AQSh O‘zbekiston, Rossiya va Xitoy manfaatlariga zarba berdimi – kremlparast matbuot va kanallarda gap...

O‘zbekistonning Eron bilan $570 million dollarlik savdosi xavf ostida qoldimi – rasmiy Toshkent hozircha jim.
Da’volar
AQSh YevroOsiyo savdo yo‘laklariga zarba berish uchun Eronning Aq Teke Xon temir yo‘l ko‘prigiga qasddan hujum qildimi?
Qator kremlparast nashrlar bugun xuddi ana shunday iddaoda.
Ularning yozishlaricha, AQShning bu hujumi Eronning Markaziy Osiyo bilan savdosiga putur yetkazadi.
"Zarba ("Shimol-Janub" - tahr.) yo‘lakning sharqiy tarmog‘ini falajlagan, O‘zbekistonning Eron bilan $570 million dollarlik savdosi va Qozog‘istonning Fors ko‘rfazi yo‘nalishini xavf ostida qoldirgan".
Qator sharhlovchilar esa o‘zlarining e’tiborlarini hujumning amerikalik senator Stiv Deynsning Turkmanistonga safari bilan bir paytga to‘g‘ri kelganiga o‘zlarining e’tiborlarini qaratishgan.
Aytilishicha, senator Deyns Turkmanistonda Rossiya va Eronni chetlab o‘tuvchi boshqa muqobil yo‘nalishlarni ilgari surgan.
Kremlparast matbuot va kanallarning ayni mazmundagi iddaolariga rasmiy Toshkentning munosabati hozircha imkonsiz.
"Kirgizskiy forpost" Telegram-kanali esa ko‘prikning o‘sha kunning o‘zida tuzatilgani haqida yozgan.
Ammo mazkur kanal ham ushbu zarbani AQSh tomonidan berilgan ogohlantirish sifatida baholaganini ma’lum qilgan.
Nima gap?

Surat manbasi, Rasmiy (illyustrativ surat, arxiv)
Eronning temir yo‘l ko‘prigiga hujum bilan bog‘liq xabarlar shu kunlarda kremlparast matbuot va kanallarning e’tiboriga tushgan, hujumning o‘zi esa 9 iyul kuni amalga oshirilgani aytilgan.
Sharhda yozilishicha, kremlparast "Yevraziyskiy brifing" kanali 11 iyul kuni ayni mazmundagi xabarlarga o‘zining e’tiborini qaratgan.
Mazkur kanalning yozishicha, "AQShning Eron shimolidagi temir yo‘l ko‘prigiga bergan zarbasi dengizga yo‘li yopiq Markaziy Osiyo davlatlari global bozorlarga chiqish uchun tayanadigan Shimol-Janub transport yo‘lagining sharqiy tarmog‘iga zarar yetkazgan".
Hujum "Xitoy, Rossiya va O‘zbekiston manfaatlariga birdek zarba bergan".
So‘ngra kanal AQSh hujumiga uchragani aytilgan yo‘nalishning ko‘lami va ahamiyatiga to‘xtalgan.
Kanalning yozishicha, "Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Eron va Turkmanistonni o‘z ichiga oluvchi xalqaro Shimol-Janub trasnport yo‘lagi - Hindiston, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yuk tashishning asosiy arteriyasi – o‘qtomiri hisoblanadi".
"Yevraziyskiy brifing" kanali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili bu yo‘nalish orqali taxminan 24 million tonna yuk tashilgan. Tashilgan yuk hajmi o‘tgan 5 yil ichida 39 foizga oshgan.
Kanalning qo‘shimcha qilishicha, mazkur yo‘nalish uning asosiy raqibi sifatida ko‘rilgan Misrning Suvaysh kanali orqali o‘tuvchi dengiz yo‘lining zaiflashgani hisobiga kuchaygan.
Xabarda aytilishicha, "Shimol-Janub" yo‘lagining uchta tarmog‘i bo‘lsa, ulardan aynan Turkmaniston va Qozog‘iston orqali o‘tuvchi sharqiy tarmog‘i eng faoli hisoblanadi.
Tarmoq "yiliga 9 million tonnadan ortiq yuk tashishni ta’minlaydi".
Kanalning yozishicha, ushbu yo‘nalish dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Rossiya va Xitoy orqali o‘tadigan an’anaviylariga muqobili bo‘lgan muhim yo‘nalishni taqdim etgan.
Iddao qilinishicha, O‘zbekiston bundan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan mamlakat.
Kanal ayni o‘rinda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng aholisi zich davlat ekaniga o‘zining e’tiborini qaratgan.
Buning ortidan, AQShning temir yo‘l ko‘prigiga bergan zarbasi "uning Eron bilan o‘sib borayotgan savdosini xavf ostiga qo‘yganligi"ni iddao qilgan.
"Bandar-Abbos va Chobahor portlari orqali dengiz qatnovi to‘xtab qolgani bois, O‘zbekistonning Eron bilan o‘tgan yili umumiy qiymati $570 million AQSh dollaridan ortgan savdosi xavf ostida qoldi", deb yozgan mazkur kanal.
Kim yana nima dedi?
O‘zbekistonning Eron bilan o‘tgan yili umumiy qiymati $570 million AQSH dollaridan ortgan savdosi xavf ostida qoldi.
Kremlparast sharhlovchi Igor Dimitriev fikricha, AQSh tomoni bu ishni hujumga uchragan tankerlar uchun qasos olish emas, asosan Eron va Xitoy o‘rtasida amalda bo‘lgan ta’minot yo‘lini uzib qo‘yish maqsadida qilgan.
Sharhlovchiga ko‘ra, mazkur ko‘prik Kaspiy dengizining sharqiy tomonidan o‘tuvchi "Shimol-Janub" yo‘lagining sharqiy tarmog‘ida joylashgan.
Uning 9 iyul kuni o‘z Telegram kanalida yozishicha, "ushbu tarmoq Xitoyning "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasining bir qismi bo‘ladi".
"O‘tgan yili undan Xitoydan kelgan kamida 65 ta yuk poezdi foydalangan".
Kremlparast "Aziatskiy Ekspress" Telegram-kanali esa o‘zining e’tiborini hujum vaqtiga qaratgan va uni AQSh senatori Stiv Deynsning Turkmanistonga safari bilan bog‘lagan.
Ta’kidlanishicha, Deyns AQSh Senatining Energetika qo‘mitasiga kiradi, "O‘rta yo‘lak", Xalqaro Tinchlik va Taraqqiyot uchun Tramp yo‘li loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Har ikki loyiha esa Markaziy Osiyoni Rossiya va Eronga qaram bo‘lmagan yo‘nalishlar orqali Yevropa bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi.
Yevropada joylashgan ayrim mustaqil turkman nashrlari esa Eronning temir yo‘l ko‘prigiga yetkazilgan ziyonning ahamiyatini pasaytirib chiqishgan.
Jumladan, Gollandiyada joylashgan Turkmen News nashri eronlik mutaxassislar ko‘prikni tezda ta’mirlashga tayyor ekanliklari haqida ham yozgan.
Kremlparast "Asia Today" kanali esa, Tehronning javobini yoritarkan, mazkur hujum butun quruqlikdagi yo‘nalishlar bo‘ylab xarajatlarni oshirishi haqida ogohlantirgan.
"O‘zbekiston uchun bu hujum Fors ko‘rfazi portlari va Janubiy Osiyo bozorlariga kirish istiqbollarini xavf ostiga qo‘yadi: Eron yo‘nalishi bo‘ylab yuzaga keladigan xavflar qisqa muddatda bunday logistika stsenariysining ishonchliligiga shubha tug‘diradi", deb ta’kidlagan mazkur kanal.
Keyin buning yo‘lak qamrab olgan boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya uchun nimani anglatishi haqida yozgan.
Rossiya uchun bu voqea dengiz logistikasidagi sanksiyalar va cheklovlar sharoitida u tayanadigan muqobil yo‘nalishlarning zaifligiga ishora qilishini ta’kidlagan.
Eron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi sanoqli an’anaviy ittifoqchilaridan biri bo‘lib kelgan.
Qator kremlparast nashrlarning ayni mazmundagi iddaolariga rasmiy Vashingtonning munosabati imkonli emas.
Ammo Tramp boshchiligidagi bugungi AQSh ma’muriyati bugun aynan ikki yirik Markaziy Osiyo davlati - O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan ko‘p tomonlama, ayniqsa, saydo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish harakatida bo‘lgan tomonlardan biri bo‘ladi.
AQSh Rossiya va Xitoy bilan birga Markaziy Osiyoda ham o‘zining geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaatlariga ega global yadroviy qudratlaridan bittasi sifatida ko‘riladi.
So‘nggi yillarda mintaqada ham geosiyosiy tanglikning qanchalik kuchayib borayotgani aksariyat mintaqa davlatlari poytaxtlarining o‘zlari tomonidan ham e’tirof etilgan voqe’lik bo‘ladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Muqobil yo‘llar ahamiyati

Surat manbasi, AFP via Getty Images
So‘nggi paylarda esa Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning Xitoy orqali sharqqa, Afg‘oniston hududi bo‘ylab Janubiy Osiyoga, Kaspiy va Ozarbayjon yordamida G‘arbga hamda Eron orqali Fors Ko‘rfaziga chiqish orzulari birin-ketin amalga osha boshlayotgandek edi.
Shaksiz, Eron va Afg‘onistondagi notinchliklar ko‘plab yirik loyihalarga yoki rejalarga to‘g‘anoq bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Ammo masalaning ko‘p jihati nizo qanchalik cho‘zilishiga va AQSh-Isroil hujumlaridan keyin Erondagi vaziyat qay tarafga o‘zgarishiga bog‘liq.
Ayni paytda, ochiq dengizlardan uzoqda joylashgan, qariyb bir asr davomida faqat Rossiya yo‘liga bog‘lanib qolgan mamlakat uchun bugun tashqi dunyoga olib chiqadigan yangi yo‘llar ochish, o‘z atrofidagi barcha mintaqalar bilan transport va logistika bobida hamkorlik qilish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish juda muhim.
Bu orzularning amalga oshishi esa qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatga ham bog‘liq bo‘lishi tabiiy.
Shunga qaramay, O‘zbekistonning oxirgi yillardagi rejalari va dadil sa’y-harakatlari nazarda tutilsa, Toshkent ushbu masalada o‘zi tanlagan yo‘ldan osonlikcha ortga qaytadiganga ham o‘xshamaydi.





























