"Xitoy Erondagi urushda g‘olib chiqdi". Donald Tramp Xitoyning yana buyuk kuchga aylanishiga qanday yordam bermoqda?

Tramp va Si

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, AQSh va Donald Trampga bo‘lgan ishonch susayib borar ekan, Xitoy va Si Szinpinning xalqaro nufuzi oshib bormoqda.
    • Author, Aleksey Kalmыkov
    • Role, BBC rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Donald Tramp amerikaliklarga «Amerikani yana buyuk qilaman» deb va’da bergan edi. Lekin hozircha bu maqsadga qay darajada erishilayotgani bahsli masala bo‘lib qolmoqda.

Ammo uning siyosati kutilmagan natija ham berdi: dunyodagi asosiy raqiblardan biri bo‘lgan Xitoyning xalqaro nufuzi va ta’siri yanada kuchaydi. AQShning eng yirik geosiyosiy raqibi hisoblangan Pekin oxirgi yillarda Vashington siyosati tufayli kutilmagan afzalliklarga ega bo‘ldi.

Avval savdo urushi, keyin esa AQShning Eron bilan to‘qnashuvi Xitoyning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamladi. Qanday qilib?

Xitoy Fors ko‘rfazidagi mojaroda ishtirok etmayapti. Ammo AQShdagi bir qator taniqli ekspertlar aynan Pekin bu vaziyatdan eng katta foyda ko‘rayotgan tomon ekanini ta’kidlamoqda. Xitoylik tahlilchilar esa bunday xulosalarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Amerikalik mutaxassislar fikricha, Tramp Eronga qarshi harakatlarni boshlashdan oldin ittifoqchilari bilan yetarlicha maslahatlashmagan. Bu esa energetika bozorida beqarorlik xavfini kuchaytirib, AQShning ittifoqchilarini himoya qilish borasidagi ishonchliligi haqida savollar tug‘dirdi.

"AQShning ham do‘stlari, ham raqiblari uni jahon tartibi va barqarorligi uchun xavf tug‘diruvchi davlat sifatida ko‘ra boshladi. Shu bilan birga, mamlakat tobora ko‘proq tanqid va hatto masxara ob’ektiga aylanmoqda", deydi amerikalik siyosatshunos va faylasuf Frensis Fukuyama.

Uning fikricha, Tramp ma’muriyatining o‘zi Amerika manfaatlariga zarar yetkazmoqda.

"Amerika o‘ziga o‘zi shunchalik katta zarar yetkazmoqdaki, Xitoyga buning uchun alohida harakat qilishning ham hojati qolmayapti", deb yozadi Fukuyama.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Uning ta’kidlashicha, Eron atrofidagi voqealar va savdo urushlari AQShni oldindan aytib bo‘lmaydigan hamda beqarorlik keltirib chiqaruvchi kuch sifatida namoyon qildi. Bu esa dunyoning ikkinchi iqtisodiy va harbiy qudrati bo‘lgan Xitoyni aksincha, barqarorlik va pragmatizm timsoli sifatida ko‘rsatmoqda.

"Pekin nuqtai nazaridan qaraganda, Vashington qadamma-qadam o‘z qudratining tayanchlarini zaiflashtirmoqda. U ittifoqchilari bilan munosabatlarini yomonlashtirib, tobora ko‘proq davlatlarni o‘ziga qarshi qo‘ymoqda", deydi Bayden ma’muriyati davrida Xitoy masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan Julian Gevirts.

Uning yozishicha, ko‘plab davlatlar endi Xitoy bilan kelishuvga erishish Amerika bilan ishlashdan ko‘ra osonroq va ishonchliroq, degan fikrga kelmoqda.

"Chunki AQSh tobora ko‘proq faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlab ish tutyapti", deb yozadi Gevirts.

Bu qarashni iqtisodchi va Nobel mukofoti sovrindori Pol Krugman ham qo‘llab-quvvatlaydi.

"Xitoy Fors ko‘rfazidagi uchinchi urushda qatnashmadi. Ammo u AQShning noqulay ahvolga tushib qolganidan mamnun ekanini yashirayotgani yo‘q", deb yozadi Krugman.

Uning fikricha, urushning kechishi va Xitoyning tutgan o‘rni jahon siyosatidagi kuchlar muvozanatini Pekin foydasiga o‘zgartirdi.

"Xitoyliklar jiddiy odamlar, biz esa - yo‘q"

"Ha, Xitoy korruptsiya keng tarqalgan avtoritar davlat. U inson huquqlarini to‘liq hurmat qilmaydi va demokratik qadriyatlarga ham amal qilmaydi, deydi Krugman. Ammo dunyodagi ko‘plab odamlar bir xulosaga keldi: xitoyliklar o‘z maqsadlarini jiddiy qo‘yadi va shunga qarab harakat qiladi. Biz haqimizda esa bunday deb bo‘lmaydi".

Uning fikricha, "shu sababli bu urushda Amerika yutqazdi, Xitoy esa yutdi".

Hindistonda 2026 yil 6 mart kuni o‘tkazilgan namoyishda ishtirokchilar AQSh bayrog‘i ranglaridagi va «Yo‘qolsin Amerika» degan yozuv tushirilgan qog‘ozni yoqmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Erondagi urush dunyoning turli mamlakatlarida Amerikaga qarshi kayfiyatlarni kuchaytirdi.

AQSh va Isroilning Eron bilan mojarosi Amerika ittifoqchilariga, ayniqsa Fors ko‘rfazi davlatlariga harbiy va iqtisodiy zarar yetkazdi. Xitoy esa aksincha, vaziyatni barqarorlashtiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘ldi.

Karnegi jamg‘armasining Yaqin Sharq dasturi ekspertlari ta’kidlashicha, Xitoyning asosiy ustunligi shundaki, uning mintaqada ochiq raqiblari deyarli yo‘q.

"AQShdan farqli o‘laroq, Pekin mintaqadagi barcha asosiy o‘yinchilar, jumladan Vashingtonning yaqin ittifoqchisi hisoblangan Isroil bilan ham yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda", deb yozadi tahlilchilar.

Ular fikricha, AQSh va Xitoyning diplomatik ta’siri o‘rtasidagi farq tobora qisqarmoqda.

"Xitoy o‘zining "yumshoq kuch"ini izchil ravishda kuchaytirmoqda. AQSh esa aksincha, o‘z mavqeini o‘zi zaiflashtirmoqda. Vashington muntazam ravishda harbiy kuchga tayanmoqda, diplomatiyaning Yaqin Sharq siyosatidagi o‘rni esa tobora kamayib bormoqda", deydi ekspertlar.

Xitoy iqtisodiy jihatdan ham barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib chiqdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi oqibatida zarar ko‘rgan mamlakatlarga u bilvosita yordam berdi. Pekin o‘zining ulkan zaxiralariga tayanib neft importini qariyb ikki barobar qisqartirdi. Natijada energetika bozoridagi bosim yumshadi va iqtisodchilar bashorat qilganidek neft narxining bir barrel uchun 200 dollargacha ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Xitoyning ta’siri ortar ekan, AQSh nima yo‘qotmoqda?

"Bu jahon siyosatidagi yangi holat. Ilgari neft bozorida muammo yuzaga kelganda, AQSh prezidenti avvalo Ar-Riyodga qo‘ng‘iroq qilib, Saudiya Arabistonidan neft eksportini oshirishni so‘rar edi", deydi Bloomberg agentligining bosh neft tahlilchisi Xavier Blas.

Uning aytishicha, endi esa vaziyat boshqacha tus olishi mumkin.

"Ehtimol, endi avval Pekinga qo‘ng‘iroq qilib, neft importini qisqartirishni so‘rashar. Bu juda qiziq o‘zgarish. Buning AQSh uchun qanday siyosiy oqibatlarga olib kelishini kuzatish yanada qiziq bo‘ladi", deydi u.

Blasning fikricha, Xitoy neft bozoridagi ta’sir kuchini ikki sababga ko‘ra ishga solgan.

Eron sohillari yaqinidagi neft tankeri.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Xitoy Eron neftining eng yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. Eron sohillari yaqinidagi neft tankeri.

Birinchidan, Pekinga jahon iqtisodiy inqirozi kerak emas. Xitoy iqtisodiyoti katta darajada eksportga tayanadi. Agar jahon iqtisodiyoti sekinlashsa, xitoy mahsulotlarining xaridorlari ham kamayadi.

Ikkinchidan, yana bir ehtimoliy izoh ham bor. Bu faqat nazariya bo‘lsa-da, uni butunlay inkor etib bo‘lmaydi.

Xitoy va AQSh o‘rtasida doimiy muloqot davom etadi. Blas jahon neft narxlarini barqarorlashtirish masalasi ikki tomon o‘rtasidagi norasmiy kelishuvlarning bir qismi bo‘lganini ham istisno qilmaydi.

Bu kelishuvlar nima haqida bo‘lgan? Blasning aytishicha, bunga aniq javob yo‘q, faqat taxmin qilish mumkin. Biroq ayrim bilvosita belgilari Vashingtonning Xitoy uchun o‘ta muhim bo‘lgan Tayvan masalasidagi pozitsiyasi yumshaganini ko‘rsatmoqda.

May oyida Oq uy Tayvan uchun mo‘ljallangan qariyb 14 milliard dollarlik harbiy yordam paketini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Rasmiy izohga ko‘ra, bu qaror Eron bilan mojaroda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ zaxiralarini saqlab qolish zarurati bilan bog‘liq edi.

Avgust oyida esa Tramp Shimoliy Koreyani tiyib turishga qaratilgan Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashqlar ko‘lamini qisqartirishga buyruq berdi. Shu bilan birga, u Kim Chen In bilan munosabatlari juda yaxshi ekanini bildirdi.

"Trampning bu qarori faqat ittifoqchisiga qarshi qaratilgan qadam yoki Kim Chen In uchun sovg‘a emas. Xitoy rasmiylari bu mashqlardan uzoq vaqtdan beri norozi bo‘lib keladi. Keyingi yillarda esa bu norozilik yanada kuchaygan edi", deydi Julian Gevirts.

Uning ta’kidlashicha, AQSh Davlat departamentida ishlagan davrida xitoylik amaldorlar ikki tomonlama uchrashuvlarda bu masalani muntazam ko‘tarib kelgan.

"Shuning uchun mashqlar ko‘lamini qisqartirish Xitoy ko‘p yillardan beri intilib kelgan natijaning aynan o‘zidir", deb yozadi u.

Frensis Fukuyama esa Trampning bunday yon berishlari yangi mojarolarga yo‘l ochishi mumkinligidan ogohlantiradi.

"Tramp Xitoy u prezidentlik qilib turgan paytda Tayvanga hujum qilmaydi, degan edi. Balki bu fikrda jon bordir. Chunki Si Szinpin AQShning o‘z ta’siri va qudratini yo‘qotayotgan jarayoniga xalal berishni istamaydi", deb yozadi Fukuyama.

"Ammo kelajakda Amerika siyosat yo‘nalishini o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan prezidentni saylasa, bu Si Szinpinni tez va qat’iy qaror qabul qilishga undashi mumkin".

"Endi na bizga ishonishadi, na bizdan qo‘rqishadi"

Frensis Fukuyamaning fikricha, hozircha Xitoy Trampning xatolaridan unumli foydalanmoqda va uning shaxsiy ehtiroslarini ham o‘z manfaati yo‘lida ishlatmoqda.

"Trampning g‘azabi va keskin munosabati tashqi raqiblarga emas, ko‘proq ichki muxoliflariga qaratiladi", deb yozadi Fukuyama.

U shu munosabat bilan Trampning may oyida Si Szinpin bilan uchrashuvini eslaydi.

Si va Tramp

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Si Trampning maqtovlariga javob tariqasida xuddi shunday munosabat bildirmayapti.

"Uchrashuvdagi muhitning o‘ziyoq Trampning xitoyliklar ko‘zida qanchalik qadrsizlanganini ko‘rsatdi. Eng yomoni, uning Siga muttasil xushomad qilishi bo‘ldi. Tramp uni "ulug‘ rahbar", "chin do‘st" deb atadi, Xitoyni qayta-qayta maqtadi. Ilgarigi avtokratlar bilan munosabatlari tajribasidan kelib chiqib aytganda, ehtimol u buning evaziga iliq munosabat kutgan bo‘lishi mumkin. Ammo Si faqat AQSh va Xitoy "raqib emas, hamkor bo‘lishi kerak" degan gap bilan cheklandi".

Tramp davrida Amerika qudratiga bo‘lgan hurmat faqat Xitoyda emas, boshqa mamlakatlarda ham susayib bormoqda.

Pew Research markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, bu yil ilk bor dunyoda Xitoyga munosabat AQShga nisbatan ijobiyroq bo‘lgan. Shuningdek, ishtirokchilar Xitoy rahbariga Amerika prezidentiga qaraganda ko‘proq ishonch bildirgan.

"Hatto Ikkinchi jahon urushi va keyingi sovuq urush davrida biz bilan birga bo‘lgan ko‘plab an’anaviy ittifoqchilarimiz ham bugun Xitoyga AQShdan ko‘ra iliqroq munosabatda bo‘lmoqda", deydi iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Pol Krugman.

Trampni uzoq yillardan beri tanqid qilib kelayotgan Krugman bu holatga Amerika gegemoniyasining asoslari yemirilayotganini sabab qilib ko‘rsatadi.

Uning fikricha, Trampning islohotlari va kadrlar siyosati AQShning ilm-fan va texnologiyalardagi yetakchiligiga, harbiy ustunligiga, "yumshoq kuch" imkoniyatlariga, moliyaviy ta’siriga hamda dollarning jahonning asosiy zaxira va hisob-kitob valyutasi sifatidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, Amerika qudratining tayanchi bo‘lib kelgan ittifoqchilik munosabatlari zaiflashmoqda.

Kolumbiya universiteti eksperti Julian Gevirts ham shunga o‘xshash fikrda.

"AQSh yetakchi universitetlarga ajratiladigan mablag‘ni qisqartirmoqda va xorijlik olimlar uchun Amerikada ishlashni yo jozibasiz, yoki butunlay imkonsiz qilib qo‘ymoqda. Shu bilan birga, Vashington o‘zining global ta’sir vositalarini ham qisqartiryapti. Bu jarayon USAIDdan tortib, "Amerika ovozi"gacha bo‘lgan tashkilotlarni qamrab olgan", deb yozadi u.

Gevirtsning ta’kidlashicha, Pekin nuqtai nazaridan qaraganda, AQSh amalda o‘z qo‘li bilan o‘zini zaiflashtirmoqda.

Krugman fikricha, Eron atrofidagi urush buning navbatdagi isboti bo‘ldi.

"Tramp deyarli hech kim bilan maslahatlashmasdan urush boshladi. Bu urush nafaqat o‘lim va vayronagarchilikka sabab bo‘ldi, balki jahonni neft va gaz ta’minotining katta qismidan ham mahrum qildi. Urush boshlanganidan keyin esa AQSh Eronga o‘z shartlarini qabul qildirishga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yoki mintaqadagi ittifoqchilarini himoya qilishga qodir emasligini namoyon qildi", deb yozadi Krugman.

Uning xulosasi qisqa: "Endi na bizga ishonishadi, na bizdan qo‘rqishadi".

Vzglyad iz Kitaya

Xitoyda bu vaziyatdan mamnun ekanini yashirmayotganlar ko‘p. Biroq Pekinda hozircha g‘alabani nishonlashga shoshilayotganlar yo‘q. Xitoylik ayrim tahlilchilar fikricha, voqealar rivoji kelajakda mamlakat uchun yangi muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Xitoyning Sian shahridagi davlat tasarrufidagi Shimoli-G‘arbiy universitet professori va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Van Szin shunday deydi:"Bu vaziyatni "Amerika yutqazdi, Xitoy esa yutdi" degan sodda xulosa bilan izohlab bo‘lmaydi. Aksincha, mintaqa yangi o‘zgarishlar bosqichiga qadam qo‘yar ekan, Xitoy yangi muammolarga duch kelishi, AQSh uchun esa yangi strategik imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin".

Uning fikricha, Yaqin Sharqning boy davlatlari hamon Amerika harbiy texnologiyalariga tayanadi. Eron raketalari va dronlari hujumlaridan keyin ularning qurol-yarog‘ga bo‘lgan ehtiyoji yanada oshdi.

Van Szin ta’kidlashicha, Birlashgan Arab Amirliklari ham, Bahrayn ham AQSh o‘rnini bosadigan boshqa harbiy hamkor topa olmaydi.

Quvayt, Saudiya Arabistoni va AQSh qo‘shinlarining qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan amerikalik Abrams tanklari.

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Quvayt, Saudiya Arabistoni va AQSh qo‘shinlarining qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan amerikalik Abrams tanklari.

"Agar Amerika harbiy hamkorligini jiddiy qisqartirsa, hozircha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqni na Rossiya, na Xitoy va na Pokiston to‘ldira oladi. Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlar doirasini kengaytirishga intilmoqda, ammo bugungi kunda AQShning mintaqadagi bosh harbiy kuch sifatidagi o‘rnini bosadigan davlat yo‘q", deb yozadi u.

Ekspert yana bir omilga e’tibor qaratadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi tufayli neft va gaz ta’minoti qisqardi. Bu esa dunyoning yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan AQShning energetika sohasidagi mavqeini mustahkamladi.

Xitoy esa aksincha, dunyodagi eng yirik neft importchisi sifatida Fors ko‘rfazi davlatlaridan, jumladan Erondan keladigan ta’minotning bir qismidan mahrum bo‘ldi. Van Szin fikricha, kelajakda Vashington Pekinning energetika xavfsizligiga yanada kuchliroq ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

U ehtimoliy xavflardan yana biri sifatida Eron masalasini keltiradi.

"Agar Eron va AQSh sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishsa, Eron bozoriga g‘arb sarmoyasi katta hajmda kirib kelishi mumkin. Bu esa Xitoyning Eronda yillar davomida shakllangan iqtisodiy ustunliklarini zaiflashtirishi ehtimoldan xoli emas".

Van Szinning fikricha, Pekin oldida diplomatik jihatdan ham oson bo‘lmagan vazifalar turibdi.

Xitoy mintaqada bir-biri bilan raqobat qilayotgan va hatto munosabatlari keskinlashgan davlatlar o‘rtasida muvozanat saqlashga majbur bo‘ladi. Eronni qo‘llab-quvvatlashi uning Eron hujumlaridan jabr ko‘rgan davlatlar, ayniqsa Birlashgan Arab Amirliklari bilan munosabatlarini murakkablashtirishi mumkin.

Aksincha, Tehronni tanqid qilish yoki unga bosim o‘tkazish Xitoy va Eron o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi ehtimoldan xoli emas.

Shu bois, ekspert fikricha, Pekin uchun energetika xavfsizligini ta’minlash, xalqaro dengiz yo‘llarining xavfsizligini saqlash va bir vaqtning o‘zida ham Eron, ham Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlarni asrab qolish tobora qiyinlashib boradigan diplomatik vazifaga aylanishi mumkin.