'Otashkesim tugadi' - AQSh Eronga yana 'qattiq' zarba berdi, NATO Bosh kotibi Putinni o‘zlari bilan 'o‘ynashmaslik'ka chaqirdi va Kievga ballistik raketalar bilan hujum

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Dunyoda nima gap – so‘nggi tafsilotlar.
Shu soatlarda olingan yangilik: O‘zaro hujumlar ortidan Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh "tugaganligi"ni e’lon qildi.
Yangi hujumlar
AQSh Eronga yana "qattiq" zarba berdi.
Bu ishni Eronning hujumlariga javoban qilganligini bildirdi.
Amerika tomoniga ko‘ra, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uchta neft tankeriga hujum qilgan.
AQSh Markaziy Qo‘mondonligi bu haqda kecha, seshanba kuni ma’lum qilgan.
Qo‘mondonlikka ko‘ra, 80 dan ortiq nishonga zarba berilgan.
Eron Islomiy Inqilob Qo‘riqchilarining bo‘g‘ozdagi 60 dan ziyod qayiqlari ham nishonga olingan.
Eronning raketa uchiruvchi sathlari va qo‘mondonlik markazlari ham hujumlari nishonidan chetda qolmagan.
Ammo AQSh Markaziy Qo‘mondonligi aniq qaerlarga zarba berganliklari tafsilotlarini ochiqlamagan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, AQSh Keshm oroli, Bandar Abbos va Sirikka hujum qilgan.
AQSh hujumlari natijasida odamlar yaralangan.
Eron AQShning yangi zarbalariga sabab bo‘lgan hujumga mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.
Eron Islomiy Inqilob Qo‘riqchilari AQShning so‘nggi hujumlarini ham bejavob qoldirmagan.
Bugun, chorshanba kuni erta tongda Bahrayn va Quvaytga hujum qilgan.
Ularga ko‘ra, AQShning bu ikki davlatdagi "85 ta harbiy inshooti" nishonga olingan.
AQSh Dengiz-piyoda kuchlarining qarorgohlari va Quvaytdagi harbiy bazasi ham e’tibordan chetda qolmagan.
Eron Tashqi ishlar vaziri muovini AQShning hujumlari o‘tgan oy ikki o‘rtada imzonlangan memorandumga zid ekanini aytgan.
U Tehron bunga qarshi "qat’iy choralar" ko‘rishi bilan ogohlantirgan.
Amerika tomoni esa uch neft tankeriga qarshi uyushtirilgan "mutlaq toqat qilib bo‘lmaydigan" hujumlarning bejavob qolmasligi bilan ogohlantirgan.
Seshanba kungi hujumlaridan avval AQSh Moliya vazirligi Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni yana tiklagan.
O‘tgan oy Vashington va Tehron tomonidan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan bu yon berishni bekor qilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi ushbu qadamni ham memorandumning buzilishi, deb atagan.
Vazirlik bu AQSh hukumatining "yomon niyatli, tuturuqsiz va ishonchsizligining isboti" ekanini aytgan.
Shuningdek, Tehron "o‘z milliy manfaatlari va milliy xavfsizligini himoya qilish uchun zarur, deb bilgan barcha choralarni ko‘rishi"ni ham bayon qilgan.
Qatar ham, Saudiya Arabistoni ham hujumlarni qoralagan.
Ikkovlon ham bo‘g‘oz yoki uning yaqinida o‘zlariga tegishli tanker hujumga uchraganligini aytishgan, bunda Eronni ayblashgan.
NATO nimadan xavotirda?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Dunyodagi eng yirik harbiy ittifoq umumiy qiymati qariyb $50 milliard dollarlik yangi raketa dasturiga qo‘l urmoqchi.
Buyuk Britaniya ilova o‘ndan ortiq davlat yangi dastur yordamida Yevropani himoya qilmoqchi.
Bu ish uchun kelasi 10 yil davomida xuddi shuncha mablag‘ xarjlamoqchi.
Xabarlarga ko‘ra, yangi loyiha bugun, chorshanba kuni kechga yaqin NATOning Turkiya poytaxti Anqaradagi sammitida muhokama qilinadi.
Uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar NATOning eng ilg‘or qurollaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Ular taxminan 300 chaqirim uzoqlikdagi nishonlarga aniqlik bilan zarba berishga mo‘ljallangan va kuchi bundan bir necha bor olislikdagi nishonlarga ham yetishi mumkin.
Kir Starmer NATOning Anqaradagi sammitida so‘nggi bor Britaniya Bosh vaziri sifatida ishtirok etmoqda.
Ammo, unga ko‘ra, Buyuk Britaniya boshchiligidagi ushbu tashabbus "kelgusida NATOning xavfsizligi ta’minlash uchun yevropalik ittifoqchilarini birlashtirish"ga yordam beradi.
Sammitda ser Kir Starmer Rossiya tomonidan Buyuk Britaniya va NATOga solinayotgan tahdidga alohida urg‘u berishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri NATO Rossiya bilan qarama-qarshilikka intilmasa-da, har bir ittifoqchini himoya qilishga tayyor turishi shartligini ham ta’kidlashi mumkin.
NATO bilan "o‘ynashib" bo‘lmaydimi?
Biz o‘z turmush tarzimizni, demokratiyamizni va hududimizni himoya qilamiz. Shu bois, bizga tegishga urinmang, biz bilan o‘yin o‘ynashmang.
NATO Bosh kotibi Rossiya prezidentini ittifoq bilan "o‘ynashmaslik"ka chaqirdi.
NATO dunyodagi eng yirik harbiy ittifoq bo‘ladi.
Mark Ryutte bu haqda Anqaradagi sammitning ikkinchi kuni arafasida gapirdi.
U matbuot anjumanida finlandiyalik jurnalistning "Rossiya va Putinga tilagingiz", degan savoliga xuddi ana shunday javob berdi.
Mark Ryuttega ko‘ra, NATO "o‘zining demokratiyasi va hududini himoya qiladi".
"Mening aytmoqchi bo‘lganim shuki, Yevropa, Kanada va Qo‘shma Shtatlarda yashovchi bir milliard kishini birlashtirgan ushbu ittifoq hududimizning har bir qarichini himoya qiladi. NATOni yengib bo‘lmaydi. Biz mudofaa ittifoqimiz; hech qachon hech kimga hujum qilmaymiz. [Ammo] biz o‘z turmush tarzimizni, demokratiyamizni va hududimizni himoya qilamiz. Shu bois, bizga tegishga urinmang, biz bilan o‘yin o‘ynashmang", — dedi Ryutte.
NATO Bosh kotibining BBC Rus xizmatiga aytishicha, "Anqara sammiti deklaratsiyasida Rossiya NATO uchun uzoq muddatli tahdid sifatida belgilanishini kutmoqda".
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga yana ballistik raketalari bilan zarba bergan, beshta raketasini ishga solgan.
Hozircha bir kishining qurbon bo‘lgani va yana ikki nafarining yaralangani ma’lum.
Ukraina Qurolli kuchlarining bildirishicha, yana bu raketalardan birortasini urib tushira olishmagan, Rossiyaning faqat 100 dan ortiq dronni yo‘q qilishgan.
Rossiya tomoni ham xuddi shu manzarada Ukrainaning o‘nlab dronlarini urib tushirganliklarini aytib chiqqan.
Ukraina prezidenti bundan avval AQShning Patriot rusumidagi raketadan himoya tizimlariga juda ehtiyojlari borligini bildirgan.
Volodimir Zelenskiy ushbu masalaning aynan NATOning Anqaradagi sammitida muhokama qilinishini bildirgan.
Ammo uning o‘zi mazkur sammitda ishtirok etmayotir.





























