishmadi.... Ikkinchi navbatda jamoaning jismoniy holati.... Uchinchidan, tarkibdagi muammolar.... Va yana bir sabab, darvozabonlar darajasi.... Asosiy sabablar mana shular, deb bilaman", - deydi suhbatdoshimiz.

Agar, ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘pchilikning fikriga tayanilsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasining muvaffaqiyatsizligida aynan Bosh murabbiysi Fabio Kannavaro aybdor.

Go‘yoki, Kannavaro hech narsaga muvaffaq bo‘lmasligini bilgan, O‘zbekistonga shunchaki pul ishlashga borgan.

Yoki jahon chempionati unga murabbiy sifatida shunchaki tajriba vazifasini o‘tab bergan. Futbolchilarning imkoniyatlari yaxshi bilmagan, olgan taktik qarorlari yanglish bo‘lgan.

Taniqli sport sharhlovchisi bo‘lgan suhbatdoshimiz Abror Imomxo‘jaev fikricha, "Kannavaro qo‘lidan kelganini qilgan".

"Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, u qo‘l ostidagi masalliqdan taom tayyorladi. Uning boshqa iloji, boshqa varianti yo‘q edi. Reyting bo‘yicha ham, daraja bo‘yicha ham guruhdoshlarimizdan yuqori o‘rinda emas edik. Shuning uchun ham qiyinligi oldindan ma’lum edi. U bor imkoniyatlardan foydalandi. Shuning uchun ham, menimcha, barcha aybni unga ag‘darish noto‘g‘ri bo‘ladi", - dedi u.

Xuddi shu manzarada, "murabbiy o‘zingdan chiqmaguncha, yaxshi natija qayd qilolmaysan. Bunga jahon chempioni bo‘lgan hamma terma jamoalar misol, degan gaplar ham ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p yangrayotganlaridan biriga aylangan.

Ammo bu kabi fikrlar ham O‘zbekistondagi futbol ahli orasida bir xilda qarshi olinmagan.

Jumladan, o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi San’at Sharipov esa, o‘zining X tarmog‘ida, "Xullas, ehtiroslarni chetga surib, aql bilan fikrlasak: agar, omad evaziga bitta o‘yinni yutganimizda, Kannavaroni "taktik daho" qilardik. Mentalitetimiz shunaqa. Kapadze bilan bundan battar inqiroz bo‘lishi ham mumkin edi. Bor masallag‘imiz – shu", - deb yozgan.

O‘zbekiston esa, Markaziy Osiyodan birinchi bo‘lib jahon chempionatiga chiqqan.

Bu yilgi birinchilikda yakka o‘zi butun postsovet makoni, ya’ni MDH davlatlarini tamsil etgan.

Boshqa tomondan, Osiyoning eng kuchli jamoasi sanaluvchi Yaponiya ham o‘zining jahon chempionatidagi ilk ishtirokida xuddi shunday natija qayd etgan.

To‘rt karra Osiyo chempionlari 1998 yilgi debyutida barcha uch uchrashuvini ham boy berib, jahon chempionatidagi ishtirokini guruh bosqichidayoq yakunlagan.

Jahon chempionatiga chiqa olgan qolgan biror bir Osiyo terma jamoasi ham o‘zining ilk ishtirokida bundan ortiq natija ko‘rsata olmagan.

"O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqqani nafaqat futbolimiz, balki mustaqil mamlakatimiz tarixidagi eng yorqin izlardan bittasi. Bunga hech qnaqa shubha bo‘lishi mumkin emas", - deydi Toshkentdan taniqli sport sharhlovchisi bo‘lgan suhbatdoshimiz Abror Imomxo‘jaev.

"Baribir, jahon chempionatida ishtirok etganimiz bu – xalqimizning juda katta yutug‘i, deb hisoblayman".

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga butun mintaqaning ishqibozligi esa, misli ko‘rilmagan voqe’likka aylandi.

Chetdagi ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortdi, e’tiborga tushdi.

O‘zbekistonning o‘yinlarini ko‘rish uchun ayrim mintaqa davlatlari poytaxtlarida hatto yo‘llar yopildi.

Avtomobillar harakati cheklandi. Poytaxtlari markazida katta ekranlar o‘rnatildi. "Futbol bayrami bo‘ldi". Bunaqasi esa shu paytgacha kuzatilmagan.

Bu gal O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yutug‘i mintaqani yanada birlashtiruvchi kuch, vosita o‘laroq o‘rtaga chiqqan, bu mintaqada sport diplomatiyasi, degan yangicha talqinlarga ham turtki bergan.

Abror Imomxo'jayev
skrinshot
Fabio Kannavaro bor imkoniyatlardan foydalandi. Shuning uchun ham, menimcha, barcha aybni unga ag‘darish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Abror Imomxo‘jayev
Sport sharhlovichisi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Osiyo jamoalariga nima bo‘ldi?

Futbol bo‘yicha Janubiy Koreya milliy terma jamoasi.

Surat manbasi, BAY ISMOYO/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Bu yilgi jahon chempionatida rekord sondagi Osiyo jamoalari ishtirok etishgan. Ammo jami 9 jamoadan faqat ikkitasigina pley-off bosqichiga chiqa olgan. Hatto ular ham pley-offdan ortga qaytgan. Yaponiya ham, Avstraliya ham raqiblariga yengilgan.

Joriy jahon chempionati ilk bor keng formatda tashkillashtirilgan.

Bu esa unda Osiyo qit’asidan rekord sondagi – jami 9 milliy terma jamoaning chiqishiga yo‘l ochgan.

Ammo ulardan faqat ikki nafari – Yaponiya va Avstraliyagina keyingi bosqichga yo‘l olgan.

Hatto birinchilikning yarim finaliga chiqa olgan yagona Osiyo jamoasi bo‘lgan Janubiy Koreya ham ortga qaytgan.

Janubiy Koreya Bosh murabbiysi allaqachon iste’fo bergan.

Mamlakat prezidenti esa hattoki milliy terma jamoa muvaffaqiyatsizlik sababini tekshirishni ham buyurgan.

Jamoaning kutilmagan mag‘lubiyati ortidan kuzatilgan bu kabi voqealar katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, O‘zbekiston nashrlarida ham e’tiborga tushgan.

Bu yil o‘nta Afrika jamoasidan to‘qqiztasi esa keyingi bosqichga chiqqan.

Muvaffaqiyatda Osiyo qit’asini juda katta farq bilan ortda qoldirgan.

Bu xalqaro futbol mutaxassislarining ham e’tiborini o‘ziga qaratgan.

Afrika jamoalari shunchalik ildamlab, Osiyodagilari shunchalik orqaga ketdimi, nima bo‘ldi, degan savollarga turtki bergan.

"Ochig‘i, bu meni ham hayron qoldirdi", - deydi sport sharhlovchisi bo‘lgan suhbatdoshimiz Abror Imomxo‘jaev.

"Bitta Osiyoda teskari ketdi hammasi, minusga qarab ketdi.... Ammo umumiy, hammasiga bitta qilib javob beradigan hech qanaqa bir sabab yo‘q. Lekin bitta sababni keltirish mumkin, bu Osiyoda keng rivojlangan murabbiylar qo‘nimsizligi", - deydi u.

O‘zbekistonning muvaffaqiyatsizligi, boshqa tomondan, ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘pchilik tomonidan Kabo-Verdening muvaffaqiyatiga qiyoslandi.

Kabo-Verde O‘zbekiston kabi bu galgi jahon chempionatining to‘rtta debyutant jamoasidan bittasi bo‘ladi.

Milliy terma jamoa guruh bosqich bellashuvlarida Ispaniya va Urugvay kabi zabardast jamoalar bilan durang o‘ynagan.

Saudiya Arabistoni bilan ham xuddi shunday natija qayd etib, guruh bosqichidan chiqqan, kutilmaganda jahon chempionatining yangi sensatsiyasiga aylanib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Pley-off bosqichida esa Kabo-Verdi Argentinaga qarshi murosasiz o‘yin namoyish etgan, bunga uchrashuvda qayd etilgan 2:3 hisobi ham dalolat qilgan.

Bu terma jamoa tarkibidagi 26 futbolchining yarmidan ko‘pi esa chetda tug‘ilgan.

Ular jamoaga Portugaliya, Gollandiya, Irlandiyadan chaqirilgan.

Mazkur fakt esa, o‘z navbatida, bu kabi qiyoslar qanchalik o‘rinli, degan savollarga ham zamin yaratmay qolmagan.

"Yo‘q, bunaqa qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki futbolda mo‘’jiza ham bo‘lib turishi mumkin, muvaffaqiyatsizlik ham bo‘lib turishi mumkin...Odatda yangi borgan, debyutant jamoalarga qiyin kechadi va ular deyarli barcha uchrashuvlarida mag‘lubiyatga uchrashadi. Lekin mo‘’jizalar ham bo‘lib turadi. Kabo-Verdi keyinga bosqichga chiqqani bilan bittayam yutgani yo‘q. Faqatgina duranglar evaziga o‘sha ochkoni yig‘ib, keyingi bosqichga chiqdi....O‘zbekiston bilan Kabo-Verdini taqqoslash noo‘rin", - deydi sport sharhlovchisi Abror Imomxo‘jaev.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ishqibozlik esa faqat Markaziy Osiyo mintaqasining o‘zi bilan cheklanmadi.

Bu kabi qo‘llov Osiyodan tortib, Yevropayu Ummonortining o‘zi qadar yoyildi. O‘zbekistondan butun dunyo O‘zbeklari faxrda, degan fikrlar yangradi.

Stadionda to‘kilgan ko‘z yoshlar hatto xalqaro miqyosda e’tiborga tushdi.

Jahon chempionati O‘zbekistonga qiziqishni qanchalik kuchaytirgani esa, Google Trends da ham o‘zining ifodasini topdi.

Saboqlar

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi.

Surat manbasi, Paul ELLIS / AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Abror Imomxo‘jaev: "O‘zbekistonning Osiyo Kubogida o‘z so‘zini aytib, yana futbolimizning yuqori darajaga ko‘tarilishini hammamiz intiqlik bilan kutamiz".

Bugungi mag‘lubiyat ertangi g‘alabaning poydevori bo‘lishi mumkin, degan gap bor.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p gapirilayotgan gaplardan biri ham xatolardan qanday xulosa chiqarilishi kerakligi haqida bo‘layapti.

O‘zbekiston prezidentining shaxsan o‘zi "bu hammamizga saboq", dedi.

Shavkat Mirziyoyev futbolni rivojlantirishga yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini qilib berishlarini aytdi.

Futbolni umummilliy harakatga albatta aylantiramiz, endi orqaga yo‘l yo‘q, dedi.

Ayniqsa, milliy terma jamoani oldinda Osiyo Kubogi kutayotganligi nazarda tutilsa, bu ish qanchalik muhim?

"Shu paytgacha hali O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga Osiyo Kubogida g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilmagan. Shu jihatdan olib qaraganda, bu biz uchun juda muhim musobaqa hisoblanadi.... O‘zbekistonning kelajagi uchun, o‘sha muvaffaqiyatli yurishni davom ettirish uchun ham hozir shunaqa vazifa qo‘yildi, chempionlik vazifasi. Bu muxlislarni ham qanaqadir boshqacha yondashishga undayapti. O‘zbekistonning Osiyo Kubogida o‘z so‘zini aytib, yana futbolimizning yuqori darajaga ko‘tarilishini hammamiz intiqlik bilan kutamiz", - deydi Toshkentdan suhbatdoshimiz Abror Imomxo‘jaev.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1992 yilda futbol bo‘yicha Osiyo O‘yinlarining g‘olibligini qo‘lga kiritib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

2011 yilda esa, Osiyo Kubogining yarim finaligacha ko‘tarilgan, qit’aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangan.

Jahon chempionati esa shov-shuvlar bilan davom etmoqda.

Germaniya, Gollandiya, Urugvay birinchilik bilan xayrlashdi.

Braziliya ham chorak finalga chiqolmadi. Jahon chempionligi orzusi bilan erta xayrlashdi.

Turkiya o‘zining guruhida eng so‘nggi o‘rinni egalladi.

Marokash esa o‘zining tarixida ikki bor jahon chempionatining chorak finaliga chiqqan yagona Afrika milliy terma jamoasiga ham aylandi.

"Eng katta sensatsiya Ekvador Germaniyani mag‘lub etgani bo‘ldi", - deydi sport sharhlovchisi suhbatdoshimiz Abror Imomxo‘jaev.

Germaniya kantslerining, "Biz sizlar bilan faxrlanamiz", degan so‘zlar ham bitilgan posti esa mamlakat ommaviy axborot vositalarida misli ko‘rilmagan e’tirozlarga sabab bo‘lganiga oid xabarlar ham olingan.

Germaniya so‘nggi bor 2014 yilda futbol bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan.

Undan keyingi ikki jahon chempionatida ham guruh bosqichida qolib ketgan.

Shunday ekan, bu yil kim chempion bo‘larkin?

Sport sharhlovichisi suhbatdoshimiz hozir bunday imkoniyat Argentina, Ispaniya va Frantsiyada yuqori ekanini aytadi.

Hozir ham faxriy futbolchisi, jahon futboli yulduzlaridan biri Lionel Messi sardorlik qilayotgan Argentina milliy terma jamoasi esa futbol bo‘yicha amaldagi jahon chempioni sanaladi.