You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tramp endi diqqatini ko‘proq Ukrainaga qaratmoqchi
Dunyoning yirik yetti iqtisodiyoti hisoblangan mamlakatlar rahbarlari Frantsiyaning Evian-le-Ben shahrida to‘plandilar, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham u yerga bordi.
Shveytsariyaning Jeneva shahri nomi bilan ataladigan ko‘l sohilidagi kurort shahar - Evian-le-Ben G7 sammiti uchun tanlangan.
Sammitdagi muloqotlarda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Frantsiya, Italiya, Yaponiya yetakchilaridan tashqari Yaqin Sharqdan BAA, Qatar va Misr rahbarlari ham ishtirok etishi xabar qilingan.
15 iyun kuni Evianga yetib borgan AQSh Prezidenti Tramp Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi.
Eron bilan urushni tugatish kelishuviga erishganlarini aytdi, bu kelishuv tafsiloti shu hafta oxirida e’lon qilinishini ma’lum qildi.
"Kecha bizda Prezident Putin bilan va Prezident Zelenskiy juda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Men ko‘rayapmanki, balki biz nimadir qila olishimiz mumkindir. Haqiqatan ham. Ular ikkisi ham buning uchun ochiqlar. Shunday ekan, Eron bilan urush tamom bo‘lganidan keyin biz diqqatimizni bunga (Rossiya-Ukraina urushiga) qaratamiz", dedi jurnalistlarga Prezident Tramp.
15 iyun kuni Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy xabar qilishicha, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga G7 sammiti payti Frantsiyaning Evian-le-Ben shahrida yuzma-yuz uchrashishni taklif qilgan.
Biroq Reuters axborot agentligi xabar berishicha, Prezident Putin Zelenskiy taklifiga ko‘nmagan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Yevropa siyosatchilari ushbu yirik yettilik sammitida Prezident Trampning Ukraina urushi borasida qarashlarini o‘zgartirishni istaydilar, AQSh shu vaqtgacha ilgari surib kelgan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish takliflari Rossiyaga haddan ziyod yon bosish bo‘lganiga ishontirishni xohlaydilar.
Evian sammiti 15 iyundan 17 iyungacha mo‘ljallangan, 16 iyun kuni Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa rahbarlari va AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Prezident Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida Prezident Tramp bilan uchrashuvi foto suratlarini e’lon qildi, ikki prezident ham suhbatlaridan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Prezident Zelenskiyga ko‘ra, Prezident Tramp bilan bo‘lgan qisqa uchrashuvi chog‘ida aksilballistik raketalar ishlab chiqarish uchun litsenziyalar olish masalasi muhokama qilganlar.
"Biz bu haqda Prezident Tramp bilan gaplashdik, jamoalarimiz ishlaydi, Xudo xohlasa, bu safar tegishli aksilballistik tizimlar va raketalarni ishlab chiqarish uchun litsenziyalar olishga erishamiz", deya xabar berdi Prezident Zelenskiy.
Prezident Zelenskiy, shuningdek, sammitning boshqa ishtirokchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda Ukrainaga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari zarurligi haqida gapirganini bildirdi.
«HHM — hamma (muammoni) tan olyapti, hamma yordam beradi, butun "ettilik" bizning himoyamizni kuchaytirish ustida ishlaydi. Biz ham tizimlar, ham raketalar haqida gaplashdik. Hozircha tafsilotlarsiz», — deya ma’lum qildi Ukraina prezidenti.
Prezident Zelenskiyga ko‘ra, yirik yettilik sammiti ishtirokchilarining hammasi Rossiya urushda g‘alaba qozonayotgani yo‘q, degan fikrga qo‘shilganlar.
«Juda yaxshi, hamma Rossiya g‘alaba qozonmayotganini tushunyapti va biz bu urushni yakunlashga erishishimiz kerak», — dedi u.
16 iyun kuni Kreml Ukraina Prezidenti Zelenskiyning Evian sammitiga taklifini olmaganlari haqida xabar berdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytishicha, hozir Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida o‘zaro aloqa rasmiy kanallari yo‘q, biroq Zelenskiy "agar mas’uliyat bilan va jiddiy gaplashmoqchi bo‘lsa", "xohlagan vaqti Moskvaga kelishi mumkin".
Ammo Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Prezident Putin Moskvadan boshqa hamma joyda uchrashishi mumkinligini aytgan.
Iyun oyining boshida Prezident Zelenskiy Prezident Putinga ochiq maktub e’lon qildi.
Ochiq xatda Zelenskiy urush tobora rossiyaliklarga yoqmay borayotgani, Rossiyaning tobora ichkarisiga kirib borishga muvaffaq bo‘lib, neftni qayta ishlash zavodlari va neft omborlarini portlatayotgan Ukraina dronlari tufayli benzin qimmatlayotgani, Internet cheklovlari kuchaytirilyotgani xalqni norozi qilayotgani aytildi.
Putinning 26 yil hokimiyatda qolgani, keksayganiga ishora qilindi, bu esa Prezident Putinning o‘ziga va Rossiya siyosatchilariga yoqmadi.
Sankt-Peterburgdagi xalqaro forumda so‘ralganida, Prezident Putin Prezident Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’ni ko‘rmayotganini aytdi.
Prezident Putinga ko‘ra, Rossiya bilan Ukraina urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv bandlarini o‘zaro ma’qullaganlaridan keyingina Prezident Zelenskiy bilan uchrashishi mumkin.
Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish talabi sifatida Ukraina butun Donbass hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishini ilgari suradi.
Rossiya go‘yo referendum o‘tkazgan va Luhansk, Donetsk Xalq respublikalari deb e’lon qilgan Ukraina viloyatlarini berishni rasmiy Kiev istamaydi.
Sankt-Peterburgdagi xalqaro forumda jurnalistlar bilan muloqotda Prezident Putin aytishicha, Rossiya qo‘shinlarini muntazam g‘alabaga erishayaptilar va ilgari siljiyaptilar.
Ammo ko‘plab tahlilchilar va hatto rossiyalik harbiy blogerlar Rossiya armiyasining jabha chizig‘i bo‘ylab ildamlashi juda sekinlashganini tan oladilar.
May oyi boshidan buyon Ukraina Rossiyaning quruqlikdagi hududini Qrim yarim oroli bilan bog‘laydigan yagona avtomobil yo‘lini dronlar hujumiga tutishni ko‘paytirdi.
Bu yo‘ldagi harbiy texnika va yoqilg‘i ortilgan avtomobillar muntazam hujumga tutilgani oqibatida Qrimda yoqilg‘i va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga keldi.
Ukraina harbiylari o‘zlarining maqsadlari Qrimni Rossiyadan to‘liq uzib qo‘yish ekanini ochiq aytdilar.
Ukrainadan minglab kilometr uzoqlikdagi neft zavodlari va omborlariga hujumlar Rossiyaning boshqa hududlarida ham yoqilg‘i taqchilligiga sabab bo‘layapti.