O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasi: yangi bozor, notanish qarindoshlar va so‘nmagan umid - video

    • Author, Ibrat Safo
    • Role, BBC News Uzbek muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Men Xorazm viloyatining Shovot tumanidanman. Bolaligimda Turkmanistonning Doshovuz shahriga ko‘p borar edik, u Urganchdan ham yaqin. Shovotliklar orasida Doshovuzda qarindoshi bo‘lmagan odamni topish qiyin. Lekin, ikki davlat mustaqil bo‘lgach, oradagi chegara nazorati kuchaytirildi va bordi-keldi deyarli to‘xtab qoldi.

Yaqinda chegarada bozor ochilibdi. Shu bozorni ko‘rish bahonasida men chegaraning ikki tarafida yashayotgan xalqlar uchun hayot qanday ekanligini ko‘rsatib bermoqchiman.

Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelishi bilanoq "yaqin qo‘shnichilik" siyosatini o‘z tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishi qildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan avval yopiq yoki bahsli bo‘lgan chegaralar bo‘yicha muzokaralar faollashdi. 2016 yildan keyin O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ko‘plab chegara punktlarini qayta ochdi; viza va o‘tish tartiblarini yengillashtirdi; savdo va transport aloqalarini kuchaytirdi.

Ammo, O‘zbekiston prezidentining ko‘plab harakatlariga qaramay, Turkmaniston bilan viza tizimi saqlanib qolmoqda. Turkmaniston hali ham Markaziy Osiyodagi eng qattiq chegara nazoratiga ega davlatlardan biri. Shunday bo‘lsa-da, Turkmanistonga, masalan, O‘zbekistondan ko‘ra Erondan kirish osonroq – Erondan o‘tayotganlar uchun taklifnoma talab qilinadi va chegaraning o‘zida viza bosib beriladi. O‘zbekistonda esa viza Toshkentdagi Turkmaniston elchixonasidan olinishi kerak.

Hujjatli filmni tomosha qiling

Shovotdan Turkmaniston chegarasi tomon yo‘l oldim. Mening ildizim Turkmanistonga Shovotdan ham yaqin. Otam chegaraning yonginasidagi Monoq qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Turkmanistonga yetaklaydigan katta yo‘l yaxshigina ta’mirlanibdi. Balki bunga bozor sababdir?

Chegaraning qanday bo‘lishida, shubhasiz, davlat rahbarlarining xarakteri va xavotirlari ham katta rol o‘ynagan. 2001 yilda Turkmaniston prezidenti bo‘lgan Samarmurot Niyozov O‘zbekiston bilan 1700 kilometrlik chegaraga simto‘siq o‘rnatishni boshlagandi. Turkmanboshi buni o‘shanda noqonuniy savdo va jinoyatchilardan himoya deya izohlagan.

Bir yil o‘tib, 2002 yil noyabrida u o‘ziga qarshi davlat to‘ntarishi harakati bo‘lganini aytganida, bu harakatni uyushtirishda ayblangan turkman muxolifat lideri Boris Shuxmuradov Ashhoboddagi O‘zbekiston elchixonasidan topilgani iddao qilingan. Islom Karimov hukumati buni rad qilgan. O‘shanda men Toshkentda Bi-bi-sining turkman xabarlari bo‘yicha monitori edim. Bu mojaroda o‘zbek elchisi Turkmanistondan chiqarib yuborilgani va ikki davlat orasiga keskin sovuqlik tushib, chegara nazorati yanada kuchayganini yaxshi eslayman.

Uzoq kutilgan uchrashuv

Chegaraga yaqinlashar ekanman, o‘zimni bolaligimda menga yirik metropolis bo‘lib ko‘ringan Doshovuzning bozoriga kirayotgan his qilyapman. U Moskva ta’minotidagi bozor deya afzal ko‘rilardi. Chegaradagisi yangisi esa men o‘ylagandek o‘rtada bitta, turkman va o‘zbek do‘konlari aralash emas, ikki ayri bozorlar ekan. Yonma yon turgan ikki hududga kirib chiqish uchun alohida chegara va bojxonachilar nazoratidan o‘tish kerak.

Men esa undagi savdodan ham ko‘ra, bu bozorda Turkmanistonda yashaydigan qarindoshimni ko‘rishimni o‘ylab, hayajon bosyapti. Doshovuzga kelin bo‘lib tushgan ammamning men tengi o‘g‘li Ilhom bilan birga o‘ynab katta bo‘lganmiz. Lekin uni Sovet Ittifoqi qulaganidan beri ko‘rmaganman. Uchrashuvni bugunga belgilaganmiz.

Shovot-Doshovuz savdo hududi o‘tgan yil noyabrda Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhammedovning virtual ishtirokida tantanali ochildi. Uning hududi 6 gektarni tashkil qiladi. Ikki davlat fuqarolari zonaga soddalashtirilgan tartibda kirishi mumkin va kechqurungi soat 7:00da yopilguncha chiqib ketishlari kerak. Loyiha ikki davlat o‘rtasida savdo, logistika va chegaraoldi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish uchun tashkil qilingan deyildi.

Bozorning O‘zbekiston hududidagi qismiga rahbarlik qiluvchi Komilbek Jumaniyozov meni darvozada qarshi oldi. U menga bozorga keluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar: savdo markazi, mehmonxona, oshxonalarni ko‘rsatmoqchi.

Bozor ochilganida unga ikki tomondan keluvchilar shu yerdagi mehmonxonalarda 15 kungacha qolishlari mumkinligi ham aytilgandi. Ammo, Jumaniyozovga ko‘ra, bu hali rejada. Hozircha qarindoshlar asosan oshxonada o‘tirib, diydorlashadilar, deydi u.

U meni shunday diydorlashuvlardan birini ko‘rishim uchun oshxonaga boshlaydi. Kattagina zalda bir-biriga ulangan uzun stolda 50 nafarcha odam chaqchaqlashib tamaddi qilyapti.

«Kim Turkmanistondan, kim O‘zbekistondan», - deb so‘rayman ulardan. Kimningdir akasi, yana kimningdir qizi, yana kimningdir opasi chegaraning narigi tarafida ekan. Oralarida qoraqalpog‘istonliklar ko‘p. Bu qarindoshlar bir-birlarini ko‘rmaganlariga 22 yil bo‘libdi.

Savdo majmuasiga kirganimda esa, uning ochilish tantanasi tasvirlarida ko‘ringan rastalar to‘la meva va sabzavotlaru, mahsulotga to‘la do‘konlarni ko‘rmadim, lekin bir nechta turkman ayollari va erkaklari O‘zbekistonda chiqadigan shirinliklar, plastik idishlar va sopol buyumlarni olishayotgandi. «Ilonlidan keldim», - deydi an’anaviy uzun turkman libosidagi ayol.

"Mening barcha tug‘ishganlarim O‘zbekistonda, o‘zim esa 1956 yilda Doshovuzga o‘tib qolganman", - deydi bir onaxon. U qarindoshlari bilan shu yerda ko‘rishibdi, lekin bir marta Turkiyadan deport bo‘lgani uchun bozordan Xorazmga chiqa olmas ekan. "Ikki prezidentning joni sog‘ bo‘lsin", deya duo qiladi u.

Bozorda, kam bo‘lsa-da, savdo bo‘lyapti. Bir do‘kondor Shovotdagi uy fabrikasida ishlab chiqarilgan poyafzal va kiyim-kechaklarni sotyapti.

Bozorning bu qismi O‘zbekiston tomonida bo‘lsa ham, unda ikki davlatning ham pul birligini qo‘llash mumkin. Mahsulotlar esa import emas, O‘zbekistonniki bo‘lishi kerak, aksincha bojxonadan o‘tkazilmaydi.

O‘zbekistonni tark etib, Turkmaniston hududidagi bozorga o‘taman. Chegaradan o‘tish jarayonini tasvirga olish mumkin emas, kamera ham taqiqlangan. Qisqa muzokaralardan so‘ng kichik kameramga ruxsat berildi, lekin formali xodimlarni suratga olmaslik uqtirildi. Bozorga kirganimda esa aftidan formasiz xavfsizlik xodimlarining nazariga tushdim va ulardan biri bizdan bozorni videoga olmaslikni so‘radi. Bir do‘kondor hatto bu yerda videoga olish 5 million manat (17 million so‘m) jarima bilan jazolanishini aytdi.

Bu yoqda ulgurji savdo ancha qizigan ekan, xorazmlik savdogarlar arzon turkman mahsulotlarini o‘rab yotishgandi. Ularga kuniga 60 kilogram turkman mahsulotini O‘zbekistonga olib o‘tishga ruxsat bor. Menga aytishlaricha, boshida o‘simlik yog‘i arzonligidan, uni O‘zbekistonga shu qadar ko‘p olib o‘tishganki, endi sotilishi to‘xtatilibdi.

Mayli, savdoni qo‘yib turay, uzoq kutilgan uchrashuvimning vaqti keldi.

Men faqat Ilhomni ko‘raman deb o‘ylasam, Doshovuzdagi boshqa ko‘plab qarindoshlarim ham kelishibdi. Bolalikda qariyb har hafta ko‘rishadigan, to‘y-marakalarni birgalikda o‘tkazadigan yaqinlarim yillarki chegara ortida bizdan uzilib qolishgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yaqinlarim bilan ayriliqda o‘tkazilgan yillarni muhokama qilib, gapimiz tugamaydi. Afsuski, Shirin ammam yaqinda olamdan o‘tdi, O‘zbekistondan hech kim janozaga bora olmadi. Uning o‘g‘li Ilhom esa eng katta o‘g‘liga, menga o‘xshasin deb, Ibrat deb ism bergani ham men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.

Uzun stolimiz atrofida Monoqda yashaydigan katta amakim Jumamurot og‘am, yonida bobomning Doshovuzda yashaydigan jiyani Baxtiyor og‘am. Bu amakivachchalar bir-biridan atigi bir necha daqiqalik masofada yashasalar-da, ko‘p yillarki ko‘risha olishmagan. Baxtiyor og‘amni oxirgi ko‘rganimda men 10 yoshlarda edim. Oyoqlari og‘rishidan uzoq masofaga yura olmay qolibdilar.

Doshovuzning o‘zida, oxirgi chamalarga ko‘ra, 500 mingga yaqin etnik o‘zbeklar yashaydi. Turkmanistonda o‘zbeklar - ikkinchi eng yirik etnik guruh. Ularning yashash tarzi haqida ko‘p ham gapira olmayman, aynan ularning xavfsizligi uchun. Lekin nafaqat chegaralar, balki internet orqali aloqa ham qiyin bo‘lgan mamlakatda yashashni o‘zingiz ham tasavvur qilsangiz kerak. Men ular bilan hatto internet yoki telegram orqali ham bog‘lana olmagandim.

«Chegaradan yig‘lab qaytdik»

Qarindoshlar bilan uchrashuvning ertasiga, Jumamurot amakim uchun bu uchrashuvning ahamiyati qanday bo‘lganini bilay deb yana Monoqqa yo‘l oldim. Yo‘l chetini tomosha qilib ketarkanman, oppoq qatlamni ko‘raman. Bu – tuz. U esimni taniganimdan beri bor. Xorazm vohasida yer osti suvlari yuzaga juda yaqin joylashgan va ularning tarkibida tuz miqdori yuqori. Qurigan Orol dengizi tubidan shamol orqali ko‘tariladigan tuz va chang zarralari ham atrofdagi ekin maydonlariga, shu jumladan Xorazm yerlariga kelib o‘tiradi. Xorazmlik dehqonlar unumdorlikni saqlab qolish uchun har yili bahorgi ekishdan oldin yer sho‘rini yuvadilar, ya’ni yerga ko‘p miqdorda suv tarab, tuzni oqizib yuboradilar. Atrofdagi ajoyib ekinzorlar, odamlarning tomorqa bog‘lariga qarab, buning ortida shuncha mehnat yotganini ilg‘ash qiyin.

Kun bugun juda issiq. Jumamurot og‘am meni kutib, ayvonida mizg‘ib yotgan ekanlar.

Tushlik qilgach, ulardan kechagi uchrashuvdan taassurotlarini so‘rayman.

«Ko‘p vaqtdan beri uchrasholmay yurgandik. O‘zimdan katta opam – Shirin opamning janozasiga borolmadik. Og‘ayni, qarindoshlarni ko‘rish istagim bor edi. Har holda, yo‘qdan yaxshi bo‘ldi. Ular ham sog‘ingan ekan. Qani endi, avvalgidek o‘ta olsak, o‘zi 15 daqiqalik yo‘l u. Chegara tarafida o‘zi bir xalq, ikki xalq emas. Bir xalqni ikkiga bo‘lib qo‘yibdilar. O‘zim bilan birga ishlagan odamlarning yaqinda birining akasi, birining singlisi olamdan o‘tdi, ikkovi ham bora olmadi», - deydi amakim.

«Nahotki, yaqinim vafot etdi, degan bir qog‘oz bo‘lsa-da, o‘tkazmasa?»

«O‘tkazmaydi. Saparboy akam o‘lganida, chegaraga bordik. O‘zbekiston chegarachilari o‘tkazishdi, lekin u yoqdagilar sizni o‘tkazmaydi deyishdi. Turkman askarlariga «hech bo‘lmasa, ikki soat bering», desak ham, yo‘q deyishdi. Chegaradan yig‘lab qaytib keldik. Vizani olish uchun esa Toshkentga borish kerak. U ham 10 kunda, ba’zida 15-20 kunga cho‘zilib ketadi. Lekin, unday marakalar kutib turmaydi-ku odamni."

Ota qabrini ziyorat qila olmayotgan do‘stim

Kecha chegaradagi bozorga borganimda, men bilan Shovotda yonma-yon uyda tug‘ilib o‘sgan jo‘ram Bahodir ham kelgandi. Uning hayoti Doshovuzga menikidan ancha yaqin – uning marhum ota-onasi doshovuzlik, to‘ylari ham Doshovuzda bo‘lgan, so‘ng Shovotga joylashib oila qurganlar. Bahodirning aksar qarindoshlari chegaraning narigi tarafida.

Kecha u amakisi bilan ko‘rishganida, u Turkmanistondan bozorga kelish uchun ham talab qilinadigan ruxsatnomasini ko‘rsatdi. Bunday ruxsatnomani olish uchun Turkmanistondagilar mahalliy hokimiyatga murojaat qilishlari kerak ekan. Bahodirning boshqa qarindoshlari uchun bu ruxsatnoma chiqmay qolibdi va amakisi yakka o‘zi kelibdi.

Bahodirning dadasi Quronboy aka Dovoshuzda dafn qilingan, lekin o‘lim hujjatiga familiyasi boshqacha yozilib qolgani sabab u viza uchun ota qabri ziyoratini sabab qilib ko‘rsata olmayapti.

«Oxirgi marta 2001 yo 2002 yilda o‘tgandim dadamning qabrini ziyorat qilishga. U vaqti vizasiz o‘tsa bo‘lardi. Hozir men, masalan, amakilarimning nevaralarini tanimayman. Ko‘rmaganman ham. Shu yerga o‘tib kelib qolishsa, ko‘chada ko‘rsam tanimayman... Avvallari ko‘p borardik, bir ko‘cha to‘la qarindoshlar, birinikidan ikkinchisiga chiqib, kun o‘tganini bilmay qolardik», - deb eslaydi Bahodir.

Hozir bir yo‘li turistik viza bilan borish ekan, deydi u. «Unda ham to‘g‘ri qarindoshlaring uyiga borolmaysan, gid yollab, turistik marshrut bo‘yicha yurasan va mehmonxonada turasan.»

Turkman quruvchilar

Turkmaniston chegarasi, hozir qanchalar yopiq bo‘lmasin, undan qarindoshlar yoki mahsulotlardan tashqari, hatto mehnat migrantlari ham o‘tayotganini eshitdim. Ya’ni Turkmanistondan aholi kelib O‘zbekistonda ishlayotgani men uchun yangilik bo‘ldi. Hatto yangi qurilayotan «Shovot Siti»da ham ko‘p quruvchilar turkmanistondan deyishdi.

Tanishlarim orqali turkman quruvchilarning brigadirining ismini topdim. Qurvansaat degan yigit. Qurilish maydoniga kirishim bilanoq birinchi uchratgan quruvchim ham Turkmanistondan bo‘ldi. Ammo ularni gapirtirish oson ish emas.

Quruvchi yigitdan qayerdanligini so‘rayman. U Turkmanistonlik o‘zbek emas, Mari viloyatidan kelgan turkman ekan. Maridan Shovotgacha 500 kilometrcha yo‘lni bosish kerak.

U sim qoqib Qurvansaatni chaqirdi. Qurvansaat yetib kelgach, kameraga uni olmasligimni so‘radi, lekin quruvchilar sharoitlarini ko‘rsatishga rozi ekanini aytdi. U ham Maridan ekan.

«Maridan, Doshovuzdan 30 tacha bola bor bu yerda», - deydi u.

«Oyliklari yaxshimi?»

«Yaxshi, 5 milliondan 8 milliongacha olishadi, kuniga va soatiga qarab. Ba’zilar 9 million ham ishlab topadi.»

Shovotda men suhbatlashgan taksichiga ko‘ra, turkmanistonlik mehnat muhojirlarining kelishi ko‘paygan. «Men chegaradan ularni Buxoro, Samarqandlargacha olib bordim. Kafelarda ishlar ekanlar», - deydi u.

"Kafeda ishlash uchun shuncha yo‘lga borisharkanmi? Qancha ishlab topisharkan?»

«Ha-da. 600-700 dollar ishlab topamiz deyishdi. Birining aytishicha, unga Turkmanistonda 100 dollar bir oy yashashga yetar ekan. Bizning pulimiz ular uchun qadrli, bizdan bu pul yetmaydi.»

Uch kunlik ruxsat

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2004 yil kuchga kirgan bitimga ko‘ra, ikki davlatning chegarabo‘yi viloyatlarida yashovchi aholi chegara osha bir oyda bir marta vizasiz o‘tishlari va ko‘pi bilan uch kun bo‘lishlari kelishilgandi.

Mahalliy aholining aytishicha, bu kelishuv bir qancha vaqt amalda bo‘ldi, so‘ng to‘satdan to‘xtatildi.

Uning qachon va nega to‘xtatilgani borasida hech bir tomon rasman e’lon qilmagan.

Shovotlik advokat Umrbek Bakiev bu kelishuvning taqdiri nima bo‘lganini bilish uchun Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk kunlarida uning portaliga murojaat qilgan.

«Bitimdagi bir moddada agar qandaydir fors-major, favqulodda vaziyat yuz beradigan bo‘lsa, ikki tomondan biri chegarani yopib qo‘yishi mumkinligi belgilangan. Men «shu uch kunlik ruxsat oldin bor edi, hozir nima bo‘ldi uning taqdiri» deya so‘rovnoma yuborganimda, ma’sul tashkilot menga shunday modda borligi va shu sabab yopilgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan. Ular ham aniq bilmagan. So‘rovim Xorazm viloyatidagi qaysidir tashkilotga yo‘llangan. O‘shalar javob bergan menga», - deydi advokat.

Umrbekning o‘zi ham xorazmlik turkmanlardan. Uning otasi Shovot tumanining Cho‘dirliq qishlog‘ida yashovchi cho‘dir turkmanlaridan kelib chiqqan. Umrbek Turkmanistonga beshta ammasi kelin bo‘lib tushgani va ularning oilalari bilan bordi-keldi qiyin bo‘lib qolganini aytadi.

"Endi yangi bozor qurilgani yaxshi qadammi", - deb so‘rayman undan.

"Bozor ochilgani yaxshi qadam bo‘lyapti. Savdo yo‘lga qo‘yilyapti. Bu yaxshi. Lekin, hozir Turkmaniston fuqarolari bozorga kelish uchun maxsus ruxsatnoma olishlari kerak. Boshida o‘tqazib turgandi bu yoqqa, hozir o‘tqazmayapti. Shuning uchun, u yoqdan fuqarolar kelishi to‘xtab qolgan. Bu narsa qarindoshlar aloqalariga ham ta’sir qilyapti, va savdoga ham ta’sir qilyapti. O‘zbekiston mahsulotlarini olib ketadigan turkmanlar kamaygan.»

Qanday bo‘lmasin, xorazmliklar yangi bozorga shukur qilishyapti. Ko‘plar O‘zbekiston hukumati tomonidan chegarani ochish yoki yumshatish yo‘lida qilinayotgan harakatlarni olqishlashyapti.

Ba’zilar «mayli, savdo bo‘lmasin, lekin hech bo‘lmasa yaqinlarning bir-birini borib ko‘rishlariga yo‘l ochib berishsin», deyishyapti. Ular bu kunlarni orziqib kutib yashayaptilar.

Lekin, umr o‘tib boryapti. Odamlar ham.

Men ham o‘sha kuni Ilhom bilan xayrlashar ekanman, keyingi uchrashuvimiz yana 40 yildan keyin bo‘lmasin deya hazillashdik.