Mirziyoyev 90 kunda tibbiyot tizimini qanchalik o‘zgartira oladi?

Surat manbasi, president.uz
Tumanlarda tibbiyot tizimi o‘ta nochor ahvolga kelib qolgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tibbiyot tizimiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilishdan shunday xulosaga kelish mumkin.
Mirziyoyev mutasaddilarga 90 kunlik vazifa topshirdi. Bu vaqtda jiddiy o‘zgarishlar ko‘rish kutilmoqda.
Salkam 2 yil tayyorgarlik ko‘rilgan yig‘ilish

Surat manbasi, president.uz
7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti boshchiligida tibbiyot sohasiga bag‘ishlangan videoselektorda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani ma’lum qilindi. Buning uchun xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani ta’kidlandi.
Prezident bosh tanqidchi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, so‘nggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ 6 karra oshgani va bu yilda 42 trillion so‘mga yetgan.
Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda. Birgina buyrak ko‘chirish amaliyoti kuniga 2 tadan bajarilmoqda.
O‘zbekistonda har o‘n ming aholiga 27 nafar shifokor to‘g‘ri kelishi qayd qilindi. Bu AQSh, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil ko‘rsatkich. Turkiya va Kanadada bu raqamlar 1,5 baravar kamligi aytildi.
Biroq shunday bo‘lsa-da, tibbiyot sifati kutilganidek emas.
"Ko‘rib turibsiz, bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin, sifat-chi? Bu borada e’tirozli savollar juda ko‘p", - dedi davlat rahbari.
Endi birlamchi bo‘g‘in - tuman va qishloqlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi ma’lum qilindi.
Prezident buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida tahlillar asosida tushuntirib bergan.
Prezident nutqidan ma’lum bo‘lishicha, Ishtixondagi "O‘zbekiston" nomli poliklinikaga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh.
Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.
Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.
Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti.
Shu bois, prezident ushbu tizim o‘zgarishi kerakligini belgiladi.
Dori tekin bo‘ladimi?
Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq budjetdan qoplanadi.
Endilikda tibbiyot brigadasi hamda aholi o‘rtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etilishi aytildi.
"Tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi va paket doirasida tibbiy xizmat va dori vositalari to‘liq byudjetdan qoplanadi", deyiladi prezident nutqida.
Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar ko‘payadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qo‘shiladi.
Bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi.
Hamshiraning maoshi 300 dollar bo‘ladimi?
Yig‘ilishda aytilishicha, bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar ekvivalentida bo‘ladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama to‘lanadi.
Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, ularni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga o‘rgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qo‘shimcha 300 dollar beriladi.
"Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar ekvivalentida oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas – inson qadrini oshirgan bo‘lamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak", - dedi prezident.
Tibbiyotda 90 kun ichida o‘zgarishlar bo‘ladimi?
Prezident "Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar" dasturi boshlanishi e’lon qildi.
Unga ko‘ra, viloyat hokimlari kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish, "ona-bola" xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.
"Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi", - dedi prezident.
Buning uchun har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.
Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha Prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.
Kasallar poytaxtga kelmay tumanlarda davolanadi
Shavkat Mirziyoyev hududlarda yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati bo‘lsa-da, bemorlar hali ham Toshkentga kelayotgani qayd etdi.
"Misol uchun, o‘tgan yili yurak ishemik kasalligi bor bemorlarga ko‘rsatilgan koronarografiya va stentlash amaliyotining 80 foizi Toshkentda bajarilgan".
Jarrohlik amaliyoti talab qilmaydigan yurak ishemik kasalligi bor bemorlarni ham poytaxtga kelishi kamaymagan.
Endi tuman va viloyatda bemalol qilish mumkin bo‘lgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yo‘llanma berilmaydi.
Kuzatuvchilar ayrim tuman va viloyatlarda malakali shifokor topish qiyin bo‘lgani uchun ham bemorlar poytaxtga kelishni afzal ko‘rishini aytishadi.
Dori biznesi tartibga keladimi?
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda har yili 600-700 million dollar mablag‘ samaradorligi isbotlanmagan va o‘rganilmagan dorilarga sarflanmoqda. Bunday dorilarning importdagi ulushi 42 foiz.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga xalqaro tan olingan manbalarda "samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan" deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarishni boshlash topshirildi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi galda bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha kompleks reviziya o‘tkaziladi va protokollarga amal qilmagan xodimlarga nisbatan chora ko‘riladi".
Endi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida "Elektron retsept" tizimi to‘liq ishga tushirilib, butun respublikaga namuna qilinadi.
Amaldorlar O‘zbekistonda davolanadimi?
Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda mulozimlar biror jiddiy kasallikni davolatish uchun mahalliy shifoxonalardan ko‘ra, chet elni afzal ko‘rayotganini tanqid ostiga olib keladi.
Prezident ushbu masalaga hozircha pastki bo‘g‘inda chek qo‘yishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda aytilgan tashabbuslarning ijrosi joylarda so‘zsiz ta’minlanishi shartligi qayd etildi.
"Har bir vazir, hokim, deputat va senator joylardagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, qolaversa, o‘zi va oila a’zolari o‘z hududidagi oilaviy poliklinikaga chiqib, hududiy shifoxonasida davolansa, bu islohotlarning tezroq pastga tushishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi", deyiladi xabarda.





























