Tailand sudi ikki Uyg‘urni o‘limga hukm qildi

    • Author, Jonatan Hed
    • Role, Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha muxbir
    • Reporting from, Bangkok
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Taylanddagi sud mamlakat tarixidagi eng yirik terroristik hujumni amalga oshirganlikda aybdor deb topilgan ikki erkakni o‘lim jazosiga hukm qildi.

Ikkala erkak ham xitoylik uyg‘urlar bo‘lib, ular 2015-yil 17-avgust kechqurun Bangkok markazida xorijlik sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan ibodatxona yonida kuchli bomba portlatishni rejalashtirish va amalga oshirishda aybdor deb topildi.

Ushbu hujum oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi va 120 nafardan ortiq odam jarohat oldi.

Biroq politsiya tergovidagi kamchiliklar, shuningdek, aybini tan olmagan ikki erkak ishtirokida o‘tgan o‘n yillik sud jarayonidagi bahsli jihatlar bu hukm yuzasidan savollar tug‘dirmoqda.

Bomba Bangkokdagi Bi-bi-si byurosidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda portladi va men u yerga bir necha daqiqa ichida yetib bordim.

Portlash Eravan ibodatxonasida ibodat qilayotgan insonlarni tilka-pora qilib yuborgan edi. Yaqin atrofdagi chorrahada kutib turgan mototsikl haydovchilarini yiqitdi va ularning ayrimlarini yoqib yubordi.

Tez yordam xodimlari va mashinalar tezda voqea joyiga yetib kelib, jarohatlanganlarga yordam ko‘rsata boshladi, halok bo‘lganlarning ustiga esa matolar yopildi.

Men ularning bir erkakka yordam berayotganini ko‘rdim - xotini uning yonida jonsiz holda yotardi. Uning jarohatlari hayot uchun xavfli emas edi, shuning uchun ular undan biroz kutishni so‘rashdi va boshqa jabrlanganlarga yordam berar ekan, uni ayolining qo‘lini ushlab turishga undadilar.

Atrof-tevarak juda shovqinli, betartib va chuqur larzaga soluvchi edi. Men Bangkokda ko‘plab siyosiy zo‘ravonlik holatlarini ko‘rganman, ammo bu kabi ko‘lamdagi bomba hujumi ilgari kuzatilmagan edi. Buni kim amalga oshirgan bo‘lishi mumkin va nima uchun?

Boshidanoq rasmiy tergov ishonarli emasdek tuyulgan. Turizm sanoatiga ta’siri haqida xavotirga tushgan hukumat hujum joyini imkoni boricha tezroq tozalash buyrug‘ini bergan. Ibodatxona ikki kundan so‘ng qayta ochildi, bomba qoldirgan handaq sement bilan yopildi.

Atrofdagi ko‘pgina kuzatuv kameralari ishlamagani aniqlandi, ammo ba’zi past sifatli videolavhalarda uzun sochli va qalin ko‘zoynak taqqan bir erkak o‘rindiq ostiga ryukzak qoldirib, tezlik bilan uzoqlashgani ko‘ringan.

Uning izi yo‘qoldi, ammo politsiya boshqa joydagi yana bir erkak aks etgan videoni namoyish qildi. U ikkinchi bomba ekani aniqlangan jismni kanalga tepib yuborgan va u yerda bomba zarar yetkazmasdan portlagan. Ular bir nechta gumonlanuvchini qidirayotganini aytdi, ammo shu bilan birga bomba hujumi terakt emasligini ta’kidlashdi.

Hujumdan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, keyinchalik aybdor deb topilgan ikki erkak qo‘lga olindi.

Bilal Muhammad Bangkok chekkasidagi uyda yashirinib yurgan payti topildi, u yerda rasmiylar bomba yasash uchun mos kimyoviy moddalarni ham aniqladi. Unda Adem Karadag nomi bilan rasmiylashtirilgan soxta Turkiya pasporti bo‘lgan. Yusuf Mirali esa Kambodjada qo‘lga olinib, Taylandga topshirilgan.

Ikkala erkak ham uyg‘ur deb aytilgan, ammo dastlab Tayland politsiyasi ulardan hech biri bombani joylashtirgan shaxs emasligini aytgan. Keyinchalik Bilal Muhammad ayblandi, garchi u videodagi shaxsga unchalik o‘xshamasa-da. Shuningdek, yana 13 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan, ularning ayrimlari allaqachon mamlakatni tark etgan edi.

Ajablanarli emaski, odamlar bombani Taylandning bir oy avval 109 nafar uyg‘ur erkakni majburiy ravishda Xitoyga qaytargan bahsli qarori bilan bog‘lay boshlashdi. Bu Turkiya kabi mamlakatlarda uyg‘ur tarafdorlari tomonidan g‘azabli noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Ushbu ibodatxona, ayniqsa, xitoylik sayyohlar orasida mashhurligi bilan tanilgan. Bu go‘yoki qasos harakatidek ko‘ringan edi.

Biroq harbiy hukumat bu ehtimolni qabul qilishdan bosh tortdi. Bir paytlar ular bunga bir yil avval hokimiyatni qo‘lga olgan harbiy xuntaga qarshi norozi kuchlar sababchi bo‘lishi mumkinligini aytdi. Keyinroq esa buni faqat odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar hukumatning ular faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan harakatlaridan norozi bo‘lgani bilan izohlashdi.

E’tiborli bir burilishda politsiya aybdorlarni topishga yordam berganlarga 80 ming dollar mukofot va’da qildi. Ammo dastlabki ikki gumonlanuvchini qo‘lga olgach, yana boshqalar qochib yurganini tan olgan holdayoq bu mukofotni o‘zlariga berishdi. Ularga ko‘ra, ish yopilgan edi.

Har ikki gumonlanuvchi harbiy nazorat ostida saqlangan va ularni aybini bo‘yniga oldirish uchun qiynoq qo‘llanilganini aytgan. Keyinchalik, harbiy sudda jarayon boshlanganida, ko‘rsatmalaridan voz kechishgan.

Bilal Muhammad juda og‘ir ruhiy holatda ko‘ringan, u o‘zining yomon muomalaga duchor bo‘layotganini baqirib aytgan. U ko‘rsatma berib, qo‘lga olingan uyda uni Malayziyaga olib o‘tilishini kutib turganini aytgan. U yerdan esa Turkiyaga uchmoqchi bo‘lgan. Bu uyg‘urlar panoh izlovchilar orasida keng tarqalgan yo‘nalish hisoblanadi.

Shundan so‘ng kechikishlar boshlandi. Bunga, odatda, Tayland tomoni uyg‘ur tilini biladigan tarjimon topa olmayotganini aytgani sabab bo‘lgan. Ayblanuvchilar Xitoy elchixonasi taklif qilgan tarjimonlarni rad etishgan. Kechikishlar o‘n yildan ortiq davom etdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Xalqaro yuristlar komissiyasi inson huquqlari bo‘yicha tanqid bildirgan bir necha tashkilotlardan biri bo‘lib, ular sud jarayoni va uning noodatiy darajada cho‘zilib ketganini tanqid qildi va ish shunchalik muammoli bo‘lganiki, gumonlanuvchilar ozod qilinishi kerak edi, degan fikrni bildirdi.

«Bilal Muhammad va Yusuf Mirali ishi bo‘yicha tergov, ayblov va sud jarayonlari inson huquqlari buzilishiga to‘la bo‘lib, Tayland jinoiy adliya tizimidagi tizimli kamchiliklarni fosh etdi».

Biroq sudyalar ularni aybdor deb topish uchun yetarli dalillar bor, degan qarorga kelishdi. Ayniqsa, politsiya taqdim etgan telefon qo‘ng‘iroqlari yozuvlari muhim deb baholandi. Ular portlash vaqtida ikkala erkakning hodisa joyi yaqinida bo‘lganini va o‘zaro aloqa qilganini ko‘rsatgan.

Ikkala erkakning advokati hukm ustidan shikoyat qilinishi, ya’ni mazkur hukmni apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.