Tahlil: Xitoyning o‘zgarayotgan energiya iste’molidan Rossiya yutqazib, O‘zbekiston yutadimi?

Xitoyda quyoshdan energiya olish keskin ortgan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoyda quyoshdan energiya olish keskin ortgan
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Xitoyning an’anaviy energiyaga talabi tushishi Rossiya va Markaziy Osiyoning energiya bozoridagi tartibini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bundan kimlardir yutqazishi va O‘zbekiston kabi davlatlar yutishi mumkinligi aytilmoqda.

Eurasianet.org nashri Xitoyning qayta tiklanuvchi energiyaga talabi ortishi, Rossiya, Turkmaniston va Qozog‘iston kabi tabiiy gaz yetkazib beruvchilar uchun yaxshi yangilik bo‘lmasligi haqida yozdi. Biroq bu O‘zbekistonning toza energiya dasturi uchun ijobiy ta’sirlarga ega bo‘lishi mumkin.

Sayt BloombergNEF tomonidan yaqinda nashr etilgan "Energy Transition Supply Chains 2025" hisobotini tahlil qilgan. Unga ko‘ra, Xitoy, toza energiya ishlab chiqarishning har bir asosiy turi bo‘yicha jahondagi ishlab chiqarish salohiyatining 70 foizidan ko‘pini nazorat qiladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, "Xitoy akkumulyatorlar, quyosh panellari va shamol turbinalari kabi toza texnologiya mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi zavodlarga sarmoya jalb qilishda ham yetakchi bo‘lib, 2024 yilda bunday sarmoyalarning 76 foizi aynan mahalliy zavodlarga to‘g‘ri kelgan".

Xitoy nafaqat ishlab chiqarishda ustunlik qilmoqda, balki qayta tiklanuvchi energiya, ayniqsa quyosh elektr ishlab chiqarish sohasida jadal o‘sish qayd etmoqda. Hozirda qayta tiklanuvchi energiya manbalari Xitoyning o‘sib borayotgan energiya va elektr ehtiyojining 80 foizini qoplay oladi.

Ember tahlil markazi xulosasiga ko‘ra, "Xitoy 2030 yilgacha kamida 2461 GVt qayta tiklanuvchi elektr quvvati o‘rnatish yo‘lida, bu 2022 yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p, quyosh quvvati esa qariyb uch barobar ortadi".

Hozirgi kunda Xitoy energiya iste’molining taxminan 62 foizi hali ham qazib olinadigan yoqilg‘ilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq kelgusi yillarda bu ulush kamayishi kutilmoqda.

Getty Images
Bu o‘zgarishlar, ehtimol, 2025 yil boshlarida Rossiyaning Qozog‘iston orqali Xitoyga qo‘shimcha gaz yetkazish rejasiga Xitoy qiziqish bildirmaganini tushuntirib beradi.
Eurasianet.org nashri
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Buning asosiy sabablari: Xitoy iqtisodiyotining sekinlashishi, qayta tiklanuvchi manbalarning o‘sishi va Kommunistik partiya rahbari Shi Jinpingning mamlakatni 2060 yilgacha uglerod gazidan holi holatga olib chiqish rejasidir.

Eurasianet.org ga ko‘ra, bu omillar Markaziy Osiyodagi so‘nggi energiya jarayonlari, xususan tabiiy gaz bilan bog‘liq o‘zgarishlarni tushuntirib beradi.

Shu vaqtgacha Xitoy global gaz talabining asosiy harakatlantiruvchisi sifatida ko‘rilardi, ammo endilikda uning energiya siyosati qayta tiklanuvchilar tomon burilmoqda.

"Bu o‘zgarishlar, ehtimol, 2025 yil boshlarida Rossiyaning Qozog‘iston orqali Xitoyga qo‘shimcha gaz yetkazish rejasiga Xitoy qiziqish bildirmaganini tushuntirib beradi. Shuningdek, "Sibir kuchi–2" quvur loyihasi hanuz osilib yotganini tushuntirishi mumkin", deyiladi maqolada.

Nashrga ko‘ra, Xitoyning gazga bo‘lgan talabining pasayishi Turkmanistonning yaqinda Turkiya orqali gazni g‘arbga yo‘naltirish bo‘yicha ayirboshlash shartnomasiga kirishishiga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Ashxobod, ehtimol, Xitoy kelajakda turkman gaziga bunchalik yuqori hajmda muhtoj bo‘lmasligini his etgan.

Xitoy bilan G‘arb o‘rtasidagi kelajakdagi savdo urushi ham Xitoyda quyosh panellari va boshqa toza energiya mahsulotlarining katta zaxirasini yuzaga keltiradi.

Nashrning xulosa qilishicha, bu holat o‘zining qayta tiklanuvchi energiya salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilgan O‘zbekiston uchun yaxshi imkoniyat yaratishi mumkin. Toshkent uchun Xitoy mahsulotlarining arzonlashgan narxlaridan foydalanish imkoni tug‘iladi.

BloombergNEF tahlilida shunday deyiladi: "Ko‘plab rivojlangan iqtisodiyotlar tariflar orqali protektsionizmni ustuvor deb bilar ekan, rivojlanayotgan bozorlarda Xitoydan import hajmining ortishi kuzatilmoqda".

O‘zbekistonning salohiyati qanday?

O‘zbekiston bir necha yillardan beri energiya inqirozidan chiqib ketishi qiyin bo‘lmoqda.

Kunlar sovishi bilan energiya ta’minotida cheklashlar odatga aylangan.

Kuzatuvchilar yetishmovchilikning asosiy sabablari sifatida, iqtisod jadal rivojlanishi ortidan sanoat sohasida energiya talablari ortayotgani, biroq ushbu talabni qondirish uchun mavjud tizimlari qodir emasligini keltirishadi.

Mamlakatdagi energiya tizimi talablarga javob beradigan holatga keltirishi uchun mamlakatga katta mablag‘ kerak bo‘ladi.

Hukumat ushbu masalaga yechim sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ham muqobil sifatida ko‘rmoqda.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, O‘zbekiston 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga, umumiy energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi va muqobil manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmini kamida 40 foizga oshirish niyatida.

Bu mamlakatga nafaqat energiya resurslarini diversifikatsiya qilish, balki, muhimi, atmosferaga zararli chiqindilarni 34 million tonnaga kamaytirish imkonini berishi aytiladi.