Qirg‘iz-O‘zbek chegarasida yirik hibs: O‘nlab mas’ul poraxo‘rlikda gumonlanmoqda

Qirg‘izistonning ikkita harbiy xodimi 9 nafar odamni hibsga olgani tasvirlangan surat. Harbiylar tik turibdi, gumon qilinganlar qo‘llari orqaga olib, devorga qarab turishibdi.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Hibsga olish jarayonidan surat.
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlarida ishlagan o‘nlab qirg‘iz harbiylari va davlat xizmatchilari poraxo‘rlik gumoni bilan qo‘lga olingan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir 40 nafarga yaqin odam hibsda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ular maxsus operatsiya davomida ushlanganini ma’lum qildi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari operatsiya vaqtida otishma bo‘lganini yozdi, ammo rasmiy idora buni tasdiqlamadi.

Hodisa 5 iyulda Botken viloyatidagi "Qadamjoy" va "Chashma" nazorat punktlarida sodir bo‘lgan. Amaliyot Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Davlat bojxona xizmatining Ichki tekshiruvlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan.

7 iyulda tarqatilgan rasmiy videoda chegarachilar odamlardan pora olgani yozib olingan yashirin kamera tasvirlari bor. Unda nazorat punkti xonasida o‘tirgan harbiy chegaradan o‘tayotganlardan pul olgani, odamlar pullarni quti yoki g‘aladonga solgani, harbiylarning qo‘liga bergani, maxsus bo‘linma askarlari qurollar bilan bostirib kirib, ularni yerga yotqizib hibsga olgani aks etgan.

"Tintuv natijasida katta miqdorda milliy valyuta, O‘zbekiston Respublikasi so‘mlari hamda AQSh dollarlari topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish maqsadida 'Qadamjoy' nazorat-o‘tkazish punktidan 17 nafar chegara xizmati xodimi, Davlat bojxona xizmatining 5 xodimi, Veterinariya nazorati xizmatining 1 xodimi, 1 feldsher va 3 nafar fuqaro olib kelindi. 'Chashma' nazorat-o‘tkazish punktidan esa 11 nafar chegarachi va Davlat bojxona xizmatining 3 nafar xodimi olib kelindi", – deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Qo‘lga olingan chegarachilar. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarqatgan rasm.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Qo‘lga olingan chegarachilar. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarqatgan rasm.

Chegara punktlarida pora olish holatlari haqida shikoyatlar avval ham bo‘lgan.

Chegara xizmati poraxo‘rlikka qarshi kurash natijasida bu muammo bartaraf etilgani haqida bir necha bor bayonot bergan. Oxirgi voqea yuzasidan hozircha munosabat bildirilmadi.

Qadamjoylik jurnalist Azamat Absattarovning aytishicha, maxsus operatsiya tashkil etilgan ikkita punkt orqali odamlar va tovarlar muntazam o‘tib turadi. U mahalliy aholi orasida korruptsiyaviy sxemalar va kontrabanda haqida uzoq vaqtdan beri iddaolar borligini aytadi.

"Qadamjoy tumani O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati bilan chegaradosh. Ma’lumki, Qadamjoy tumani hududida O‘zbekistonning ikkita anklavi – Shohimardon va So‘x joylashgan. Kechagi voqeaga to‘xtalsak, Qadamjoy avvallari kontrabanda juda ko‘p uchraydigan tumanlardan biri edi. Keyinchalik chegara aniq belgilanib, sim to‘siqlar o‘rnatilgani sababli avvalgidek ochiq kontrabanda kuzatilmay qo‘ygan. Lekin mening taxminimcha, kelishgan holda kundalik ehtiyoj tovarlarini ikki davlat o‘rtasida olib o‘tish sxemasi davom etgan bo‘lishi mumkin. Chunki bunga o‘xshash holatlar Qadamjoyda avval ham bor edi", – dedi jurnalist.

Joriy yil fevralda ham Qirg‘izistonning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi O‘sh va Andijon viloyatlari o‘rtasidagi "Dostuk" (Do‘stlik) nazorat punkti rahbarini korruptsiyada gumon qilib qo‘lga olgan edi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasi uzunligi 1314 km bo‘lib, bu Qirg‘izistonning eng uzun tashqi chegarasi hisoblanadi. Chegara asosan Farg‘ona vodiysi orqali o‘tadi va ikki davlatning uchtadan viloyatlari chegaradosh, hamda bir nechta nazorat punktlari ishlaydi.

Hozircha O‘zbekiston tomoni oxirgi voqealar yuzasidan munosabat bildirmagan.

O‘zbekistonda 39 milliondan ortiq, Qirg‘izistonda esa 7 milliondan ziyod aholi yashaydi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, oxirgi uch yil davomida har yili ikki davlat o‘rtasida qatnagan odamlar soni har ikki mamlakatda 2–3 million atrofida bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich chegaradan kirgan chet elliklar orasida eng yuqori hisoblanadi.