Dayjest: Davrida jinoyatchilik karrasiga oshgan IIV vaziri ishdan ketdi, "Yangi Toshkent"da qanday qilib ish topish mumkin va "keshbek"ning o‘zbekchasi nima bo‘ladi? (Video)

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Dushanba O‘zbekiston IIVni uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan Po‘lat Bobojonov ishdan ketgani haqidagi xabar bilan boshlangan. "Yangi Toshkent" qurilishida e’lon qilingan 8-15 million so‘mlik ishlar bo‘yicha telefonda bog‘lanib bo‘lmayotgani aytilmoqda. Bu va boshqa yangiliklar bilan bugungi dayjestimizda tanishing.

bobojonov

Surat manbasi, IIV

Surat tagso‘zi, Po‘lat Bobojonov 2017 yil sentyabridan beri IIVni boshqarib kelayotgan edi.

Qariyb yetti yarim yildan buyon Ichki ishlar vazirligini boshqarib kelgan Po‘lat Bobojonov ishdan ketgani haqida birinchi bo‘lib doimgidek norasmiy kanallarda tasdiqlanmagan xabarlar paydo bo‘lgan.

Keyinroq bu xabar tasdiqlanib, uning o‘rniga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Aziz Toshpo‘latov rasman yangi IIV vaziri etib tayinlangan.

Bobojonovning o‘zi esa prezidentning kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosariga aylangan. Hozirda, prezidentning kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi – Sirdaryo viloyati sobiq hokimi G‘ofurjon Mirzaev.

Deyarli Mirziyoyev qudratga kelganidan buyon mamlakatdagi eng muhim kuchishlatar tizimlardan biriga rahbarlik qilgan Bobojonovning nega lavozimidan ketgani sabablari hali noma’lum.

Uning vazirlik davrida jamoatchilikning ichki ishlar organlari faoliyatiga nisbatan e’tirozi kuchaygan edi. Faollar, ayniqsa, hibsxonalarda odamlar o‘layotgani va bunday holatlarga vazirlikning ochiq munosabat bildirmasligini tanqidga tutgan.

Rasmiy statistik ma’lumotlarda esa Bobojonov sohaga rahbarlik qilgan yillarda jinoyatchilik ko‘lami sezilarli tarzda oshgani haqida so‘z boradi.

Raqamlarga razm tashlansa, 2020 yildan buyon mamlakatda jinoyatlar soni ikki barobardan ko‘pga oshgan bo‘lsa, birgina 2024 yilda jinoyatchilik 2023 yilga nisbatan 27,1 foizga ko‘paygan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

$3 milliardlik marra

uchrashuv

Surat manbasi, Savdo vazirligi

1 mart kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Surxondaryoda afg‘onistonlik hamkasbi – tan olinmagan Tolibon hukumati savdo vaziri Nuruddin Aziziy bilan uchrashgan.

Chegaradagi "Termiz" xalqaro savdo markazida muloqot qilgan vazirlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilgan hamda o‘zaro savdo hajmini $3 milliardga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olgan.

"Savdo bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoati sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar ko‘rib chiqildi", deyiladi rasmiy xabarda.

"Gaz hali ham chiqmoqda"

gaz koni

Surat manbasi, Skrinshot/Kun.uz

O‘tgan yil sentyabrь oyida Boysundagi konda yuz bergan avariya ortidan vaziyat qariyb o‘zgarmagani, aholi hamon zaharli gazdan azob chekayotgani xabar qilinmoqda.

Voqea joyidan yana bir reportaj tayyorlagan Kun.uz'ning mahalliy odamlar ko‘rsatmasiga tayanib yozishicha, "bolalar orasida allergik kasalliklarga chalinish holatlari oshgan, ayrimlar viloyatning boshqa tumanlariga ko‘chib ketgan, boshqalar esa har ehtimolga qarshi o‘zlari uchun joy hozirlab qo‘ygan".

Odamlarning nashrga bildirishicha, gaz hidi shamol bilan kelmoqda va mas’ullar aholi talablariga befarq munosabatda bo‘lmoqda.

"Kofrun qishlog‘i odamlari mas’ullarning vaziyatga befarqligidan xavotirda. Shu yerda yashovchi fuqaroga ko‘ra, IIO xodimlari OAV va blogerlarga intervyu berayotganlarga turli bosimlar o‘tkazyapti. Bu ayrim blogerlarning yuzni ko‘rsatmaslik va’dasini buzgani ortidan kelib chiqmoqda. Shu sababmi, ba’zilar intervyu berishni istamadi", deyiladi Kun.uz maqolasida.

"Zo‘r taklif"

yangi toshkent

Surat manbasi, Prezident matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Rasmiy xabarga ko‘ra, poytaxt Toshkent yonida 20 ming gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu loyihaga 10 mingga yaqin soha egalari ishga taklif etiladi.

Bandlik vazirligi qurilishda ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun "Yangi Toshkent"da zo‘r taklif borligini e’lon qilgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, poytaxt Toshkent yonida 20 ming gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu loyihaga 10 mingga yaqin soha egalari ishga taklif etiladi.

"Bu yerda betonchi, payvandchi, santexnik, g‘isht teruvchi, elektrik, suvoqchi kabi 38 turdagi yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarga talab mavjud. Oylik ish haqi: 8-15 mln so‘m. Ishchilar yotoqxona, kiyim-kechak, transport xizmati va 3 mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi", ma’lum qilgan vazirlik.

Vazirlik ortidan O‘zbekistonning Rossiya va Turkiyadagi elchixonalari mehnat migrantlariga murojaat bilan chiqib, ularni "vatanda, oila bag‘rida" ishlashga chaqirgan.

Rasmiy e’lonlarda murojaat uchun qisqa raqamlar ham ko‘rsatilgan, ammo Kun.uz'ning yozishicha, odamlar bu raqamlarga sim qoqib, tusha olmayapti.

"Holat yuzasidan izoh olish uchun Bandlik vazirligining matbuot xizmati bilan bog‘landik. Rasmiylarga ko‘ra, qisqa raqam bilan texnik bog‘liq nosozlik kuzatilgan, bu haqda 3 mart kuni ertalab bilishgan", ma’lum qilgan nashr.

"Bruschatka – Yo‘lg‘isht"

skrinshot

Surat manbasi, Skrinshot

Surat tagso‘zi, Bu ro‘yxatdagi xorijiy atamalar bo‘yicha yakuniy qaror emas, ishchi kengash jamoatchilikdan ham o‘z takliflarini ilgari surishni so‘ragan.

Atamalar komissiyasining ishchi kengashi 30 ta xorijiy atamaning o‘zbekcha muqobili bo‘yicha o‘z taklifini jamoatchilik muhokamasi uchun ilgari surgan.

Ro‘yxatda "poverbank", "keshbek", "chelenj", "kuler" kabi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ommalashgan so‘zlar mavjud.

Ishchi kengash "poverbank" uchun "kuchlantirgich", "keshbek" uchun "hadya-qaytim", "chelenj" uchun "chorlov", "kuler" uchun "suvlik" so‘zlarini rasmiy muomalaga kiritishni taklif qilmoqda.

Bu ro‘yxatdagi xorijiy atamalar bo‘yicha yakuniy qaror emas, jamoatchilik mazkur havola orqali o‘tib, o‘z taklifini ilgari surishi mumkin.